outputs_in

Sharh

19 Aprel 2025

Donald Trampning tarif siyosatiga Xitoyning munosabati

So‘nggi oylarda biz AQSHning ko‘plab mamlakatlar, ayniqsa Xitoyga nisbatan misli ko‘rilmagan tarif siyosatini qabul qilganiga guvoh bo‘ldik. Donald Trampning saylovoldi nutqlaridan ma’lum bo‘lganidek, u hokimiyatga kelgach Pekinga nisbatan qattiq savdo siyosatini yuritishi kutilgan edi. Bu bashoratlar o‘zini oqladi, biroq Xitoy tovarlariga bojlarning 145 foizga oshirilishi hamda Xitoy hukumatining o‘z navbatida Amerika tovarlariga bojlarni 125 foizga ko‘tarishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Javob choralarini ko‘rar ekan, Xitoy AQSH tahdidlariga bo‘ysunmasligini va bu savdo urushida “oxirigacha kurashishi”ni ma’lum qildi.   O‘z navbatida, Oq uy Xitoyning harakatlariga javoban qo‘shimcha bojlarni 245 foizgacha oshirish bilan tahdid qildi. The Wall Street Journal gazetasi xabar berishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp import bojlarini bekor qilish evaziga 70 dan ortiq davlatni Xitoy iqtisodiyotini izolyatsiya qilishga ko‘ndirishni rejalashtirmoqda.   Bunga javoban Pekin Yevropa Ittifoqi, ASEAN va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga a’zo mamlakatlar bozorlariga bosqichma-bosqich yo‘nalish olishni boshladi. Bundan tashqari, Xitoy savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish doirasida o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari va Meksikaga muvaffaqiyatli ko‘chirdi. Shuningdek, yuqori bojlar sharoitida Pekin Vashington bojlarining oshishidan zarar ko‘rgan yirik davlatlar hukumatlariga rasmiy maktublar yo‘lladi. Xususan, AQShning sharqiy ittifoqchilari – Janubiy Koreya, Yaponiya va Avstraliya bilan faol muzokaralar olib borilmoqda, 13-17 aprel kunlari esa Si Szinpinning Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari – Vetnam, Malayziya va Kambodja bo‘ylab safari amalga oshirildi.   Shu bilan birga, Tramp va Sining o‘zaro kelishuvga tayyor emasligiga e’tibor qaratish lozim. Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshida Xitoy vakillarining Vashington bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga urinishlari natijasiz qoldi, Oq uyning yangi ma’muriyati esa Pekin bilan muzokaralarni boshlashga shoshilmayapti. Rahbarlar va ularning ishonchli vakillari o‘rtasida barqaror aloqa kanallarining yo‘qligi AQSH-Xitoy kelishmovchiliklarining yanada kuchayishi xavfini tug‘dirmoqda. Ehtimol, tomonlarning keyingi qadamlari o‘zaro aks etuvchi xususiyatga ega bo‘ladi, bu esa yuqori darajadagi to‘laqonli muzokaralarni boshlash istiqbollarini yanada murakkablashtiradi.   Shunday qilib, AQSH va Xitoyning jahon iqtisodiyotidagi umumiy ulushini (taxminan 43%) hisobga olsak, dunyoning ikki yetakchi iqtisodiyoti o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligining ko‘lami va chuqurligi misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Bu butun jahon iqtisodiyoti uchun, ayniqsa ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash nuqtai nazaridan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan global savdoda jiddiy keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin. Yangi muammolarni hisobga olgan holda, ko‘plab mamlakatlar o‘z tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda, bu esa jahon savdosi tuzilmasining qayta ko‘rib chiqilishi va qayta shakllantirilishiga olib kelmoqda.   Tahlilchilarning fikricha, yuqori tariflarning joriy etilishi barqarorligi ko‘p jihatdan eksport daromadlariga bog‘liq bo‘lgan o‘rta darajada rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotiga ayniqsa og‘ir zarba beradi. Yaqin kelajakda bunday davlatlar kapitalning chiqib ketishi va o‘sish sur’atlarining pasayishiga duch kelishi mumkin. Biroq, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi uzoq davom etayotgan savdo ziddiyatlari sharoitida yangi imkoniyatlar ham paydo bo‘lmoqda - xususan, har ikki tomondan investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va muqobil transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

