AQSh-Xitoy savdo kelishuvlari: Pusandagi Tramp-Si uchrashuvidan so‘ng

Sharh

10 Noyabr 2025

Ulashish

AQSh-Xitoy savdo kelishuvlari: Pusandagi Tramp-Si uchrashuvidan so‘ng

2025 yil 30 oktabr kuni Pusan shahrida AQSh Prezidenti Donald Tramp va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 2019 yildan buyon ilk yuzma-yuz muloqot bo‘lib, AQSh-Xitoy savdo munosabatlarining joriy holatini aks ettiruvchi muhim indikator sifatida baholandi. Muzokaralar davomida tomonlar ikki tomonlama savdoning eng sezgir yo‘nalishlarida vaqtinchalik barqarorlashuvni ko‘zlagan og‘zaki kelishuvga erishdilar.

AQSh ma’muriyati “fentanil boji”ni 10 foizga tushirishga va Xitoy kompaniyalariga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etishni kechiktirishga rozi bo‘ldi. Buning evaziga Pekin elektronika, yuqori texnologiyali uskunalar va mudofaa sanoati uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan nodir metallarning eksportiga qo‘yilishi rejalashtirilgan cheklovlarni bir yilga to‘xtatib turishga rozi bo‘ldi. Bu qadam muhim bo‘lib, The Times of Central Asia qayd etishicha, Xitoy dunyodagi nodir metallarni qayta ishlashning 90 foizi, qazib olishning esa taxminan 70 foizini ta’minlaydi.

Bayonotning ijobiy ohangiga qaramay, ekspertlar uchrashuv natijasini strategik burilishdan ko‘ra taktika darajasidagi tanaffus sifatida baholamoqda. Lukas Fiala, LSE IDEAS markazidagi China Foresight loyihasi rahbarining ta’kidlashicha, uchrashuv eskalatsiyaning oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik sulh bo‘lib, raqobatning tub sabablari (texnologik avtonomiya, sanoat siyosati va yetkazib berish zanjirlari ustidan nazorat kabi) o‘zgarishsiz qolmoqda va AQSh–Xitoy munosabatlarining xarakterini belgilashda davom etadi.

The Times of Central Asia bilan suhbatlashgan tahlilchilarning fikricha, Pusandagi kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi strategik yaqinlashuv emas. Aksincha, bu global bozorlar beqarorligi, elektronika sektoridagi iqtisodiy pasayish va kritik minerallarga yuqori talab fonida qisqa muddatli tebranishlarni kamaytirishga qaratilgan choradir. Shu sababli ko‘plab ekspertlar muzokaralarni tomonlar o‘z strategik pozitsiyalarini o‘zgartirmagan holda “geoiqtisodiy xavflarni qayta kalibrlash” ga urinish sifatida ko‘rmoqda.

Markaziy Osiyo uchun Tramp–Si muzokaralari alohida ahamiyatga ega. AQSh va Xitoy o‘rtasidagi qisqa muddatli yumshash Vashingtonning kritik minerallar bo‘yicha yetkazib berish zanjirlarini diversifikatsiya qilishga bo‘lgan tashqi bosimini biroz kamaytirishi mumkin. Ammo uzoq muddatli mantiq o‘zgarmaydi: AQSh va Xitoy o‘rtasidagi strukturaviy raqobat davom etadi, yetkazib berish zanjirlarini diversifikatsiya qilish esa Vashington uchun strategik maqsad bo‘lib qoladi. Bu jarayonda Qozog‘iston, O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari ham muhim yo‘nalish sifatida ko‘riladi.

Umuman olganda, Pusandagi muzokaralar taktik yumshash va strukturaviy raqobatning saqlanib qolishi uyg‘unligidan iboratdir. Ular qisqa muddatda savdo keskinligini pasaytiradi, ammo na Vashingtonning, na Pekinning strategik yo‘nalishlarini o‘zgartiradi. Markaziy Osiyo uchun bu AQShning kritik minerallar va infratuzilma borasidagi tashabbuslari davom etishini, mintaqa esa o‘z ko‘pvektorli siyosatini saqlagan holda qisqa muddatli yumshash fonida AQSh signalidagi ehtimoliy o‘zgarishlarni inobatga olishi lozimligini anglatadi.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.