“Yashil” sanoatlashtirish – chaqiruv va imkoniyat sifatida: uglerod proteksionizmining O‘zbekiston eksporti uchun xatarlari

Tahliliy nashrlar

21 Iyun 2026

Ulashish

“Yashil” sanoatlashtirish – chaqiruv va imkoniyat sifatida: uglerod proteksionizmining O‘zbekiston eksporti uchun xatarlari

Hammuallif: Oygul Yo‘ldosheva

 

So‘nggi o‘n yillik mobaynida yashil industrializatsiya zamonaviy iqtisodiyotning asosiy tendensiyalaridan biriga aylandi. Ushbu tushuncha davlatlarning po‘lat, o‘g‘it, sement va elektr energiyasi ishlab chiqarish kabi asosiy sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda iqtisodiy o‘sishni saqlab qolgan holda karbonat angidrid (CO₂) chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan jarayonni anglatadi. Amaliy jihatdan bu ko‘mir va tabiiy gazga asoslangan korxonalarni quyosh va shamol energiyasi kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi obyektlar bilan almashtirishni, energiya samaradorligini oshirishni hamda uglerod izi nisbatan past bo‘lgan ishlab chiqarish texnologiyalariga o‘tishni nazarda tutadi. Ushbu jarayonning pirovard maqsadi iqtisodiy rivojlanishni atrof-muhit va iqlim barqarorligiga zarar yetkazmagan holda ta’minlashdan iboratdir.

Mazkur global transformatsiya 2026-yil 1-yanvardan boshlab yanada muhim ahamiyat kasb etdi, chunki shu sanadan e’tiboran Yevropa Ittifoqi Uglerod chegaraviy moslashtirish mexanizmini (Carbon Border Adjustment Mechanism – CBAM) to‘liq joriy etdi. Ushbu mexanizm – CBAM –  ekologik standartlarni xalqaro savdo munosabatlari va bozorga kirish shartlari bilan bevosita bog‘lovchi yangi avlod savdo-siyosiy instrumenti hisoblanadi.

CBAM talablariga muvofiq, Yevropa Ittifoqiga (YI) uglerod intensivligi yuqori bo‘lgan ayrim mahsulotlarni eksport qiluvchi korxonalar, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelgan CO₂ emissiyalari hajmiga mos miqdordagi CBAM sertifikatlarini xarid qilishi lozim. Mexanizm po‘lat, alyuminiy, sement, mineral o‘g‘itlar, vodorod hamda elektr energiyasi kabi mahsulotlarni qamrab oladi. Mazkur tarmoqlar jahon sanoat emissiyalarining salmoqli qismini shakllantiradi. Jumladan, qora metallurgiya sanoati global issiqxona gazlari emissiyalarining 7–9 foizini, sement sanoati qariyb 8 foizini, alyuminiy ishlab chiqarish 2–3 foizini, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish 2–3 foizini, hamda vodorod ishlab chiqarish taxminan 2–2,5 foizini tashkil etadi. Energetika sektori esa dunyo bo‘yicha CO₂ emissiyalarining qariyb 25 foiziga to‘g‘ri keladi.

