Tahliliy nashrlar

outputs_in

Tahliliy nashrlar

07 May 2025

Donald Tramp ma’muriyatidagi kuchlar muvozanati: Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uoltsning ishdan olinishi ortidagi vaziyat

May oyi boshida AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uy Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts va uning o‘rinbosari Aleks Vong ishdan olinganini e’lon qildi.   Ma’lumot uchun: Maykl Uolts — 51 yoshda, AQSh maxsus kuchlari tarkibida Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Afrikada xizmat qilgan sobiq harbiy. U shaxsiy jasorati uchun bir qancha davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Ilgari Oq uy va Pentagon tizimlarida faoliyat yuritgan, 2018 yilda AQSh Kongressining quyi palatasiga saylangan. Aleks Vong esa Trampning birinchi ma’muriyati davrida Koreya masalalari bo‘yicha maxsus vakil o‘rinbosari lavozimida ishlagan.   Ularning ishdan olinishi ortida Uolts tomonidan Milliy xavfsizlik kengashida maxfiy operatsiyalar muhokamasida ochiq aloqa kanallaridan foydalanilgani fosh bo‘lgani turibdi. Shuningdek, Uoltsning Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi, Binyamin Netanyaxu bilan doimiy muloqoti hamda Eronga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirishga urinishlari Prezident Trampning “urushlarni tugatish, yangilarini boshlamaslik” haqidagi saylovoldi va’dalariga zid bo‘lgan. Uoltsning ishdan olinishi yumshatish maqsadida uning nomzodi BMTdagi AQSh elchisi lavozimiga ilgari surildi.   Milliy xavfsizlik maslahatchisi vazifasini vaqtincha Davlat kotibi Marko Rubio bajarib turibdi. U Trampning ishonchini chuqur hurmat, shartsiz sadoqat va har dam olish kunlari Prezident bilan norasmiy suhbatlar uchun uchrashuvlari orqali qozongan.   Uolts o‘rniga asosiy nomzodlardan biri sifatida Trampning uzoq yillik do‘sti va golfdagi sherigi Stiven Uitkoff tilga olinmoqda. Tashqi siyosat bo‘yicha mutaxassisligi va tajribasi bo‘lmasa-da, Trampning shaxsiy ishonchini qozongan Uitkoff hozirda Isroil, HAMAS, Ukraina, Rossiya va Eron bilan muzokaralarni bir vaqtning o‘zida olib borayotgan shaxs sifatida Davlat departamentining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.   Shu bilan birga, Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimiga asosiy da’vogar sifatida Oq uy ma’muriyat rahbarining o‘rinbosari Stiven Miller tilga olinmoqda. Miller – Trampning keskin migratsion siyosatining muallifi bo‘lib, Prezidentning eng ishonchli va uzoq yillik yordamchilaridan biri hisoblanadi. Hozirda u sud tinglovlarisiz noqonuniy muhojirlarni darhol deportatsiya qilish tashabbusini faol ilgari surmoqda. Ichki xavfsizlik kengashi aynan uning rahbarligida “soatdek ishlayotgani” va “ancha kichik jamoaga ega bo‘lishiga qaramay, Milliy xavfsizlik kengashidan ko‘ra samaraliroq ekani” haqida ichki manbalar ta’kidlashmoqda. Tramp o‘zining eng yaqin ishonchli kishilar doirasiga tayangan holda, ular zimmasiga bir nechta funksiyalarni yuklashga moyil bo‘lgani sababli, Miller bir vaqtning o‘zida bir necha lavozimni egallashi ehtimoldan holi emas.   Milliy xavfsizlik sohasidagi o‘zgarishlar Oq uy uchun nozik bir pallada ro‘y bermoqda. Vashingtondagi insayderlar ta’kidlashicha, Uoltsning ketishi Tramp ma’muriyati ichida inavguratsiyadan buyon davom etib kelayotgan ziddiyatlar natijasidir. Bu ichki kurashda shartli “neokonservatorlar” deya atalayotgan “jasur”lar guruhi, jumladan, Uolts, va vitse-prezident Jey Di Vens atrofida to‘plangan “neoisolationistlar” qarama-qarshi turmoqda. Biroq bu atamalar Tramp jamoasidagi hokimiyat dinamikasining murakkab tabiatini to‘liq aks ettirmaydi.   Trampning ikkinchi prezidentlik muddati uning atrofidagi odamlarning ochiq sadoqati bilan ajralib turadi. Biroq bu birlik pardasi ortida qudrat uchun kurashayotgan uchta aniq guruh mavjud. Birinchi guruh — “Make America Great Again” (MAGA) harakatining qat’iy tarafdorlari bo‘lib, ular AQShni urushlarga va iqtisodiy og‘irliklarga olib keladigan murakkab xalqaro ittifoqlarga chuqur shubha bilan qaraydi. Bu guruhga vitse-prezident J.D. Vens, Prezidentning o‘g‘li Donald Tramp Jr. (ilgari bu rolni Ivanka va Jared Kushner bajargan) hamda Trampning yaqin do‘sti bo‘lgan ultrao‘ng jurnalist va teleboshlovchi Laura Lumer kiradi. Aynan uning tavsiyasi bilan yaqinda AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (elektron razvedka) rahbari T. Xou ishdan olingani ushbu guruh ta’sirining kuchini ko‘rsatadi.   