Shimoliy koridor O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi savdo uchun nega muhimligicha qolmoqda?

Sharh

21 Mart 2026

Ulashish

Shimoliy koridor O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi savdo uchun nega muhimligicha qolmoqda?

Dunyoda davom etayotgan geosiyosiy taranglik Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun strategik ahamiyatga ega bo'lgan kontinental savdo yo'llariga ta'sir ko'rsatmoqda. Yevroosiyo makonida ro'y bergan davrimizning eng katta inqirozi – Ukrainadagi urush Sharq-G'arb yo'nalishidagi yuk tashuvlari dinamikasi va o'zgaruvchanligiga ta'sir qilishda davom etmoqda. Bu esa logistika oqimlarini tashkil etishda diversifikatsiyaning ahamiyatini ug'ulaydi. Bunday sharoitda O'zbekiston maksimal moslashuvchanlikni namoyish etib, eksport va import tashuvlari xarajatlarini kamaytirish hamda istiqbolli bozorlar, jumladan, Yevropa Ittifoqiga chiqish uchun eng samarali yo'llaridan foydalanishga harakat qilmoqda.

2024-yilda O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan tashqi savdosi 6,4 milliard dollarga yetdi. O'tgan yil natijalariga ko'ra, mamlakatning eng yirik 20 ta savdo hamkori qatoridan Germaniya, Fransiya, Shveytsariya, Italiya va Polsha kabi Yevropa davlatlari o'rin olib, ular bilan umumiy savdo hajmi 1,4 milliard dollardan oshdi. O'zbekiston uchun tovarlarni Yevrozonaga yetkazib berishning eng maqbul yo'li hamon Qozog'iston, Rossiya va Belarus hududidan o'tadigan Shimoliy koridor bo'lib qolmoqda.

2023-yilda “O'zbekiston-Qozog'iston-Rossiya-Belarus-Yevropa Ittifoqi” temiryo'l marshruti orqali 1 million tonnadan ziyod yuk tashildi. Asosiy transport tugunlaridan biri Polshadagi Malaszewicze temiryo'l terminali bo'lib, u erga Markaziy Osiyodan yuklar Belarus va Polsha chegarasidagi Brest-Terespol chegara nazorat pinkti orgali o'tib keladi. Shimoliy koridor tarkibiga kiruvchi mazkur quruq port Yevropa Ittifoqi va Xitoy o'rtasidagi temir yo'l savdosining 90 foizdan ortig'ini o'zidan o'tkazadi.

Joriy yilning yanvarida O'zbekiston Prezidenti hukumatga mahalliy tashuvchilar uchun Belarusning Brest hududi orqali Polshaga maxsus transport koridorini yaratish imkoniyatini o'rganish bo'yicha topshiriq berdi. Bu tez buziladigan mahsulotlar, asosan meva va sabzavotlarni Yevropa bozoriga tezkor yetkazib berish zaruratidan kelicb chiqqan qadamdir. Aytish joiz, yuqori logistika xarajatlari, shuningdek, xavfsizlik nuqtai nazaridan g'arbiy yo'nalishdagi avtomobil marshrutlarida joriy etildan ayrim cheklovlar O'zbekiston va Polsha o'rtasidagi savdoga ta'sir ko'rsatmoqda.

2024-yilda ikki tomonlama savdo aylanmasi 400 million dollardan oshgan bo`lsa, 2025-yilda 383,7 million dollarga qisqargan. Yuklar oqimini Polsha, Litva va Latviyagacha tortilgan temir yo'llarga yo'naltirish Markaziy Osiyo hamda Yevropa o'rtasidagi tashuvlarda transport xarajatlarini sezilarli kamaytirishi mumkin. Ammo bu shimoliy temiryo'l marshrutlarining samaradorligiga ta'sir qiluvchi infratuzilmaviy hamda bojxona tartib-taomillari bilan bog'liq joriy muammolarni hal etishni taqazo etadi.

O'zaro savdoni rag'batlantirish va tranzit salohiyatini rivojlantirish maqsadida O'zbekiston va Polsha hamkorlikda logistika markazlarini barpo etishni rejalashtirmoqda. Ulardan biri Sharqiy Yevropaning eng yirik transport-tranzit markazlaridan biri hisoblangan Mazoviya viloyatida tashkil etiladi. Bu O'zbekistonning Yevropa ta'minot zanjirlariga integratsiyalashuviga zamin yaratish barobarida, 2025-yil oktyabrda Yevropa Ittifoqi bilan imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitimini amalda tatbiq etish imkoniyatini kengaytiradi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.