Mazkur mexanizmning asosiy maqsadi YI dan tashqaridagi ishlab chiqaruvchilar uchun ham uglerod emissiyalari bilan bog‘liq xarajatlarni, YIning Emissiyalar savdosi tizimi (Emissions Trading System – ETS) doirasida faoliyat yuritayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar zimmasidagi uglerod xarajatlari bilan tenglashtirishdan iborat. Shu orqali “uglerod oqimi” (carbon leakage) xavfini kamaytirish, ya’ni global miqyosda kam uglerodli ishlab chiqarishga o‘tishni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Biroq ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar mazkur mexanizmga boshqacha yondashadilar. Ularning fikricha, CBAM “uglerod proteksionizmi”ning bir shakli bo‘lib, ekologik mezonlardan eksport qiluvchi mamlakatlar uchun raqobat sharoitlarini murakkablashtiruvchi savdo to‘sig‘i sifatida foydalanadi. Ayniqsa, iqtisodiyoti qazib olinadigan yoqilg‘i resurslariga tayanadigan va moliyaviy hamda texnologik imkoniyatlari cheklangan davlatlar uchun ushbu mexanizm qo‘shimcha qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Natijada, bunday mamlakatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar YI bozoriga kirishda qo‘shimcha uglerod xarajatlariga duch kelmoqda. Bu esa muhim savolni o‘rtaga qo‘yadi: CBAM bugungi kunda rivojlanayotgan va nisbatan kam daromadli davlatlarni aynan hozirgi rivojlangan mamlakatlar bir asrdan ortiq vaqt davomida bosib o‘tgan sanoatlashtirish yo‘li uchun bilvosita “jazolamayaptimi”? Boshqacha aytganda, ushbu mexanizm global iqlim maqsadlariga xizmat qilish bilan bir qatorda, mamlakatlarning rivojlanish imkoniyatlari va tarixiy mas’uliyati o‘rtasidagi muvozanat masalasiga ham ta’sir qiladi.

Po‘lat, alyuminiy, o‘g‘itlar va gazni qayta ishlash mahsulotlarini Yevropa bozorlariga eksport qiluvchi hamda jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega O‘zbekiston uchun CBAM bir vaqtning o‘zida ham jiddiy sinov, ham strategik imkoniyat hisoblanadi. Bir tomondan, mamlakat sanoat sektori hanuzgacha uglerod intensivligi yuqori bo‘lgan energiya manbalariga sezilarli darajada tayanadi. Bu esa CBAM doirasidagi qo‘shimcha xarajatlarning ortishiga va Yevropa bozorlarida O‘zbekiston eksport mahsulotlari raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Boshqa tomondan, O‘zbekiston quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha ulkan salohiyatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyodagi eng yirik va istiqbolli qayta tiklanuvchi energiya dasturlaridan birini amalga oshirishni boshlagan. Mazkur yo‘nalish sanoat tarmoqlarini ham qamrab olgan taqdirda, mamlakatning CBAM bilan bog‘liq xatarlarini kamaytirish, xalqaro investitsiyalarni jalb etish hamda past uglerodli mahsulotlar uchun mo‘ljallangan yuqori qiymatli bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

  1. Yevropa Ittifoqining CBAM mexanizmi sharoitida O‘zbekiston eksporti uchun mavjud xatarlar

Yevropa Ittifoqining CBAM mexanizmi oltita mahsulot toifasini qamrab oladi: sement, qora metallar, alyuminiy, o‘g‘itlar, elektr energiyasi va vodorod. Aynan ushbu tarmoqlarda O‘zbekiston muayyan eksport salohiyatini shakllantirgan. O‘zbekistonning 2024-yildagi tashqi savdo ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilinayotgan CBAM qamrovidagi mahsulotlarning asosiy qismini o‘g‘itlar, qora metallar va alyuminiy tashkil etadi. Mazkur mahsulotlarning asosiy eksporti Latviya, Litva, Ruminiya, Germaniya va Bolgariya bozorlariga to‘g‘i keladi.

 

Mahsulot

Yevropa Ittifoqiga a’zo import qiluvchi mamlakatlar va ularga eksport qiymati (ming AQSH dollari)

O‘g‘itlar

Latviya – 46 224 | Ruminiya – 22 778 | Litva – 16 960

Temir va po‘lat mahsulotlari

Latviya – 4 713 | Litva – 2 794 | Germaniya – 523

Alyuminiy

Litva – 10 672 | Latviya – 968 | Bolgariya – 115

 