Ikkinchi guruh – bu an’anaviy respublikachi internatsionalistlar, neokonservatorlar. Bu guruhda Uolts, Rubio hamda Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) direktori Jon Retklif muhim o‘rin egallaydi. Ular yuqori lavozimlarga ega bo‘lsalar-da, Trampga nisbatan cheklangan ta’sirga egadirlar.   Uchinchi, balki eng muhim guruhni “oligarklar” deb atash mumkin. Bular — Trampning yaqin do‘stlari bo‘lgan milliarderlardir. Bu ro‘yxat boshida Uitkoff turadi. Undan keyin moliya va savdo vazirlari sifatida Stiv Bessent va Govard Lutnik, shuningdek, “Davlat samaradorligi departamenti” rahbari sifatida Elon Musk tilga olinadi.   Prezident Tramp atrofidagi bu uchlik doira hozirgacha mustahkam saqlanib kelgan bo‘lsa-da, guruhlar orasidagi yashirin keskinlik yaqqol tus ola boshladi va bu ichki muvozanatni izdan chiqardi. Bu to‘qnashuvda ilk jiddiy qurbon aynan Maykl Uolts bo‘ldi. Uni yo‘q qilishga turtki bo‘lgan holat — Tramp tarafdori bo‘lgan “New York Post” gazetasida chop etilgan “S. Uitkoff Eronga va Rossiyaga muzokaralar olib borishi kerak emas — deydi ittifoqchilar va insayderlar” sarlavhali maqola bo‘ldi.   Ushbu maqolada Trampning sobiq yordamchisi Uitkoffni “yaxshi yigit, ammo no‘noq ahmoq” deb atagan. Shuningdek, Isroil tarafdori bo‘lgan “Demokratiyani himoya qilish jamg‘armasi” (FDD) vakillarining Uitkoffning Eron bilan muzokaralardagi roli yuzasidan tanqidlari ham keltirilgan. Mazkur maqolaga tezkor javob MAGA harakati vakili va Tramp Jr. bilan doimiy chiqishlar qiladigan Charli Kirk tomonidan berildi: “FDD Uitkoffga qarshi kampaniya yuritmoqda. Ular Prezident Trampning mavqeini yemirish va Eron bilan bitimni buzishga ochiq chaqirmoqda. Uitkoffga qarshi kuchlar — bu MAGA harakatining dushmanlari”, — dedi u.   Mazkur ichki ziddiyatlar Tramp ma’muriyati Eron va Rossiya bilan tinchlik bitimlarini tuzishga harakat qilayotgan, shu bilan birga Isroil, Ukraina va Yevropadagi ittifoqchilar xavfsizligini saqlab qolishga urinayotgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Uolts, shuningdek, uning o‘rnini vaqtincha egallagan Rubio an’anaviy respublikachilarning tashqi siyosatdagi ustunlariga aylangan. Biroq barcha ichki kurashlarga qaramay, Trampning o‘zi o‘z ma’muriyatidagi asosiy qaror qabul qiluvchi markaz sifatida qolmoqda.   Bu hafta Tramp Rossiyaga nisbatan pozitsiyasini keskinlashtirib, Ukraina bilan xavfsizlik bitimini imzoladi. U ilgari Prezident Vladimir Putinni jiddiy muzokaralarga undash uchun Rossiyaga nisbatan sanksiyalar kiritish bilan tahdid qilgan edi. U shuningdek, Rossiya bank sektoriga va “ikkilamchi sanksiyalar”ga ham ishora qildi.   Trampning bu bayonotini respublikachi senator Lindsi Grem qo‘llab-quvvatladi. U, ikki partiya qo‘lloviga ega bo‘lgan qonun loyihasiga 72 senator imzo qo‘yganini ma’lum qildi. Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, agar Putin urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlamasa, Rossiyaga nisbatan “halokatli” sanksiyalar joriy etiladi. Xususan, Rossiya neft, gaz va uranini xarid qilayotgan mamlakatlardan AQShga importga 500% tariflar kiritilishi ko‘zda tutilgan. Agar Tramp uni ma’qullasa, qonun Senatda ovozga qo‘yiladi.   Xulosa qilib aytganda, Milliy xavfsizlik sohasidagi kadrlar almashinuvi oddiy o‘zgarish emas, balki Tramp ma’muriyati ichidagi chuqur mafkuraviy tafovutlarni aks ettirmoqda. Tashqi siyosatda tajovuzkor yondashuv tarafdorlari va ehtiyotkorlik tarafdorlari o‘rtasidagi kurash Oq uyda qaror qabul qilish tizimining beqarorligidan дарак беради. Tashqi tahdidlar kuchayib borayotgan bir paytda bunday ichki parokandalik AQSh milliy xavfsizligi samaradorligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