19 Aprel 2025

Tramp tarif siyosatining ta’siri

Trampning tarif siyosati tahlili quyidagi xulosalarga olib keladi: Asosiy fond bozorlaridagi beqarorlikning ma’lum darajada ko‘tarilishi va xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligiga qaramay, jahon moliya bozorlari barqarorligini saqlab qoldi. Davlatlar, xalqaro biznes va sanoat, shuningdek, xalqaro iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari xalqaro savdoning yangi sharoitlariga moslashadi. Bir qator mamlakatlar, transmilliy korporatsiyalar va xalqaro kompaniyalar ma’lum bir davrda yetkazib berish zanjirlarining buzilishi xavfiga duch keladi. Tramp tariflarining uzoq muddatli ta’siri darajasi manfaatdor mamlakatlar o‘rtasidagi kelgusi muzokaralar va ehtimoliy diplomatik kelishuvga bog‘liq bo‘ladi.   Umuman olganda, uzoq muddatli tarif siyosati quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkin: mintaqaviy iqtisodiy bloklar, yangi iqtisodiy hamkorliklar va yangi xalqaro yetkazib berish zanjirlari shakllanishi bilan global iqtisodiyotning parchalanishi; xalqaro moliyaviy-iqtisodiy institutlar va ularning ko‘p tomonlama savdo mexanizmlaridagi rolining zaiflashuvi; iqtisodiy millatchilik va himoyachilik choralarining kuchayishi; xalqaro savdo-iqtisodiy tizimning tubdan o‘zgarishi yoki butunlay qayta shakllanishi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

19 Aprel 2025

Rossiya va Tolibon: Siyosiy yaqinlashuv

17-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi mamlakat hududida Tolibon harakati faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni to‘xtatdi. Ushbu qaror orqali Rossiya rasmiy ravishda Tolibonni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Moskvaning bunday qarorga kelishiga bir qator omillar sabab bo‘lishi mumkin:   Birinchidan, xalqaro sanksiyalar sharoitida Rossiya Global Janub mamlakatlari bilan aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda, bu borada Afg‘oniston muhim tranzit hududi sifatida strategik o‘rin tutadi.    Ikkinchidan, Afg‘oniston Rossiya uchun yangi eksport bozoriga aylanishi mumkin. Tomonlar joriy yilda o‘zaro savdo hajmini 3 milliard AQSh dollarigacha oshirishni rejalashtirmoqda.    Uchinchidan, Rossiya Federatsiyasi Afg‘onistonda mavjud bo‘lgan tabiiy resurslar – xususan, litiy, mis va noyob yer elementlariga katta qiziqish bildirmoqda.   To‘rtinchidan, Moskva Tolibonni IShID-Xuroson terroristik tarmog‘iga qarshi kurashda muhim hamkor sifatida ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin, ayniqsa Crocus City Halldagi voqealardan so‘ng bu masala dolzarb tus oldi.   Beshinchidan, Rossiya Federatsiyasining Tolibon bilan siyosiy yaqinlashuvi AQShning afg‘on yo‘nalishidagi harakatlariga javob tariqasida qaralishi mumkin. Jumladan, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha sobiq maxsus vakili Zalmay Halilzodning joriy yil mart oyida Kobulga qilgan tashrifi bunga misol bo‘la oladi.    Oltinchidan, Afg‘oniston bilan yaqinlashuv Rossiya Federatsiyasining Yevrosiyo qit’asidagi grand-strategiyasining tarkibiy qismi bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Bu doirada Afg‘oniston strategik jihatdan muhim davlat sifatida talqin qilinmoqda.   Rossiyaning Tolibonni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishi boshqa davlatlarning, ayniqsa, hozirda kutish pozitsiyasini egallagan mamlakatlarning pozitsiyasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan pretsedent (namuna) yaratmoqda. Xususan, Eron, Pokiston va Hindiston Afg‘oniston bilan hamkorligini kuchaytirishi mumkin. Moskva de-yure tan olinmagan hukumat bilan muloqotga tayyor ekanligini namoyon qilmoqda, bu esa boshqa davlatlarni ham Kobulga nisbatan yanada moslashuvchan siyosat yuritishga undashi mumkin. Uzoq muddatda bu holat Tolibonning xalqaro miqyosdagi yakkalanishini susaytirishi mumkin.   Umuman olganda, Rossiya Federatsiyasining Afg‘oniston borasidagi siyosati ayrim jihatlari bilan Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga ham mos kelishi mumkin. Bu yerda muhim jihatlardan biri – Moskvaning tashqi siyosiy qarashidir. Unga ko‘ra, Afg‘oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qaralmoqda. Rossiya Afg‘oniston bo‘yicha yagona mintaqaviy strategiyani shakllantirishga ko‘maklashuvchi hamkor maqomida maydonga chiqishi mumkin.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