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ) baholariga ko‘ra, CBAM mexanizmi bilan bog‘liq yillik umumiy xarajatlar Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yiliga 1,7 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich mintaqadan eksport qilinadigan va CBAM qamroviga kiruvchi barcha mahsulotlarga o‘rtacha 14 foizlik qo‘shimcha boj yuklanishiga tengdir. Mazkur ko‘rsatkich tarkibida O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchi o‘rinni egallaydi. Ushbu ikki davlat hissasiga mintaqadagi CBAM qamrovidagi emissiyalarning qariyb 90 foizi to‘g‘ri keladi. Bunda asosiy ulush po‘lat ishlab chiqarish, alyuminiy sanoati, hamda o‘g‘itlar ishlab chiqarish tarmoqlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bunday yuqori ulushning asosiy sababi shundaki, har ikki mamlakat CBAM mexanizmi to‘liq tatbiq etiladigan uglerod intensivligi yuqori mahsulotlarni katta hajmda eksport qiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) tomonidan 2026-yil fevral oyida e’lon qilingan “Markaziy Osiyoda energetik o‘tish uchun Uglerod chegaraviy moslashtirish mexanizmining oqibatlari” nomli hisobotida O‘zbekiston bo‘yicha aniq prognozlar keltirilgan. Unga ko‘ra, YIda CO₂ emissiyalarining narxi 2030-yilga borib bir tonna uchun 200 AQSH dollariga, 2050-yilga kelib esa taxminan 350 AQSH dollariga yetishi prognoz qilinmoqda. Bunday sharoitda Yevropa bozoriga eksport qilinayotgan O‘zbekiston po‘lat mahsulotlarining tannarxi 14 foizga oshishi mumkin. Bu esa mazkur mahsulotlarning narx bo‘yicha raqobatbardoshligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi va Yevropa bozoridagi pozitsiyasini zaiflashtirishi ehtimoldan xoli emas.

Jahon bankining CBAM ta’sirchanlik indeksi O‘zbekiston uchun murakkab va bir vaqtning o‘zida qarama-qarshi manzarani namoyon etadi. Xususan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan alyuminiyning uglerod intensivligi YIdagi o‘rtacha ishlab chiqaruvchilar ko‘rsatkichiga nisbatan pastroq bo‘lib, bu holat unga ma’lum darajada raqobat ustunligini taqdim etishi mumkin. Biroq eksportning boshqa muhim yo‘nalishlari, ayniqsa po‘lat va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish tarmoqlari, mamlakat iqtisodiyotining uglerod intensivligi yuqori bo‘lgan energiya manbalariga hamda eskirgan ishlab chiqarish texnologiyalariga qaramligi sababli sezilarli xavflarga duch keladi.

Mazkur tarkibiy kamchiliklar O‘zbekistonda uglerod narxlashning milliy mexanizmi mavjud emasligi bilan yanada ortadi. CBAM qoidalariga muvofiq, eksport qiluvchilar mahsulot ishlab chiqarilgan mamlakatda allaqachon to‘langan uglerod to‘lovlarini Yevropa Ittifoqi oldidagi majburiyatlaridan chegirib tashlash huquqiga ega. O‘zbekistonda bunday mexanizmning mavjud emasligi esa mahalliy eksportchilarning CBAM bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq hajmda qoplashiga olib keladi. Aksincha, ichki uglerod narxlash tizimiga ega mamlakatlar eksportchilari ushbu xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, emissiyalarni verifikatsiya qilish bo‘yicha talablar ham qo‘shimcha yuklama yaratadi. 2026-yildan boshlab emissiyalar to‘g‘risidagi hisobotlarni mustaqil ravishda tasdiqlash amaliyoti bekor qilinib, ular akkreditatsiyadan o‘tgan mustaqil ekspertlar tomonidan tekshirilishi shart etib belgilandi. Agar emissiyalar bo‘yicha ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa yoki ishonchsiz deb topilsa, YI ataylab ehtiyotkorlik tamoyiliga asoslangan standart ko‘rsatkichlardan foydalanadi. Bunday ko‘rsatkichlar odatda haqiqiy emissiyalar hajmidan yuqoriroq qiymatlarni aks ettiradi.

Shu sababli emissiyalarni monitoring qilish, hisobot yuritish va verifikatsiya qilish (MRV – Monitoring, Reporting and Verification) tizimlari yetarli darajada shakllanmagan O‘zbekiston eksportchilari mahsulotlarining real uglerod intensivligi nisbatan past bo‘lgan taqdirda ham, CBAM doirasida yuqoriroq xarajatlarga duch kelishlari mumkin.

