O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik, ayniqsa, mamlakatimiz aholisining ko‘p millatli va ko‘p konfessiyaliligi sharoitida davlat siyosati va ijtimoiy hayotning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Mamlakatimizda davlat diniy tashkilotlardan ajratilgan bo‘lib, barcha diniy birlashmalar qonun oldida tengdir.
So‘nggi yillarda mamlakatda diniy sohani erkinlashtirish davom etmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu va boshqa chora-tadbirlar mamlakat obro‘sining oshishiga va diniy erkinlik sohasidagi taraqqiyotning e’tirof etilishiga ko‘maklashdi.
Bugungi kunda o‘zbek jamiyati diniy bag‘rikenglikning yuqori darajasi bilan tavsiflanadi. Turli konfessiya vakillari, jumladan, musulmonlar, nasroniylar, yahudiylar va boshqalar tinch-totuv yashab, dinlararo muloqotda faol ishtirok etmoqda. Mamlakatda masjidlar, cherkovlar, sinagogalar va boshqa diniy muassasalar faoliyat yuritib, dindorlarning o‘z e’tiqodiga erkin amal qilishlari ta’minlanmoqda.
Bu O‘zbekistonda taxminan 3,5 ming kishini tashkil etuvchi katoliklarga ham to‘liq taalluqlidir. Katolik jamoasi Toshkent, Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlardagi bir nechta ibodatxonalarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Apostol ma’muriyatiga birlashtirilgan. Bugungi kunda u kam sonli bo‘lishiga qaramay, konfessiyalararo muloqot va ijtimoiy faoliyatda faol ishtirok etmoqda. Ibodatlar ingliz, koreys, rus va polyak tillarida olib borilishi jamoaning xalqaro tarkibini aks ettiradi.
Yaqinda kardinal Robert Frensis Prevoning papalik taxtiga saylanishi mamlakatimiz katoliklari uchun ham muhim voqea bo‘ldi. Fikrimcha, Lev XIV ismini tanlash ramziy ma’noda o‘zining ijtimoiy ta’limoti va mehnatkashlarni qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan Papa Lev XIII ga ishora qiladi. Bu orqali o‘tmishdoshlari boshlagan ijtimoiy adolat va islohotlar yo‘li davom ettirilishi haqida xabar berilmoqda.
O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida konfessiyalararo muloqot va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekanini ta’kidlash joiz. O‘zbekistonlik mutaxassislar Vatikanning ezgulik va mehr-shafqat g‘oyalarini targ‘ib qilish, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholamoqda. Shunday qilib, to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat va muloqotga intilish asosida yanada rivojlanadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.