07 May 2025

Afg‘oniston hukumati avtomobil va temir yo‘l loyihalarini ilgari surishni tezlashtirmoqda

Nargiza Umarovaning yangi tadqiqoti shakllanayotgan transkontinental savdo tizimi doirasida Afg‘onistonning potensial tranzit markazi sifatidagi o‘zgarayotgan rolini har tomonlama tahlil qiladi. Toliblar boshqaruvi ostida Afg‘oniston hukumati mintaqaviy bog‘liqlikka urg‘u bergan holda infratuzilmani rivojlantirishga amaliy va qat’iyatli yondashuv qabul qildi. Uning ta’kidlashicha, asosiy mintaqaviy o‘yinchilar – xususan, O‘zbekiston, Turkmaniston va Eron – Janubiy Osiyo va jahon bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish maqsadida Afg‘oniston hududidan o‘tadigan ulkan temir yo‘l loyihalarini qayta tiklamoqda yoki kengaytirmoqda. Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘li (“Kobul yo‘lagi”) va g‘arbiy Qandahor yo‘nalishi bu rejalardagi asosiy yo‘nalishlardir.   Muallif O‘zbekistonning Kobul yo‘lagi kabi tashabbuslarni ilgari surishdagi yetakchi rolini ta’kidlab, uning Markaziy Osiyoning savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish intilishining markazi sifatida o‘zini namoyon etayotganini ko‘rsatadi. Turkmanistonning Qozog‘iston bilan parallel g‘arbiy yo‘lakni yaratish bo‘yicha hamkorligi va Eronning Xof-Hirot va Zohidon-Zaranj liniyalari qurilishini yakunlashga intilishi ko‘plab mintaqaviy o‘yinchilarning Afg‘onistonni iqtisodiy integratsiya kanali sifatida qabul qilishini aks ettiradi. Umarova Yevroosiyoning hozirgi logistika xaritasini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan, Eron, Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Xitoyni bog‘laydigan taklif etilayotgan “Besh millat yo‘li” haqida batafsil ma’lumot beradi. Maqolada, shuningdek, Eronning Vaxan yo‘lagi orqali Xitoyning Shinjon o‘lkasiga chiqish uchun afg‘on yo‘llaridan foydalanishga intilayotgani, ammo bu hozircha haqiqatdan ko‘ra ko‘proq orzu ekanligi ta’kidlanadi.   Tenglamaga Rossiyaning kiritilishi o‘sib borayotgan murakkablikka strategik qatlam qo‘shadi. Kremlning Afg‘onistonni yangi temir yo‘llar orqali Shimol-Janub xalqaro transport yo‘lagi bilan bog‘lashga bo‘lgan qiziqishi ayniqsa muhimdir. O‘zbekiston va Turkmaniston bilan hamkorlikda Sharqiy va G‘arbiy Afg‘oniston temir yo‘l yo‘nalishlarini yaratish bo‘yicha Rossiya tashabbuslari Moskvaning janubga, Pokiston va Hind okeaniga logistika oqimiga ulanish niyatini aks ettiradi. Biroq, ekspert haqli ravishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan bu ma’lumotlar tasdiqlanmaganini ta’kidlaydi, bu esa yuqori darajadagi siyosiy qo‘llab-quvvatlash mavjud bo‘lsa-da, amalga oshirish tafsilotlari hali aniqlanmaganini ko‘rsatadi.   Xulosa qilib, Nargiza Umarova keng qamrovli strategik hisob-kitobga to‘xtalib, xavfsizlik muammolari, ayniqsa Pokiston yo‘nalishida, mintaqaviy afzalliklarni Kobul yo‘lagidan uzoqroq, ammo ehtimol barqarorroq bo‘lgan Qandahor yo‘nalishiga o‘tkazishi mumkinligini ta’kidlaydi. Shuningdek, u mintaqaviy muvofiqlashtirish bo‘lmasa, ko‘plab raqobatdosh loyihalar infratuzilmaning tarqoq rivojlanishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlaydi. Muvofiqlashtirish va qo‘shma investitsiyalar, ayniqsa O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston tomonidan, muvaffaqiyatga erishish uchun zarur shartlar sifatida qaraladi. Maqola ehtiyotkor optimistik ohangda yakunlanadi: agar manfaatdor tomonlar o‘z sa’y-harakatlarini samarali muvofiqlashtira olsa, Afg‘oniston dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mojaro hududidan Yevroosiyoning markaziy qismini global savdo yo‘llari bilan bog‘laydigan muhim logistika yo‘lagiga aylanishi mumkin.   Bourse & Bazaar Foundation veb-saytida o‘qing   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