19 Aprel 2025

Amerika yordamini cheklash va O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining rivojlanishi

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining siyosati xalqaro tashabbuslarni moliyalashtirishni qisqartirishning barqaror yo‘nalishini ko‘rsatmoqda. Ushbu strategiya doirasida Amerika tomoni tashqi yordam ko‘rsatish ko‘lami va yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqmoqda, bu esa allaqachon aniq dasturlarga, jumladan, O‘zbekistondagi loyihalarga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, yaqinda AQSH Davlat departamentining respublikada fuqarolik faolligini rag‘batlantirish uchun mo‘ljallangan 2,5 million dollarlik grantni ajratish to‘g‘risidagi qarori bekor qilindi.   Amerika qo‘llab-quvvatlash tizimida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) muhim o‘rin tutadi. 2020-yilda Toshkentda USAID vakolatxonasi ochilgandan so‘ng, uning Amerika yordamini taqsimlashdagi ishtiroki sezilarli darajada oshdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024-yilga kelib USAIDning ulushi 24,2 foizdan 73,5 foizga ko‘tarildi, bu ularning mamlakatdagi mavqeyi institutsional jihatdan mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Biroq, 2025-yil yanvar oyida Donald Tramp dasturlarni “Amerika qadriyatlari” va AQSH tashqi siyosatining milliy ustuvorliklariga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish maqsadida USAIDning barcha xorijiy yordamlarini 90 kunga vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida farmoyish chiqardi.   Bunday choralar izolyatsionistik yondashuvlarga qaytish va ichki muammolarni hal qilish foydasiga resurslarni taqsimlash tamoyillarini qayta ko‘rib chiqishning keng qamrovli kontekstiga mos keladi. Shu ma’noda ma’muriyatning hozirgi qadamlarini kutilmagan deb bo‘lmaydi: ular Trampning davlat xarajatlarini qisqartirish, xalqaro majburiyatlar ustidan nazoratni kuchaytirish va tashqi siyosat tashabbuslarini mafkuraviy saralashni nazarda tutuvchi saylovoldi va’dalarining davomidir.   Shunga qaramay, ushbu qarorlarning O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati rivojlanishiga ta’siri cheklangan ko‘rinadi. 2021-yilda e’lon qilingan “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasida jamoatchilik tashabbuslarini institutsionallashtirish, nodavlat tashkilotlarning rolini kuchaytirish va fuqarolik ishtiroki mexanizmlarini kengaytirishga izchil e’tibor qaratilgan. Shu nuqtai nazardan, xalqaro qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, Amerika yordami ko‘proq qo‘shimcha, ammo hal qiluvchi omil bo‘lmagan holda namoyon bo‘lmoqda.   Binobarin, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishi tashqi grant mablag‘lari qisqargan taqdirda ham, rahbariyatning siyosiy irodasi va jamiyatning modernizatsiyaga bo‘lgan ehtiyojiga tayanib, ichki barqarorligini saqlab qolmoqda.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

