So‘nggi yillarda Xitoy Xalq Respublikasi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni izchil ravishda faollashtirmoqda. Bu, xususan, XXR Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” davlat rahbarlari darajasidagi ko‘p tomonlama muloqot platformasida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston va XXR o‘rtasidagi chuqurlashib borayotgan ikki tomonlama hamkorlikning aniq natijalaridan biri 2024-yil 1-dekabrda imzolangan vizasiz rejimni joriy etish to‘g‘risidagi bitim bo‘ldi.
Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, 2025-yil 1-iyundan boshlab ikki davlat fuqarolari 30 kungacha bo‘lgan muddatga o‘zaro tashrif buyurishlarini viza rasmiylashtirishsiz amalga oshira oladilar. Bitimning belgilangan sanada kuchga kirishi ichki huquqiy va ma’muriy jarayonlarni yakunlash, idoralararo hamkorlik mexanizmlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, infratuzilma va chegara nazorati tizimini texnik jihatdan tayyorlash zarurati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, 1-iyun sanasi tanlanishi mavsumiy omil bilan izohlanishi mumkin – yoz oylarida an’anaviy ravishda sayyohlik va ishbilarmonlik oqimining o‘sishi kuzatiladi, bu esa bitimni qo‘llashni ayniqsa dolzarb qiladi.
Ta’kidlash joizki, bitimni imzolash va amalga oshirish nafaqat huquqiy-amaliy, balki muhim siyosiy ahamiyatga ham ega. U ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning yuksak darajasi va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga intilishning ramzidir. Kirish tartibining soddalashtirilishi fuqarolik jamiyatlari, ta’lim muassasalari, madaniy va ilmiy almashinuvlar darajasidagi aloqalarni jadallashtirish, ya’ni davlatlararo munosabatlarni norasmiy, ammo barqaror gorizontal aloqalar bilan to‘ldiradigan xalq diplomatiyasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Iqtisodiy jihatdan viza rejimining bekor qilinishi savdo, investitsiyalar, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lishi mumkin. Xitoy allaqachon O‘zbekistondagi xorijiy investorlar orasida yetakchi o‘rinni egallab, muhim infratuzilma loyihalarini, jumladan, “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Chegarani kesib o‘tish tartib-qoidalarining soddalashtirilishi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, delegatsiyalar almashish va ikki mamlakat tadbirkorlik doiralarining qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi uchun qulay sharoit yaratadi.
Shunday qilib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi vizasiz rejim nafaqat vizani liberallashtirish sohasidagi amaliy qadam, balki siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va insoniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan vositadir. Uning amalga oshirilishi yaxshi qo‘shnichilik, strategik hamkorlik va o‘zaro manfaatdorlik ruhidagi ikki tomonlama aloqalarni har tomonlama rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.