  1. CBAM sharoitida O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar: quyosh energetikasini rivojlantirish, sanoatni modernizatsiya qilish va yashil sertifikatlash tizimlari

Yuqorida qayd etilgan xatarlar bilan bir qatorda, CBAM O‘zbekiston uchun muayyan rag‘batlantiruvchi omillarni ham shakllantirmoqda va mamlakat allaqachon ularga moslashish choralarini ko‘rishni boshlagan. O‘zbekiston o‘zining tarkibiy ustunliklariga ega bo‘lib, ulardan strategik jihatdan samarali foydalanib, CBAMni tahdiddan yuqori qiymatga ega yashil bozorlarga kirish imkoniyatiga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning tabiiy-geografik sharoiti bu borada ayniqsa qulay hisoblanadi. Mamlakat Yevrosiyo hududidagi eng yuqori quyosh radiatsiyasi darajalaridan biriga ega bo‘lib, quyosh energiyasining texnik salohiyati 177 mln tonna neft ekvivalenti (Mtne) miqdorida baholanadi. Bu ko‘rsatkich mamlakatning jami birlamchi energiya iste’molidan qariyb to‘rt baravar yuqoridir. Mazkur salohiyat amaliyotda ham faol ravishda ro‘yobga chiqarilmoqda, 2025-yil yakuniga qadar O‘zbekistonda umumiy o‘rnatilgan quvvati 5582 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. 2025-yil davomida qayta tiklanuvchi energiya manbalari obyektlari tomonidan 10,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Natijada 2,8 mlrd m³ tabiiy gaz iqtisod qilinib, atmosferaga 4,2 mln tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi.


Mazkur natijalar O‘zbekistonning past uglerodli iqtisodiyotga o‘tish yo‘lidagi sa’y-harakatlari jadallashayotganini ko‘rsatib, kelgusida CBAM bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish hamda Yevropa Ittifoqi bozorida milliy mahsulotlar raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun muhim asos yaratadi.

Hukumat tomonidan 2030-yilga mo‘ljallangan ulkan maqsad belgilangan bo‘lib, mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 54 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ta’minlash hamda quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy o‘rnatilgan quvvatini 21 GVtgayetkazish. Bu esa har yili 18 mlrd m³ tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Bundan tashqari, 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. O‘zbekiston xalqaro hamkorlar, jumladan ACWA Power (Saudiya Arabistoni), Voltalia (Fransiya) va Osiyo taraqqiyot bankidan yashil energetika sohasiga qariyb 35 mlrd AQSH dollari miqdorida investitsiyalarni jalb qildi.

BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) hisobotida qayd etilishicha, elektr energiyasi ishlab chiqarish, vodorod ishlab chiqarish va sanoat jarayonlarini Yevropa Ittifoqidagi uglerod narxlariga moslashtirish CBAM bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish va milliy iqlim maqsadlariga erishishga bir vaqtning o‘zida xizmat qilishi mumkin. Hujjatda ko‘mirdan, muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tish bo‘yicha sezilarli imkoniyatlar aniqlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2050-yilga borib 600 PJdan ortiq (taxminan 167 TVt·soat) energiya hajmiga yetishi mumkin. Shu bilan birga, elektrlashtirishni kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini chuqurroq integratsiya qilish imkoniyatlari ham qayd etilgan.

O‘zbekistonning qator mahalliy korxonalari energetika sohasida xalqaro yashil sertifikatlashdan o‘tishni boshlagan. Yashil sertifikatlashtirishni kengaytirish muhim ahamiyatga ega, chunki verifikatsiyadan o‘tgan past uglerodli ishlab chiqarish CBAM bo‘yicha haqiqiy majburiyatlarni hisoblash uchun axborot bazasini yaratadi. Bu majburiyatlar jazolovchi standart (default) ko‘rsatkichlar asosida emas, balki amaldagi emissiyalar hajmi asosida hisoblanadi. Ishlab chiqarish jarayonlarining ekologik tozaligini hujjatlar bilan tasdiqlay oladigan kompaniyalar sezilarli darajada kamroq xarajat qiladi hamda kamroq shaffof raqobatchilariga nisbatan ustunlikka ega bo‘ladi.

