Trampning Yaqin Sharqdagi iqtisodiy diplomatiyasi yutuqlari

Sharh

22 May 2025

Ulashish

Trampning Yaqin Sharqdagi iqtisodiy diplomatiyasi yutuqlari

Donald Trampning geosiyosiy raqobat tobora kuchayib borayotgan Yaqin Sharqning asosiy mamlakatlariga qilgan safarini tahlil qilar ekanmiz, uning AQShning mintaqadagi ta’sirini tiklash uchun iqtisodiy, diplomatik va strategik tashabbuslarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini alohida ta’kidlash lozim. Trampning BAA, Qatar va Saudiya Arabistoni bilan umumiy qiymati 2 trillion dollardan ortiq bo‘lgan tijorat va mudofaa shartnomalari bo‘yicha tuzgan yirik kelishuvlari iqtisodiy diplomatiyaga yangicha yondashuvdan dalolat beradi. Bu esa mintaqaviy ta’sir dinamikasini o‘zgartirishi va Amerika ishtirokining yangi namunalarini yaratishi mumkin. AQShdan texnologiya eksporti va mudofaa hamkorligi o‘rtasidagi strategik muvofiqlik quyidagilardan kelib chiqadi:

  • Saudiya Arabistoni 600 milliard dollar miqdorida investitsiyalar ajratdi, jumladan, 142 milliard dollarlik harbiy xaridlar va 20 milliard dollarlik sun’iy intellekt hamda energetika infratuzilmasi loyihalariga mablag‘ yo‘naltirdi;
  • Qatar bilan tuzilgan kelishuvlar qiymati 243 milliard dollardan oshdi. Bunga Boeing reaktiv samolyotini 96 milliard dollarga, AQShdan qurol-yarog‘ni 42 milliard dollarga va ilg‘or mudofaa texnologiyalarini 3 milliard dollarga sotib olish kiradi. Investitsiyalarni 1,2 trillion dollargacha oshirish rejalashtirilmoqda;
  • BAA 200 milliard dollardan ortiq shartnomalar imzoladi, jumladan, Boeing uchun 14,5 milliard dollarlik buyurtma va Abu-Dabidagi yirik sun’iy intellekt ma’lumotlarini qayta ishlash markazi qurilishi.

 

ALJAZEERA Donald Trampning Yaqin Sharqqa safarini “Qo‘shma Shtatlarning mintaqaga yondashuvida geosiyosiy o‘zgarish” deb baholab, “Prezident Tramp Amerikaga sarmoya kiritishni jadallashtirmoqda va kelajak avlodlar uchun barqaror farovonlikning yangi oltin asriga yo‘l ochib, butun dunyo bo‘ylab adolatli savdo kelishuvlarini ta’minlamoqda”, deya ta’kidladi.

 

Saudiya Arabistonidagi nutqida Tramp: “Rahbarlarning yangi avlodi qadimiy mojarolar va o‘tmishdagi zerikarli kelishmovchiliklarni yengib o‘tmoqda hamda Yaqin Sharq xaos bilan emas, balki savdo bilan belgilanadigan kelajakni barpo etmoqda”, deya qayd qildi. U “turli millat, din va e’tiqodga mansub odamlar bir-birini bombardimon qilish orqali yo‘q qilmasdan, birgalikda shaharlar quradigan texnologiyalar”ga chaqirdi.

 

Xulosa qilib aytganda, Prezident Donald Trampning Yaqin Sharqdagi diplomatik missiyasi sezilarli iqtisodiy natijalar keltirdi va AQShning mintaqaga nisbatan tashqi iqtisodiy siyosati hamda iqtisodiy diplomatiyasida muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Tashrifning asosiy iqtisodiy maqsadi – AQSH iqtisodiyotiga sun’iy intellekt, energetika va mudofaa sohalaridagi ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish uchun salmoqli sarmoya jalb etishdan iborat edi va bu maqsadga erishildi.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.