Gruziya O‘zbekistonning strategik sherigi deb belgilandi. Ikki davlat rahbarlari 2026-yil 3-iyul kuni Tbilisidagi muzokaralar yakunida tegishli deklaratsiyani imzoladilar.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga so‘nggi 23 yildagi ilk davlat tashrifi yangi ulkan tashabbuslar uchun poydevor yaratmoqda.
Shu narsa ayonki, so‘nggi bir yil ichida Gruziya Markaziy Osiyo tomon sezilarli burilish qilmoqda va bu mamlakat bir qator rivojlanish yo‘nalishlari, jumladan, savdo va transport logistikasi bo‘yicha uzoq muddatli rejalarni aynan shu mintaqa bilan bog‘lamoqda.
Tbilisi va Toshkent o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini hozirgi 270 million dollardan 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan. Bu oson vazifa emas va eng avvalo, xususiy biznesning faol ishtirokini talab etadi.
Transport bog‘liqligini mustahkamlash o‘zaro savdo o‘sishining muhim omili bo‘lishi kutilmoqda. Toshkentning bu borada aniq takliflari bor. Gap 2025-yil aprel oyida qurilishi boshlangan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” (XQO‘) temiryo‘l yo‘lagini Kaspiy va Qora dengizlar orqali Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropaga kengaytirish haqida bormoqda. Shu tariqa, O‘rta yo‘lakni jalb etgan holda “Sharq–G‘arb” o‘qi bo‘ylab yangi multimodal marshrut shakllantiriladi. XQO‘ yo‘lagini O‘rta yo‘lak bilan bog‘lash, shuningdek, o‘tkazish quvvati yiliga 5 million tonnagacha oshirilgan “Boku–Tbilisi–Kars” (BTK) temiryo‘li quvvatlaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Har ikki holda ham Gruziya o‘zining geografik joylashuvi hamda modernizatsiya qilinayotgan temiryo‘l va port infratuzilmasi tufayli transkontinental logistikaning tugun nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi.
2025-yilda O‘rta yo‘lak orqali 1,2 million tonna O‘zbekiston yuki tashildi. Yaqin Sharqdagi beqarorlik va Ukrainadagi urush Markaziy Osiyo eksporti uchun transkaspiy va transkavkaz yo‘nalishlari dolzarbligini yanada oshirishi mumkin. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Yevropaga dengiz darvozasi sanalgan Poti va Batumi portlariga qiziqishi ortib bormoqda. Kun tartibida Gruziyaning Qora dengiz portlari orqali mamlakatimiz yuklarini samarali tashish uchun logistika habini yaratish masalasi turibdi. Bunday rejalar 2019-yilda Toshkent tashabbusi bilan ishga tushirilgan CASCA+ (Markaziy Osiyo–Janubiy Kavkaz–Anatoliya+) transport yo‘lagini rivojlantirish bilan hamohangdir. Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya ham ishtirok etayotgan ushbu loyiha benefitsiar mamlakatlar o‘rtasida ham, “Yevropa–Xitoy–Yevropa” yo‘nalishida ham temiryo‘l tashuvlarini faollashtirishga qaratilgan. Uni takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida Istanbulda tomonlar CASCA+ yo‘lagi samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini muhokama qildilar. Uchrashuv yakunida yuk tashish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.