19 Aprel 2025

Meloni va Tramp: Yevropa beqarorligi davrida konservativ ittifoq

17-aprelda Melonining Vashingtonga tashrifi, bir qator Yevropa poytaxtlarining ehtiyotkorligi va Yevropa Ittifoqi yaxlitligining buzilishi xavotirlariga qaramay, AQSH va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo munosabatlaridagi keskinlikni yumshatish uchun mumkin bo‘lgan qadam sifatida Yevropa Komissiyasi tomonidan rasman qo‘llab-quvvatlandi. Oq uyda Meloni “G‘arb buyukligini tiklash” foydasiga g‘oyaviy bayonot bilan chiqib, Yevropa va AQShni birlashtiruvchi platforma sifatida “vouk mafkurasi”ga qarshi kurashga urg‘u berdi. U geografiya haqida emas, balki mustahkamlanishi lozim bo‘lgan "sivilizatsiya ittifoqi" haqida so‘zlayotganini ta’kidladi.   Umidli vaziyatga qaramay, uning vazifasi bir nechta omillar tufayli murakkablashdi – Rimning cheklangan tashqi siyosiy vakolatidan tortib, mamlakat ichida va Yevropa Ittifoqi hamkorlari orasida Rimning xalqaro maydondagi mustaqil harakatlariga ishonchsizlikning kuchayishigacha. Ayniqsa, Parijning tashqi bosim kuchayib borayotgan sharoitda umumyevropa birligiga putur yetkazish xavfi haqidagi ogohlantirishlari tanqidiy tarzda yangradi.   Italiya bosh vaziri oldida uch tomonlama murakkab vazifa turardi: Italiyaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, AQShning Yevropa Ittifoqiga nisbatan qarama-qarshi yo‘nalishini yumshatish va transatlantik makon birligini saqlab qolish. Shu bilan birga, u o‘zini potensial strategik ittifoqchi deb biladigan Trampga sodiqlik va Rimning bir tomonlama harakatlarini tanqid qiluvchi yevropalik hamkorlarning manfaatlari va sezgirligini hisobga olish zarurati o‘rtasida muvozanatni saqlashga majbur bo‘ldi.   E’tiborli jihati shundaki, Meloni Trampning inauguratsiyasiga taklif etilgan yagona Yevropa Ittifoqi rahbari edi va uning 18-aprelda Rimda vitse-prezident Jey Di Vens bilan uchrashuvi Amerika siyosiy elitasining Italiyaga bo‘lgan alohida e’tiborining ko‘rsatkichi bo‘ldi. Vens bilan muzokaralar mazmuni ikki tomonlama savdo kelishuvi istiqbollarini muhokama qilish va Rossiya-Ukraina mojarosini tezroq hal etish yo‘llarini izlashni o‘z ichiga oldi. Bu yangi ma’muriyatning Janubiy Yevropaga nisbatan ustuvorliklarini aks ettiradi: pragmatik iqtisodiy hamkorlikka urg‘u berish va AQSh milliy manfaatlari nuqtai nazaridan Yevropa mojarolaridagi Amerika ishtirokini qayta baholashga intilish.   Vens yanvarda Yevropaga so‘nggi tashrifi chog‘ida blokni tanqid qilib, uning rahbarlarini so‘z erkinligini ta’minlay olmaslikda yoki noqonuniy migratsiyani to‘xtata olmaslikda aybladi. Hozir, Pasxa bayrami arafasida Vatikanga kelganida, u Muqaddas taxt davlat kotibi kardinal Petro Parolin bilan ham muzokaralar olib bordi. Bir qator kuzatuvchilarning fikricha, bu yangi transatlantik siyosiy ittifoq doirasida “konservativ o‘q”ning kuchayishini anglatishi mumkin.   Ikki tomonlama savdo hajmi 126 milliard dollar va Italiya eksportidagi AQSH ulushini (umumiy hajmning qariyb 10 foizi) hisobga olgan holda, Italiya Yevropa Ittifoqining Amerika bozoriga eng bog‘liq mamlakatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Keyingi ikki yil ichida YAIMning 0,4-0,6 foizga pasayishi kutilayotgani 50 mingdan ortiq ish o‘rinlari yo‘qotilishi xavfi bilan birga kechmoqda. Moliya bozorlarida ham tushkunlik kayfiyati kuchaymoqda: Italiya fond indeksi 2-apreldan so‘ng G‘arbning rivojlangan iqtisodiyotlari orasida eng yomon ko‘rsatkichni namoyish etdi. Bu vaziyatni yanada keskinlashtiradi: ko‘pincha "mustahkam ittifoqchilik"ning asosi deb ataladigan o‘zaro bog‘liqlik Tramp uchun ham, Meloni uchun ham bosim o‘tkazish vositasiga aylanmoqda.   Yalpi ichki mahsulotning 136 foizidan ortiq davlat qarzi, past o‘sish sur’atlari va 2026-yilgacha tugallanadigan tiklanish rejasi doirasida Yevropa moliyalashtirishiga yuqori bog‘liqlik tufayli Italiya transatlantik savdo shartlariga ta’sir ko‘rsatish uchun yetarli iqtisodiy mustaqillikka ega emas. Aholining qarishi, ijtimoiy xarajatlar bo‘yicha o‘sib borayotgan majburiyatlar va cheklangan fiskal imkoniyatlar harakat maydonini yanada toraytirmoqda.   Melonining o‘zi o‘tmishda neofashistik harakat ildizlariga ega bo‘lgan Italiya siyosatining o‘ta o‘ng qanoti vakili edi. U radikal o‘ng g‘oyalar bilan aloqasini yo‘qotmagan holda xalqaro qonuniylik va pragmatizmga intiluvchi yetakchiga aylanishga erishdi. Ekspertlar tomonidan “pragmatik radikalizm” deb nomlangan bu yondashuv unga ichki siyosatda millatchilik yo‘nalishini transatlantizm va Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mo‘tadil tashqi siyosat bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi.   Bunday sharoitda Meloni AQShga “Yevropa yo‘nalishi”ni singdirishdan ko‘ra, Trampni yagona Yevropa Qo‘shma Shtatlar uchun tahdid emas, balki strategik boylik bo‘lishi mumkinligiga ishontirishga harakat qilmoqda. Sanoat mahsulotlariga “nol tariflar” g‘oyasi nafaqat yangilangan hamkorlik ramzi, balki ko‘plab milliy hukumatlar bilan emas, yaxlit blok bilan muloqot qilishning samaradorligini ko‘rsatadigan muzokaralar tizimini qayta yo‘lga qo‘yish uchun amaliy asos bo‘lishi mumkin.   Meloni rasman ittifoq nomidan muzokaralar olib borishga vakolatli bo‘lmasa-da, ayrim Yevropa poytaxtlari uning vazifasini kelajakdagi muloqot chegaralarini belgilay oladigan taktik razvedka deb baholashmoqda. Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Yevropa kengashi tadqiqotchisi Alberto Ritssi ta’kidlaganidek, Meloni keyingi rasmiy muzokaralar uchun zamin tayyorlaydigan “izquvar” rolini o‘ynashi mumkin.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