01 May 2025

“Katta Markaziy Osiyo” uchun yangi Amerika strategiyasi haqida

Amerika tashqi siyosat kengashi va unga aloqador Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti 2025-yil aprelda “Katta Markaziy Osiyo uchun Amerika strategiyasi” nomli ma’ruza tayyorladi. Ta’kidlash joizki, mintaqada ko‘p yillik tajribaga ega nufuzli ekspertlar jamoasi, F. Starr, E. Uimbush va S. Kornell kabi taniqli mutaxassislar tomonidan tayyorlangan ushbu hujjat Vashingtonning keng Markaziy Yevrosiyo hududiga nisbatan yaxlit va yangilangan yondashuvini shakllantirishga qaratilgan.   Strategiyaning asosiy maqsadi mintaqada AQShning raqobatbardosh mavqeini mustahkamlashdan iborat. Mualliflarning fikricha, bu mintaqa Rossiya-Xitoy munosabatlari dinamikasiga, Osiyodagi geosiyosiy raqobatga va asosiy xomashyo bozorlariga, ayniqsa uran, neft va tabiiy gaz sohalarida sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ochiq kirish imkoniyatini ta’minlab, potensial xavfsizlik xatarlarini kamaytiradi.   Ma’ruzaning asosiy konseptual yangiligi AQSH mintaqaviy strategiyasining geografik qamrovini qayta ko‘rib chiqishdir. Bu 2000-yillar boshida ishlab chiqilgan “Katta Markaziy Osiyo” atamasini qayta brend qilishda namoyon bo‘ladi.   Ushbu konsepsiya Markaziy Osiyoning an’anaviy amerikacha (va tarixan sovetcha) tushunchasini, ya’ni beshta respublika bilan chegaralangan hududni, Ozarbayjonni ham majburiy ravishda kiritish orqali sezilarli darajada kengaytirishni nazarda tutadi. Bu muloqot platformasini “C6+1” formatiga o‘zgartirish taklifida o‘z aksini topgan. Bundan tashqari, strategiya Gruziya, Armaniston va Mo‘g‘uliston kabi qo‘shni davlatlarni ham ushbu markaziy qism bilan chambarchas bog‘liqlikda ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlaydi. Bu mamlakatlar qanot vazifasini bajarib, transport tugunlari, portlar va umumiy iqtisodiy manfaatlar orqali “hayotiy muhim qo‘llab-quvvatlash”ni ta’minlaydi.   Afg‘onistonga alohida e’tibor qaratiladi. Uni dastlab chetki element sifatida, ammo kelajakda mintaqaning “organik yaxlitligi”ga qo‘shilish istiqboli bilan ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. Bu esa ushbu mamlakatga nisbatan Amerika yondashuvini faqat muammolarga qaratilgan siyosatdan geosiyosiy jihatdan integratsiyalashgan yondashuvga o‘zgartirish urinishini anglatadi. Shunday qilib, Amerika strategik qarashlarida mintaqaviy makonning o‘ziga xos konseptual qayta qurilishi amalga oshirilmoqda. Bu, mualliflarning fikriga ko‘ra, zamonaviy voqeliklar va AQSh manfaatlariga ko‘proq mos keladigan yangi geosiyosiy va geoiqtisodiy hamjamiyatni shakllantirishga qaratilgan.   