O‘zbekiston yashil vodorod ishlab chiqarish sohasida yetakchi davlatga aylandi. Chirchiq shahrida ACWA Power bilan davlat-xususiy sheriklik doirasida quyosh va shamol energiyasidan foydalangan holda yashil vodorod ishlab chiqaruvchi Markaziy Osiyodagi birinchi sanoat korxonasi ish boshladi. Vodorod CBAM qamrab oladigan tarmoqlar ro‘yxatiga kirgani sababli, yashil vodorod ishlab chiqarish O‘zbekistonni uglerod izi minimal bo‘lgan mahsulot yetkazib beruvchisi sifatida namoyon etadi. Agar ishlab chiqarishning qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida amalga oshirilgani tasdiqlansa, ushbu mahsulot minimal uglerod iziga ega bo‘ladi va natijada Yevropa Ittifoqi chegarasida eng kam CBAM yukiga duch keladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon “Yashil koridor” tashabbusini ilgari surmoqda. Ushbu tashabbus “yashil” elektr energiyasini suvosti va quruqlikdagi uzatish yo‘nalishlari orqali Yevropaga yetkazib berishni nazarda tutuvchi mintaqaviy mexanizm hisoblanadi. “Yashil koridor” tashabbusi 2025-yil iyul oyida Bokuda rasman tashkil etildi. Italiyaning CESI kompaniyasi 2027-yil boshida yakunlanishi kutilayotgan texnik-iqtisodiy asoslash hujjatini ishlab chiqishga kirishdi. Loyiha amalga oshirilgan taqdirda, koridor O‘zbekistonga CBAM talablariga javob beradigan va yuqori qiymatli bozor segmentiga mansub bo‘lgan verifikatsiyadan o‘tgan toza elektr energiyasini bevosita Yevropa bozorlariga eksport qilish imkonini beradi.

 

III. O‘zbekistonning davlat boshqaruvi organlari va sanoat sektori uchun tavsiyalar

  1. Uglerod narxlashning milliy mexanizmini yaratish

O‘zbekiston ustuvor vazifa sifatida uglerod narx belgilashning milliy mexanizmini ishlab chiqishi va joriy etishi lozim. Bu emissiyalar savdosi tizimi yoki uglerod solig‘i shaklida bo‘lishi mumkin. CBAM qoidalariga muvofiq, mamlakat ichida to‘langan va verifikatsiyadan o‘tgan uglerod to‘lovlari Yevropa Ittifoqi oldidagi majburiyatlardan chegirib tashlanishi mumkin. Ushbu islohotning o‘ziyoq O‘zbekiston eksportchilari zimmasidagi moliyaviy yukni sezilarli darajada kamaytirishga qodir. Qozog‘iston allaqachon shunga o‘xshash tizimni joriy etgan, garchi undagi uglerod narxlari Yevropa Ittifoqidagi darajadan past bo‘lsa ham. O‘zbekiston ushbu tajribadan foydalanib, uglerod narxlash mexanizmini mamlakatning iqtisodiy sharoitlariga mos ravishda shakllantirishi mumkin.

  1. Sanoat tarmoqlarida ishonchli MHV tizimlarini yaratish

2026-yildan boshlab YI emissiyalar bo‘yicha verifikatsiyadan o‘tgan ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan hollarda jazolovchi standart (default) ko‘rsatkichlarni qo‘llaydi. Shu sababli O‘zbekiston eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlarda monitoring, hisobot yuritish va verifikatsiya (MHV) tizimlarini jadal ravishda shakllantirishi lozim. Bu yo‘nalishda texnik ko‘mak BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE), Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan taqdim etilishi mumkin.

