Tahliliy nashrlar

outputs_in

Tahliliy nashrlar

27 Yanvar 2025

Markaziy Osiyodagi mintaqaviy nodavlat tashabbuslarini ko‘rib chiqish va tahlil etish

Ushbu tahliliy hisobot PeaceNexus jamg‘armasi ko‘magida Afg‘oniston va Janubiy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari Hamza Boltayev bilan hammualliflikda tayyorlangan bo‘lib, unda Markaziy Osiyodagi mintaqaviy nodavlat tashabbuslarining chuqur tahlili taqdim etilgan. Tadqiqotda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonlik tadqiqotchilarning fikrlari to‘planib, mintaqada fuqarolik jamiyati sa’y-harakatlarining rivojlanishi, muammolari va muvaffaqiyat omillari o‘rganilgan.   Iqlim o‘zgarishi, gender masalalari, din, migratsiya va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish kabi mavzularga e’tibor qaratib, tadqiqot nodavlat notijorat tashkilotlarning hamkorlikni rivojlantirish, umumiy zaiflik muammolarini hal qilish va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash uchun qo‘llaydigan strategiyalarini baholaydi. Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) mos keladigan hamda madaniy, ekologik va iqtisodiy hamkorlik orqali mintaqaviy o‘ziga xoslikni rivojlantirishga ko‘maklashadigan tashabbuslar alohida e’tiborga olingan.   PeaceNexus jamg‘armasining ushbu tadqiqotni qo‘llab-quvvatlashdagi roli uning nizolarga sezgir muammolarni hal etish va barqaror tinchlikka ko‘maklashishda nodavlat tashkilotlar salohiyatini mustahkamlashga bo‘lgan sadoqatini ta’kidlaydi. Hamza Boltayevning materiallarida diniy muloqot sohasidagi yutuqlar va inklyuzivlik hamda birdamlikni mustahkamlashda sportning roliga alohida e’tibor qaratilgan.   Yakuniy qismda siyosatchilar, fuqarolik jamiyati va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar uchun mintaqaviy tarmoqlarni kengaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlari va hukumat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikning barqaror strategiyalarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi. Bu ma’ruza butun Markaziy Osiyoda barqarorlik, hamjihatlik va tinchlik qurishni mustahkamlashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.   Hisobot bilan tanishing   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

16 Yanvar 2025

Rossiya Afg‘onistonga transport yo‘nalishlarini kengaytirishga intilmoqda

Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining katta ilmiy xodimi Nargiza Umarova The Jamestown Foundation nashrida e’lon qilingan yangi maqolasida Moskvaning Afg‘oniston bilan qo‘shimcha transport aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha kengayib borayotgan sa’y-harakatlarini tahlil qiladi va bu tashabbuslar Rossiyaning keng qamrovli geosiyosiy hamda iqtisodiy maqsadlarini qanday aks ettirishini tushuntiradi. Muallifning fikricha, G‘arb sanksiyalari Rossiyaning ko‘plab jahon bozorlariga kirishini cheklagan bir paytda Kreml muqobil savdo yo‘llarini ta’minlashga harakat qilmoqda. Afg‘oniston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, Rossiya rasmiylari nafaqat sanksiyalar ta’sirini yumshatishga umid qilmoqda, balki Markaziy Osiyodagi asosiy tranzit yo‘laklarida o‘z ta’sirini mustahkamlashga intilmoqda.   Afg‘onistonda temir yo‘l va avtomobil infratuzilmasini kengaytirish orqali Moskva o‘zini mintaqadagi asosiy o‘yinchi sifatida namoyon etishi, Tolibon hukumatiga ta’sir ko‘rsatishi va o‘zining janubiy chegaralari bo‘ylab tovarlar, odamlar oqimi hamda xavfsizlikka tahdidlarni tartibga solishi yoki hech bo‘lmaganda nazorat qilishi mumkin. Umuman olganda, Nargiza Umarova ta’kidlashicha, ushbu transport va savdo kengayishi Rossiyaning ham yaqin iqtisodiy manfaatlariga, ham uning Markaziy Osiyoda asosiy kuch vositachisi bo‘lib qolishga bo‘lgan uzoq yillik intilishiga xizmat qiladi.   Tahliliy sharhni (ingliz tilida) The Jamestown Foundation saytida o‘qing   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