Hujjatga ko‘ra, Amerikaning Katta Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi Vashingtonning asosiy tashvishlarini aks ettiruvchi to‘rtta muhim vazifani hal qilishga qaratilgan. Birinchidan, bu yadroviy kuchlar (Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston) va yadroviy salohiyatga ega davlatlar (Turkiya) o‘rab olgan mintaqada Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishi bilan bog‘liq xavflarni boshqarishdir. Bu har qanday mojaroning ehtimolini oshiradi. Ikkinchidan, AQSH investitsiyalari va xususiy sektor tomonidan foyda olish imkoniyatlarini ta’minlashga pragmatik qiziqish e’lon qilinmoqda. Bu ayniqsa, muhim transport yo‘laklarini (jumladan, “O‘rta yo‘lak” deb ataladigan) o‘zlashtirish va mintaqaning boy tabiiy resurslariga – uran, nodir metallar, litiy va boshqa strategik materiallarga kirish imkoniyatini olishga taalluqli. Bu resurslar, xususan, Qozog‘iston va O‘zbekistonda ko‘p. E’tiborga loyiq jihati shundaki, nafaqat AQSH va uning ittifoqchilari uchun imtiyozli foydalanish imkoniyatini olish, balki amerikalik raqiblar, birinchi navbatda, Xitoy uchun ushbu resurslardan foydalanishni cheklash qobiliyatiga ega bo‘lish vazifasi ham qo‘yilmoqda. Uchinchidan, ham mahalliy, ham tashqaridan (Afg‘oniston, Eron, Pokiston orqali) kirib kelgan islom terrorizmiga qarshi kurashga e’tibor saqlanib qolmoqda. Bu faol kuzatuvni va mintaqa mamlakatlari bilan yaqin hamkorlikni talab qiladi. To‘rtinchidan, strategiya AQSh tashqi siyosatining asosiy geosiyosiy raqib sifatida ko‘rilayotgan Xitoyni tiyib turishga qaratilgan global yo‘nalishi bilan bevosita bog‘liq. Katta Markaziy Osiyo bu raqobatda muhim tugun sifatida ko‘riladi. Bu yerdan Xitoyning Yevropa va Yaqin Sharqqa yo‘llari o‘tadi hamda Xitoy, Rossiya va Eron strategiyalari geosiyosiy jihatdan bog‘lanadi. Bu esa mintaqani Amerika ta’siriga moyil va samarali jalb qilish orqali shakllanadigan maydonga aylantiradi.   Qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun ma’ruza mualliflari bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha guruhlash mumkin bo‘lgan aniq siyosiy choralar va vositalar to‘plamini taklif qiladilar. Ma’muriy-byurokratik sohada AQSH idoralari va elchixonalari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Milliy xavfsizlik kengashi apparatida Prezidentning Katta Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisini tayinlash tavsiya etiladi. Shuningdek, Davlat departamenti va boshqa tuzilmalarda institutsional qayta tashkil etish orqali yagona mintaqaviy yondashuvni amalga oshirish uchun ichki to‘siqlarni bartaraf etish taklif qilinadi.   Iqtisodiy sohada AQSH – Katta Markaziy Osiyo nodavlat ishbilarmonlar kengashini tuzish taklif etilmoqda. Bu kengash viza tartiblarini birxillashtirish, chegara jarayonlarini soddalashtirish, aloqalarni rivojlantirish va savdoni standartlashtirish uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga, savdo yo‘laklarini boshqarish va investitsiyalarda Amerika xususiy sektorining manfaatlarini faol ilgari suradi.   Xavfsizlik sohasida Katta Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizlik tuzilmasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu tuzilma razvedka ma’lumotlarini almashish, terrorizmga qarshi hamkorlik va qo‘shma tashabbuslar uchun mo‘ljallangan. Bunda tahdidlar va yondashuvlarning umumiy tushunchasini shakllantirish maqsadida mavjud Amerika harbiy va xavfsizlik mutaxassislarini tayyorlash markazlari (masalan, J. Marshall markazi) faol qo‘llaniladi.   “Yumshoq kuch” vositalariga katta e’tibor qaratiladi: AQShda va mintaqa ichida ta’lim va kasbiy dasturlar orqali shakllanayotgan elitalarni jalb qilishni tezlashtirish, shuningdek, Vashington nuqtai nazarini yanada samarali yetkazish va ingliz tilini targ‘ib qilish uchun mintaqaviy OAVni (ingliz va mahalliy tillarda) qo‘llab-quvvatlash. Nihoyat, umumiy manfaatlardan foydalanish uchun do‘st davlatlar (Yevropa, Yaponiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston) bilan maslahatlashish va muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlanadi.   Taklif etilayotgan strategiyaning e’tiborga molik jihati uning aniq pragmatizmi va hisobot mualliflari AQShning global kun tartibiga yetarli darajada kiritilmagan va tarqoq deb tanqid qilgan oldingi yondashuvlardan voz kechishidir. Amerika imkoniyatlarining obyektiv cheklovlarini (Bir makon, bir yo‘l doirasida Xitoy investitsiyalari bilan raqobatlasha olmaslik yoki NATOga a’zolik kabi qat’iy xavfsizlik kafolatlarini bera olmaslik) tan olgan holda, strategiya yanada moslashuvchan va ko‘pincha bilvosita ta’sir usullariga e’tibor qaratadi.   Mintaqa mamlakatlari hukumatlari bilan hamkorlikda ishlash, ularga ta’sir o‘tkazish obyekti emas, balki strategiyani amalga oshirishning asosiy vositasi sifatida qarash zarurligi alohida ta’kidlangan. Hamkorlikning dastlabki shartlari sifatida demokratlashtirish va inson huquqlariga rioya qilishni ilgari surishdan voz kechish, buning o‘rniga barqarorlik, iqtisodiy farovonlik va tashqi dunyoga ochiqlikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat berish, siyosiy erkinliklar vaqt o‘tishi bilan iqtisodiy rivojlanish ortidan kelishi mumkin degan taxminga asoslanish juda e’tiborga loyiqdir.   Bundan tashqari, strategiya Katta Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zlari tomonidan (ASEAN yoki Shimoliy kengash misolida) maxsus mintaqaviy institutlarni shakllantirishni rag‘batlantirishga e’tibor qaratadi. Bu institutlar ularning jamoaviy subyektligi va tashqi hukmronlikka bardoshliligini kuchaytirishi kerak, bunda AQShga sherik, ammo bu tuzilmalarning ishtirokchisi bo‘lmagan rol ajratiladi.   Xulosa qilib aytganda, taqdim etilgan ma’ruza keng talqin etilayotgan Katta Markaziy Osiyo mintaqasiga nisbatan Amerika siyosatining yangilangan, ko‘proq geosiyosiy yo‘naltirilgan konsepsiyasini shakllantiradi. Ushbu konsepsiya mintaqani Qo‘shma Shtatlarning, birinchi navbatda Xitoy bilan, ammo yashirin tarzda Rossiya bilan ham strategik raqobatining asosiy maydonlaridan biri sifatida aniq ko‘rsatadi. Geosiyosiy va iqtisodiy maqsadlarga erishish uchun zudlik bilan demokratlashtirish o‘rniga mavjud rejimlar bilan ishlashga e’tibor qaratish Amerika tashqi siyosatining ushbu yo‘nalishdagi ustuvor yo‘nalishlarida mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni ko‘rsatadi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

