Strategik bog‘liqlik markazi rahbari Nargiza Umarova “Anadolu” agentligiga bergan intervyusida Tojikistonning yangi transport tashabbuslari, jumladan, Tojikiston–O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron–Turkiya–Yevropa yo‘nalishi istiqbollarini tahlil qildi. Uning baholashicha, ushbu yo‘lak hozircha shakllanish bosqichida bo‘lsa-da, Dushanbening transport qamalidan chiqish, tranzit salohiyatini kengaytirish va yangi Yevroosiyo logistika zanjirlariga qo‘shilish istagini yaqqol aks ettirmoqda. Bu borada tashqi savdo va transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish o‘zi uchun ham dolzarb bo‘lgan O‘zbekiston bilan aloqalar alohida ahamiyat kasb etadi.
Umarovaning ta’kidlashicha, yangi yo‘nalishning real ekani mavjud muammolarni yo‘qqa chiqarmaydi. Ishtirokchi mamlakatlarning me’yoriy va transport tizimlaridagi farqlar, tashuv hujjatlari, tariflar va texnik talablarni birxillashtirish zarurati hamda logistika jarayonlarini raqamlashtirish asosiy muammolar bo‘lib qolmoqda. Mutaxassis infratuzilma omiliga alohida e’tibor qaratadi: yo‘nalishning Tojikiston qismi hozircha asosan avtomobil qatnoviga tayanayotgani bois, zamonaviy avtoyo‘l infratuzilmasini rivojlantirish butun yo‘lakning raqobatbardoshligi uchun muhim shartga aylanmoqda.
Intervyuda, shuningdek, Tojikiston–Xitoy–Pokiston yo‘nalishi ham ko‘rib chiqilgan. Umarova bunga aniqlik kiritib, bu yo‘nalish Yevropa yo‘nalishidan farq qilishini aytadi: agar birinchi yo‘lak Xitoyni Yevropa bozorlari bilan quruqlik orqali bog‘lashga yo‘naltirilgan bo‘lsa, Pokiston yo‘nalishi, avvalo, Tojikistonning janubiy dengizlarga va Pokistonning port infratuzilmasiga chiqishi bilan bog‘liqdir. Uning fikricha, bu yo‘nalishlarni raqobatchi deb hisoblash kerak emas: ular turli geografik o‘qlar bo‘ylab harakatlanadi va bir vaqtning o‘zida Tojikistonning Xitoy, Markaziy Osiyo, Yevropa va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatidagi rolini kuchaytirishi mumkin.
Intervyuni “Anadolu” saytida o‘qing
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.