03 Dekabr 2024

Xitoy Kommunistik partiyasi insonlarni birinchi o‘ringa qo‘yishni qadriyat sifatida qat’iy himoya qilmoqda

“People’s Daily” gazetasida e’lon qilingan tahliliy sharhda IXTI Xitoy tadqiqotlari dasturi rahbari Abbos Boboxonov Xitoyning o‘ziga xos uslubda modernizatsiyalashuvga intilishini innovatsion strategiyalar orqali ko‘rib chiqadi. Muallif XXR MK 20-chaqiriq Uchinchi plenumida qabul qilingan “Islohotlarni yanada chuqurlashtirish va Xitoyga xos modernizatsiyani ilgari surish to‘g‘risida”gi qarorning ahamiyatini ta’kidlaydi. Keng ko‘lamli tadqiqotlar va maslahatlashuvlar asosida qabul qilingan ushbu qaror adolatli rivojlanishni ta’minlash uchun xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan islohotlarga e’tibor qaratadi.   Hujjatda ta’kidlanishicha, global iqtisodiy va geosiyosiy muammolar sharoitida Xitoyning modernizatsiya yo‘li islohotlar va ochiqlikka pragmatik hamda bosqichma-bosqich yondashuvga bog‘liq. Muallif bu sa’y-harakatlar fuqarolarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va bozor samaradorligi hamda boshqaruv samaradorligini uyg‘unlashtirgan ishonchli iqtisodiy tuzilmani yaratishga qaratilganligini qayd etadi.   Bundan tashqari, muallif Xitoyning mehnat unumdorligini oshirish va innovatsion salohiyatini mustahkamlash orqali tarkibiy o‘zgarishlarni jadallashtirish rejalariga alohida e’tibor qaratadi. Ushbu islohotlar dasturi, shuningdek, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida infratuzilma va energetika sohasidagi hamkorlik orqali Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlash imkoniyati sifatida ham qaralmoqda. Maqolada Xitoyning islohotlar yo‘nalishi nafaqat ichki o‘sishga, balki mintaqaviy va global farovonlikka ham hissa qo‘shishi to‘g‘risida xulosa qilingan.   Tahliliy maqolani “People’s Daily” saytida o‘qing   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

27 Noyabr 2024

O‘zbekistonning barqaror ekologik taraqqiyotga o‘tishi

O‘zlarining yangi tadqiqotida doktor Azamat Seitov va boshqa mualliflar barqaror rivojlanish zaruriyati o‘sib borayotgan ekologik muammolar va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishning dolzarb ehtiyoji fonida misli ko‘rilmagan ahamiyat kasb etganini ta’kidlaydilar. Ular O‘zbekiston misolini keltirib, bu yerda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish jarayoni tobora ko‘proq ekologik masalalarni qamrab olayotganini va tashabbuslar Orol dengizi inqirozi, suv taqchilligi va cho‘llanish kabi eng muhim muammolarni hal etishga qaratilganini ko‘rsatadi. Ushbu masalalarning global va mintaqaviy ahamiyatini tan olgan holda, O‘zbekiston issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va ayniqsa Orol dengizi havzasi kabi ekologik jihatdan zaif hududlarda yashil maydonlarni kengaytirishga qaratilgan kompleks strategiyalarni, jumladan “O‘zbekiston-2030” strategiyasini qabul qildi.   Bundan tashqari, mualliflar O‘zbekistonning Parij bitimi kabi xalqaro kelishuvlarga sodiqligini ta’kidlab, mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishini iqtisodiy o‘sish bilan ekologiyani saqlashni muvozanatlashtirish yo‘lidagi ko‘p qirrali harakat sifatida tavsiflaydilar. Strategiyada energetika infratuzilmasini zamonaviylashtirish, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha tashabbuslarni rag‘batlantirish, shuningdek qayta tiklanmaydigan resurslarga bog‘liqlik va suv tanqisligi kabi muammolarni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar batafsil bayon etilgan. Shuningdek, strategiyada barqaror qishloq xo‘jaligi, ifloslanishni kamaytirish va chiqindilarni qayta ishlashga ustuvor ahamiyat berilgan bo‘lib, bu uzoq muddatli ekologik barqarorlikni ta’minlashga kompleks yondashuvni aks ettiradi.   Qolaversa, O‘zbekistonning “yashil” o‘zgarishining keng qamrovli oqibatlari, jumladan uning iqtisodiy manfaatlari va global barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiqligi muhokama qilinmoqda. Innovatsion texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari doirasida xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik kabi sheriklik munosabatlarini rivojlantirish orqali O‘zbekiston mintaqaviy ekologik siyosatda yetakchi o‘rinni egallashga intilmoqda. Biroq mualliflar ogohlantirishlaricha, bu maqsadlarga erishish uchun sezilarli iqtisodiy va logistik to‘siqlarni hisobga olgan holda katta investitsiyalar, siyosatning muvofiqligi va ishonchli xalqaro qo‘llab-quvvatlash talab etiladi.   Maqola bilan shu yerda tanishish mumkin   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