01 May 2025

AQShning Afg‘onistondagi siyosati evolyutsiyasi: terrorizmga qarshi kurashdan strategik hamkorlikka

O‘zining yangi tahliliy maqolasida doktor Islomxon Gafarov toliblar hokimiyatga qaytganidan so‘ng Vashingtonning Afg‘onistonga nisbatan o‘zgaruvchan strategiyalarini ko‘p qirrali tahlil qilib beradi. U Amerika siyosatining to‘rtta asosiy bosqichini ajratib ko‘rsatadi – terrorizmga qarshi kurashdan tortib siyosiy ajralish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarga qadar – izchil uzoq muddatli istiqbol yo‘qligini ta’kidlaydi. Bu bosqich Vashingtonning milliy xavfsizlik masalalarini keng ko‘lamli hamkorlikdan doimo ustun qo‘yganini aks ettiradi.   Ikkinchi bosqich strategik ajralish bilan ajralib turdi: Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonning ichki siyosatidan uzoqlashdi va TAPI hamda CASA-1000 kabi infratuzilma loyihalarida ishtirokini to‘xtatdi. Biroq, Tramp ma’muriyati ikki tomonlama siyosat yurita boshladi – qisman MAGA kampaniyasi bayonotiga muvofiq ritorik va qisman strategik yo‘nalishda, 2020-yil o‘rtalariga kelib Tolibon vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Bu o‘zgarish, ayniqsa, AQShning Xitoy bilan raqobati sharoitida Afg‘onistonning doimiy geosiyosiy ahamiyatini anglashini ko‘rsatdi.   Doktor Gafarovning ta’kidlashicha, AQShning hozirgi yondashuvi Tolibon tomonidan inson huquqlari buzilishini so‘zda qoralashni pragmatik hamkorlik bilan birlashtiradi, jumladan, yaqinda Tolibon rasmiylari bilan yuqori darajadagi muloqotlardan so‘ng amerikalik garovga olingan shaxsning ozod etilishi bunga misol bo‘ladi. Ushbu qadamlar qisman Xitoyning Afg‘onistondagi ta’siri kuchayib borayotgani va AQShning strategik muhim mintaqadagi nufuzini qayta tiklash zarurati tufayli siyosatning puxta qayta ko‘rib chiqilayotganidan dalolat beradi. Toliblar, o‘z navbatida, muzokaralarda tenglikni talab qilib, Amerika uskunalarini qaytarishdan ham, muzlatilgan afg‘on aktivlarini shartli ravishda ozod qilishdan ham bosh tortmoqda, bu ularning o‘zlarini bo‘ysunuvchi emas, balki suveren kuch sifatida ko‘rsatish niyatidan dalolat beradi.   Kelajak ssenariylarini ko‘rib chiqishda muallif ikkita mumkin bo‘lgan yo‘nalishni ajratib ko‘rsatadi: toliblar safidagi ichki o‘zgarishlarga asoslangan kutish siyosati (xususan, mafkuraviy jihatdan qat’iy Oxundzodadan ko‘ra pragmatikroq Sirojiddin Haqqoniyga ustunlik beriladi) yoki Xitoy ta’siriga qarshi turish uchun muzlatilgan afg‘on aktivlari kabi iqtisodiy vositalardan foydalanish. Ikkala ssenariy ham Afg‘onistonning kengroq geosiyosiy raqobatda, ayniqsa Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi vosita rolini ta’kidlaydi. E’tiborga loyiq jihati shundaki, AQShning yaqinda Haqqoniy uchun mukofotni bekor qilishi Tolibonning murosaga moyilroq guruhlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha tanlab olingan strategiyaga ishora qilishi mumkin.   Nihoyat, tahlilda O‘zbekiston AQSH-Tolibon munosabatlarini tiklashda asosiy vositachi sifatida ko‘rsatiladi. Toshkentning ham Vashington, ham Kobul bilan strategik aloqalari, betaraf pozitsiyasi va harbiy logistika sohasidagi hamkorligini hisobga olsak, O‘zbekiston diplomatik munosabatlarni tiklash uchun qimmatli ko‘prik bo‘lishi mumkin. Mintaqaviy barqarorlik borasidagi umumiy qarashlar, O‘zbekistonning Afg‘onistondagi yaqinligi va ta’siri bu imkoniyatni mustahkamlaydi. Umuman olganda, doktor Gafarovning xulosasiga ko‘ra, AQSH siyosatining beqaror rivojlanishi nafaqat Tolibon boshqaruvining murakkabligini, balki Vashingtonning me’yoriy majburiyatlarni geostrategik imperativlar bilan murosaga keltirish uchun kengroq kurashini ham aks ettiradi.   Kun.uz’da o‘qing   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

04 Aprel 2025

“Oʻzbekiston Neft va gaz” yetakchi energetika nashri JIDU huzuridagi IXTI Energetika diplomatiyasi va geosiyosati markazi faoliyatini yoritdi