Emissiyalari past ekanligi verifikatsiyadan o‘tgan korxonalar nafaqat CBAM bo‘yicha o‘z majburiyatlarini kamaytiradi, balki o‘z mahsulotlarini “yashil” mahsulot sifatida Yevropa xaridorlariga taklif qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Chunki Yevropa iste’molchilari va xaridorlari barqaror rivojlanish talablariga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlarga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

  1. Po‘lat ishlab chiqarish va o‘g‘itlar sanoatida dekarbonizatsiya jarayonlarini jadallashtirish

CBAM ta’siriga eng ko‘p duch kelayotgan tarmoqlar – qora metallurgiya, alyuminiy sanoati va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish – energiya samaradorligini oshirish hamda muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tishga qaratilgan investitsiyalar uchun ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanishi lozim. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va xalqaro moliya institutlarining imtiyozli moliyalashtirish dasturlari aynan ushbu tarmoqlarda maqsadli ravishda jamlanishi zarur.

  1. Yashil sertifikatlash tizimini faollashtirish va Yevropa Ittifoqi bozoridagi pozitsiyalarni mustahkamlash

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Issiqxona gazlari chiqindilari bo‘yicha emissiya kvotalari savdosi tizimi (EU ETS) bilan integratsiyalashuv imkoniyatlarini yoki o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimlarni tuzish istiqbollarini o‘rganishi lozim. Bunday mexanizmlar Shveysariya va Norvegiya tajribasidabo‘lgani kabi, CBAM doirasidagi chegirmalarni hisoblashda mamlakat ichkarisida joriy etilgan uglerod narxlash tizimini inobatga olish imkonini beradi.

  1. Yashil vodorodni strategik eksport mahsuloti sifatida rivojlantirish

Chirchiq shahrida ishga tushirilgan pilot yashil vodorod ishlab chiqarish zavodining quvvatlarini kengaytirish va ushbu tajribani boshqa hududlarda ham tatbiq etish zarur. REPowerEU strategiyasi doirasida Yevropa Ittifoqida import qilinadigan yashil vodorodga bo‘lgan talabning ortib borishi O‘zbekiston uchun uzoq muddatli istiqbolda muhim bozor segmentini yaratadi. Biroq buning uchun ishlab chiqarish jarayonlarini xalqaro standartlar asosida verifikatsiya qilish hamda tegishli transport infratuzilmasini rivojlantirish talab etiladi. Shuningdek, texnik-iqtisodiy asoslari 2027-yilgacha tayyorlanishi rejalashtirilgan “Yashil koridor” loyihasini amalga oshirish jarayonlarini jadallashtirish maqsadga muvofiqdir.

Yevropa Ittifoqi yashil sanoatlashtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun keng ko‘lamli texnik yordam vositalariga ega. Jumladan, TAIEX dasturi doirasidagi qisqa muddatli ekspert missiyalari, EU4Environment dasturi orqali uzoq muddatli institutsional rivojlantirish mexanizmlari, MEDGEMtarmog‘i doirasidagi ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturlari hamda Toshkentdagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi bilan bevosita hamkorlik imkoniyatlari mavjud. Ushbu vositalardan monitoring, hisobot va verifikatsiya (MRV) tizimlarini mustahkamlash, operatorlar va verifikatorlarni tayyorlash, shuningdek, O‘zbekiston eksportchilarining yangi talablarga moslashish bilan bog‘liq xarajatlarini kamaytirish maqsadida samarali foydalanish mumkin.

Agar O‘zbekiston uglerod narxlashning milliy mexanizmini joriy etish, ishonchli MRV infratuzilmasini shakllantirish, energiya talab yuqori bo‘lgan tarmoqlarni dekarbonizatsiya qilish hamda Yevropa Ittifoqining ekologik standartlari bilan to‘liq uyg‘unlashishga qaratilgan izchil va puxta o‘ylangan choralarni amalga oshirsa, CBAMni tashqi xavf omilidan strategik rivojlanish katalizatoriga aylantira oladi. Bunday proaktiv transformatsiya O‘zbekiston eksportining Yevropa bozorlaridagi raqobatbardoshligini saqlab qolish bilan cheklanib qolmay, balki mamlakatni past uglerodli po‘lat, ekologik toza elektr energiyasi va yashil vodorodning ishonchli hamda xalqaro darajada verifikatsiyadan o‘tgan yetkazib beruvchisi sifatida mustahkam pozitsiyalash imkonini ham yaratadi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.