18 Noyabr 2024

Tolibon evolyutsiyasi: xulq-atvor va strategiyadagi o‘zgarishlar

Islomxon Gafarovning “Afghanistan Monitor” jurnalining sakkizinchi jildida e’lon qilingan “Tolibon evolyutsiyasi: xulq-atvor va strategiyadagi o‘zgarishlar” tahliliy maqolasi 2021-yil avgust oyida toliblar hokimiyatga qaytganidan so‘ng ularning boshqaruv modelidagi strategik o‘zgarishlarga bag‘ishlangan. Gafarov, islom huquqining deobandiy talqinlariga asoslangan mafkuraviy qat’iyatga qaramay, toliblar boshqaruv va tashqi siyosatga yondashuvlarida amaliy o‘zgarishlarni namoyish etganini ta’kidlaydi.   Muallif, Tolibonning so‘nggi ichki islohotlari yanada oqilona va strategik boshqaruvga o‘tishdan dalolat berishini ta’kidlaydi. Ularning asosiy mafkurasi, xususan, shariat va pushtunvali tamoyillariga sodiqlik o‘zgarmagan bo‘lsa-da, ichki boshqaruvda ham, xalqaro munosabatlarda ham amaliyroq yondashuv belgilari ko‘zga tashlanmoqda. Gafarov tahlilining muhim jihati – Tolibonning terrorizmga nisbatan o‘zgargan munosabatidir. Afg‘oniston global jihodchi tarmoqlar uchun boshpana bo‘lgan avvalgi boshqaruvdan farqli o‘laroq, hozirgi tuzum “Al-Qoida” va ISHID-Xuroson kabi guruhlarga qarshi faol kurash olib bormoqda.   U, shuningdek, Tolibonning rivojlanayotgan tashqi siyosatini ta’kidlab, ularning g‘ayrimuslim mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari kuchayganiga e’tibor qaratadi. Bu esa 1990-yillardagi izolyatsion siyosatdan voz kechishni anglatadi. Bunga Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy investitsiyalarni jalb qilish va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik kiradi. Yaqqol pragmatizmga qaramay, Islomxon Gafarov bu o‘zgarishlar vaqtinchalik bo‘lishi va mamlakat ichida ham, xalqaro miqyosda ham aniq siyosiy manfaatlarga erishishga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilib, o‘z baholarida ehtiyotkorlikni saqlab qolmoqda.   Ushbu tahliliy maqola Tolibonning o‘zgaruvchan strategiyalariga tanqidiy nazar tashlab, o‘zining asosiy mafkuraviy o‘ziga xosligini saqlab qolishga intilib, yangi voqeliklarga ehtiyotkorlik bilan moslashayotgan tuzumni tasvirlaydi.   Ma’lumot uchun: Afghanistan Monitor – bu Pokistondagi Fridrix Ebert jamg‘armasining keng qamrovli nashri bo‘lib, unda 2024-yilning iyunidan avgustigacha bo‘lgan davrda Afg‘onistondagi siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik va gumanitar vaziyatning batafsil tahlili keltirilgan. Toliblar hokimiyatni qo‘lga olganidan buyon o‘tgan uch yilga bag‘ishlangan ushbu nashrda mamlakat duch kelayotgan muammolar va o‘zgarishlar chuqur tahlil qilingan. Unda inson huquqlari, iqtisodiy voqealar, infratuzilma loyihalari va diplomatik munosabatlar kabi keng ko‘lamli mavzular ko‘rib chiqiladi, mutaxassislar esa Tolibon hukmronligi davrida Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini o‘rganishadi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.