11 Aprel 2025

Transafg‘on temir yo‘li: O‘zbekiston Qandahor yo‘nalishini rivojlantiradimi?

Nargiza Umarova o‘z sharhida O‘zbekistonning transafg‘on transport yo‘laklarini rivojlantirish strategiyasida ko‘p qirralik va noaniqlik kuchayib borayotganiga e’tibor qaratmoqda. U Kobul va Qandahor yo‘nalishlarining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash bo‘yicha ishlar faollashganini ta’kidlab, Rossiyaning loyihada ishtiroki, ayniqsa, BAA va Qatar kabi hamkorlar bilan avvalgi kelishuvlar muvozanatini o‘zgartirishi mumkinligini ko‘rsatib o‘tdi. Ekspert ilgari ustuvor bo‘lgan Kobul yo‘nalishi endi Turkmaniston tomonidan faol ilgari surilayotgan va Eron infratuzilma loyihalariga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan muqobil Qandahor yo‘lagi bilan raqobatga kirishayotganini ta’kidlamoqda.   Qandahor yo‘nalishi Markaziy Osiyoni nafaqat Pokiston, balki Eron va keng ma’noda Chobahor porti orqali Hindiston bilan bog‘lash imkonini beruvchi qulay muqobil yo‘l sifatida baholanmoqda. Umarova xonimning ta’kidlashicha, geosiyosiy voqelik – Pokistondagi beqarorlik, Afg‘oniston-Pokiston munosabatlaridagi murakkabliklar, shuningdek, Moskvaning “Shimol-Janub” xalqaro transport yo‘lagini kengaytirish intilishlari Toshkentni transport ustuvorliklarini qayta ko‘rib chiqishga undashi mumkin. Shu bilan birga, ekspert ta’kidlaganidek, yangi loyihani moliyalashtirish masalasida shaffoflikning yo‘qligi va O‘zbekiston tomonining keyingi qadamlari bo‘yicha jim turishi noaniqlik vaziyatini yuzaga keltirmoqda. Bunday sharoitda har bir diplomatik harakat strategik ahamiyat kasb etadi.   * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.