“Oʻzbekiston Neft va gaz” ilmiy-texnik jurnalining 2025-yilgi 1-sonida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI)ning Energetika diplomatiyasi va geosiyosati markaziga bag‘ishlangan maqola chop etildi. Ushbu nashr global siyosatda energetika diplomatiyasining ahamiyati tobora ortib borayotganini qayd etib, Markazning ushbu sohadagi zamonaviy tendensiyalarni ilmiy jihatdan tushunishga qo‘shayotgan hissasini ta’kidlaydi.   Maqolada Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari ko‘rsatilgan bo‘lib, ularga dunyoning yetakchi davlatlari energetika strategiyalarini tahlil qilish, energetika sohasidagi transmilliy hamkorlik istiqbollari, shuningdek, global energetika jarayonlarining Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti va siyosatiga ta’siri kabi masalalar kiradi. Materialda energetika xavfsizligi, barqaror rivojlanish va O‘zbekistonning xalqaro energetika tashabbuslaridagi o‘rni masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.   Ta’kidlanishicha, IXTIning Energetika diplomatiyasi va geosiyosati markazi energetika sohasidagi siyosatchilar va mutaxassislar uchun strategik tavsiyalar ishlab chiqishga ko‘maklashadigan muhim ilmiy-tahliliy platforma hisoblanadi. Markaz olib borayotgan tadqiqotlar energetika sohasidagi hamkorlikning geoiqtisodiy jihatlarini, jumladan, infratuzilmani rivojlantirish, energiya tranziti masalalari va bu sohadagi geosiyosiy muammolarni yoritib beradi.   O‘zbekistonning yetakchi ixtisoslashgan jurnalida maqolaning nashr etilishi energetika diplomatiyasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning ahamiyati tan olinganidan dalolat beradi. “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ta’sis etilgan “Oʻzbekiston Neft va gaz” jurnali mamlakatimiz neft va gaz sohasini qamrab oluvchi yagona ixtisoslashgan nashr bo‘lib, uning mutaxassislar orasidagi nufuzi chop etilgan materialning ahamiyatini yana bir bor ta’kidlaydi.   Jurnal nafaqat global energetika geosiyosati bo‘yicha ilmiy munozaralarni kengaytiradi, balki tadqiqot tashkilotlari, sanoat korxonalari va davlat sektori o‘rtasida ekspertlar muloqotini shakllantirishga ham xizmat qiladi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

04 Aprel 2025

Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti 2025: hamkorlikning yangi bosqichi

Mushtariy Usmonova va Fazliddin Djamalov hammuallifligidagi tahliliy maqolada kelgusi Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo sammiti har tomonlama tahlil qilingan. Mualliflar sammitni Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdagi eng muhim voqea sifatida ta’kidlab, uni 2023-yilda Cholpon-Otada bo‘lib o‘tgan uchrashuv kabi avvalgi uchrashuvlarga asoslanganligi haqida yozadilar. Maqolada YeIning “Global Gateway” strategiyasi iqtisodiy va infratuzilmaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyati, shuningdek, YeIning global tahdidlar sharoitida mintaqaning asosiy hamkori sifatidagi o‘rni ko‘rsatib o‘tilgan.   YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarning tarixiy konteksti Ipak yo‘li davriga borib taqaladi va TACIS dasturi hamda YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi kabi postsovet hamkorliklari davomida rivojlangan. Maqolada savdo va investitsiyalarning strategik ahamiyati alohida ta’kidlangan: 2024-yil oxiriga kelib YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo hajmi 54 milliard yevrodan oshishi, YeI esa energetika, infratuzilma va texnologiyalar kabi sohalarda yirik investorga aylanishi kutilmoqda. Mualliflar Yevropaning mintaqada iqtisodiy barqarorlikka intilishini aks ettiruvchi muhim kelishuvlarni yoritadilar, jumladan, muhim xomashyo yetkazib berish bo‘yicha 3 million yevrolik bitim va Tojikiston energetika tizimini modernizatsiya qilish uchun 20 million yevrolik investitsiya granti.   Infratuzilma va aloqalarga, xususan, YeIning Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini (TXTY) qo‘llab-quvvatlashiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu loyiha uchun mintaqada tranzit aloqalarini rivojlantirishga 10 milliard yevro ajratilishi va’da qilingan. Maqolada, shuningdek, YeI o‘zaro hamkorligining geosiyosiy qiyinchiliklari, jumladan, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va Xitoy bilan strategik raqobat bilan bog‘liq muammolar muhokama qilinadi. Bundan tashqari, Erasmus+ dasturi va YeI tomonidan moliyalashtiriladigan til markazlari kabi madaniy va ta’lim almashinuvlarining uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish vositasi ekanligi ta’kidlangan.   Nashrda sammit Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-madaniy sohalarda rivojlantirishda burilish nuqtasi bo‘lishi ta’kidlangan. Uchrashuvdan kutilayotgan kelishuv va tashabbuslar mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash va YeI bilan integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lidagi asosiy qadamlar sifatida baholanmoqda. Maqola mualliflari iqtisodiy rivojlanish, infratuzilma va madaniy hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqib, sammit sheriklikni kengaytirilgan va maqsadli hamkorlikning yangi bosqichiga olib chiqishini ta’kidlaydilar.   Uwed.uz saytida o‘qing   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.