Joriy yilda Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” global tashabbusining Markaziy Osiyodagi transport-logistika komponenti jadal amaliy rivojlanayotgani kuzatilmoqda. Bu, bir tomondan, Xitoyning mintaqaga transport qulayligining kengayishini, boshqa tomondan esa, Markaziy Osiyo davlatlarining Sharq va G‘arb o‘rtasidagi qit’a logistikasidagi mavqeining kuchayishini anglatadi.
So‘nggi muhim voqea O‘zbekiston hududi orqali Xitoy va Eronni bog‘laydigan konteyner poyezdining sinov tariqasida ishga tushirilishi bo‘ldi. Birinchi marta yangi yo‘nalish bo‘yicha jo‘natish “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ tomonidan amalga oshirildi. Poyezd o‘z yo‘lini Chensyan stansiyasidan boshlab, Xitoy-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tdi, so‘ngra O‘zbekiston va Turkmanistonga yo‘l oldi. Poyezd ikki haftadan so‘ng Saraxs chegara punkti orqali Eronga yetib boradi.
2025-yildan boshlab Xitoyning Sian shahri va Tehron yaqinidagi Aprin quruq porti o‘rtasida temir yo‘l aloqasi yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston dastlab ushbu ta’minot zanjiriga integratsiya qilinmagan bo‘lsa-da, mamlakat olti davlat temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlari formatida faol ishtirok etmoqda. Bunday hamkorlikning yorqin natijasi sifatida blok-poyezdlar doimiy ravishda qatnaydigan “Sian-Aprin” savdo yo‘nalishining paydo bo‘lishini aytish mumkin. Bunga qo‘shimcha ravishda, tomonlar “Xitoy-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Turkiya/YeI” transkontinental yo‘nalishini shakllantirmoqda. Loyihaning markaziy bo‘g‘ini sifatida Osiyo va Yevropaning eng yirik bozorlari o‘rtasida uzluksiz quruqlik aloqasini ta’minlashga qaratilgan Janubiy temir yo‘l yo‘lagi xizmat qiladi.
Yuqoridagi tendensiyalar birgalikda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida “Xitoy-Yevropa” iqtisodiy yo‘lagini ilgari surishning uzoq muddatli strategiyasiga mos keladi. Shu nuqtayi nazardan, XXR va Markaziy Osiyoning turli mintaqalarini bog‘laydigan yuk yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirishni ham ko‘rib chiqish lozim.
2026-yil boshidan buyon Xitoyning Chunsin, Sichuan, Szyansu, Xubey va Sinin kabi sanoat va iqtisodiy markazlaridan Eron va undan tashqariga chiqish istiqboli bilan Markaziy Osiyoga bir nechta muntazam va sinov konteyner poyezdlari jo‘natildi.
E’tiborlisi, O‘zbekistonga yuk tashish “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” yo‘nalishi bo‘ylab tobora ko‘payib bormoqda, bu esa mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlashda Qirg‘iziston tranzitining ahamiyati ortib borayotganini ta’kidlaydi. 2025-yilda “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” multimodal transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi 2020-yildagi qariyb 34 ming tonnaga nisbatan 1,8 million tonnaga yetdi. Markaziy Osiyodan Xitoy yuklari boshqa bozorlarga, masalan, Afg‘onistonga ham qayta yo‘naltirilishi mumkin.
Shubhasiz, Xitoy tomonidan quruqlikdagi savdo yo‘llariga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir paytda mintaqamizning Yevroosiyoning asosiy tranzit markaziga aylanishi davom etadi. Shunday qilib, Markaziy Osiyo global geosiyosatda o‘z salmog‘ini oshirishga va iqtisodiy o‘sishning tayanch nuqtasiga aylanishga qodir bo‘lgan qimmatli aktivga ega bo‘ladi. Kengroq ma’noda, bu beshta respublikani mustaqil va kelishilgan transport siyosatini yuritish masalasida birlashtirish orqali mintaqaning strategik avtonomiyasiga yo‘l ochib, yirik davlatlar bilan munosabatlarni tenglashtirish uchun asos yaratishi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.