Muallif: Mirjalol Murtozayev
2025-yil 17-iyul kuni Kobulda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi mintaqaviy infratuzilma taraqqiyoti yo‘lida muhim burilish dalolat bermoqda. Unda Trans-Afg‘on temiryo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqishga oid uch tomonlama bitim imzolandi. Bu voqea oddiy logistika loyihasi emas, balki O‘zbekiston tashqi siyosatida geoiqtisodiy pragmatizm va strategik reallikka asoslangan yangi bosqichni boshlab berdi deyish mumkin.
O‘zbekistonning Trans-Afg‘on temiryo‘li loyihasiga bo‘lgan qiziqishi aslida so‘nggi global va mintaqaviy geosiyosiy o‘zgarishlar fonida qayta jonlandi deyish mumkin. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Eronning Chobahor porti orqali Janubiy Osiyoga chiqish rejalarini faol ilgari surayotgan edi. Ushbu yo‘nalish ham mintaqaviy diversifikatsiya, ham Hindiston bilan bevosita iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish nuqtai nazaridan istiqbolli hisoblanayotgan edi. Biroq, so‘nggi oylarda yuz bergan geosiyosiy vaziyatlar, xususan, Eron va Isroil o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, Eronning g‘arb mamlakatlari bilan aloqalari tobora yomonlashuvi va bu jarayonda Hindistonning Eronni yetarli darajada qo‘llab-quvvatlamaganligi fonida Chobahor portiga chiqish loyihasi murakkablashtirayotgani ayon bo‘la boshladi. Shuningdek, joriy yilning 21-may kuni Pekinda Xitoy-Afg‘oniston-Pokiston tomonlari o‘rtasidagi uchrashuvda o‘zaro aloqalarni iliqlashganligi ko‘rina boshladi. Ushbu omillar natijasida, Pokistonning Gvadar va Karachi portlariga nisbatan barqaror va ishonchli tanlov sifatida qarala boshlandi. Ayniqsa, Trans-Afg‘on temiryo‘l loyihasi orqali mazkur portlarga qisqa va tejamkor yo‘l ochilishi, O‘zbekiston tashqi savdosining yangi strategik yo‘nalishini asosli belgilashi mumkin. Shuningdek, Pokiston yo‘nalishi iqtisodiy samaradorlik, tranzit muddatining qisqarishi va logistika xarajatlarining kamayishi kabi afzalliklarni ham taqdim etishi mumkin.
Ushbu temir yo‘l bitimining asoslarini bir necha bosqichda ko‘rish mumkin:
Birinchidan, Trans-Afg‘on temiryo‘liga nisbatan xavfsizlik tomonlama savollar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, nisbatan qisqaroq, tezroq amalga oshiriladigan va hozirda siyosiy irodaga tayangan yo‘nalish sifatida qaralmoqda. Afg‘onistonning hozirgi hukumati bilan Tashkent o‘rtasida barqaror muloqot mavjudliligi ikki tomonlama manfaatlar bir-birini to‘ldirmoqda. Pokiston bilan yaqin energetik va transport aloqalari bu loyihani yanada strategiklashtirishi mumkin.
Ikkinchidan, Shimoldagi an’anaviy savdo yo‘llarining dolzarbligi tobora susayib borayotgan, Kaspiy dengizi orqali Eron yo‘nalishi esa katta infratuzilma sarmoyalarini talab qilayotgan bugungi sharoitda, Trans-Afg‘on transport koridori butun Markaziy Osiyo uchun yangi geoiqtisodiy tayanch nuqtasiga aylanmoqda. Bu loyiha nafaqat yuk tashish tizimi sifatida, balki mintaqaviy integratsiya, energetika diplomatiyasi va eksport strategiyasining kaliti sifatida namoyon bo‘lmoqda. Temiryo‘l orqali elektr energiyasini Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyoga uzatish imkoniyati yuzaga kelmoqda. Ayniqsa, CASA-1000 loyihasining amalga oshirilishi O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar uchun eksport hajmlarini oshirish, energiya bozorida ishtirokni kuchaytirish imkonini berishi mumkin. Bundan tashqari, Gvadar va Karachi portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish orqali O‘zbekiston Hind okeani bo‘ylaridagi strategik bozorlar bilan barqaror aloqalarni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Shuningdek, ushbu koridor orqali Fors ko‘rfazi davlatlari, xususan Saudiya Arabistoni, BAA va Qatarning energetika va investitsion loyihalariga kirish yo‘llari ochiladi. Bu esa faqat iqtisodiy emas, balki siyosiy va diplomatik hamkorlikning ham yangi fazasiga olib keladi. Shu nuqtai nazardan Kobulda imzolangan hujjat nafaqat infratuzilma bitimi, balki uzoqni ko‘zlagan, ko‘p qatlamli manfaatlarni birlashtiruvchi strategik siyosiy tanlovdir.
Uchinchidan, Transafg‘on temiryo‘li - bu nafaqat transport loyihasi, balki O‘zbekistonning Janubiy Osiyo, Hindiston va Fors ko‘rfazi bozorlariga chiqishini ta’minlovchi geoiqtisodiy yo‘l. Ushbu yo‘nalish orqali yuk tashish muddati 35 kundan 5-7 kunga qisqaradi, konteyner narxlari esa 900 dollardan 286 dollargacha arzonlashadi. Bunday sharoitda O‘zbekiston eksport-import jarayonlarini raqobatbardosh va barqaror shaklga keltiradi. Loyihaning moliyaviy va siyosiy qo‘llab-quvvatlanishi ham muhim. Xitoyning “Bir makon - bir yo‘l” tashabbusi, Rossiyaning tranzit diplomatiyasi va Pokistonning port siyosati bu loyihaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya bo‘lishi mumkin. Bu esa O‘zbekiston tashqi siyosatining “multi-vektor” tamoyiliga mos keladi.
To‘rtinchidan, Kobuldagi uchrashuvda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Afg‘oniston Bosh vaziri Mulla Hasan Oxund, tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy hamda ichki ishlar vaziri Xalifa Sirojiddin Haqqoniy bilan muloqoti Toshkentning faollashgan tashqi siyosatiga dalildir. Bu uchrashuvlar Afg‘oniston hukumati rahbariyati bilan doimiy siyosiy muloqotni yanda oshrish, iqtisodiy ishonchni mustahkamlash va xavfsizlik kafolatlarini shakllantirishga qaratilgan deyish mumkin. Shuningdek, bu Afg‘onistonni mintaqaviy integratsiyaning ajralmas qismi sifatida ko‘rish istagini anglatadi. Shu orqali O‘zbekiston o‘zini Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida tranzit markaziga aylantirish, regional diplomatiyada “ko‘prik” vazifasini bajarish konsepsiyasini amalga oshirmoqda.
Xulosa. Trans-Afg‘on temiryo‘li loyihasi - bu O‘zbekiston tashqi siyosatining real geoiqtisodiy transformatsiyasidir. Bu tashabbus faqatgina transport infratuzilmasini emas, balki siyosiy ishonch, savdo xavfsizligi va mintaqaviy muvozanatni yaratishi ko‘zda tutilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi tashqi siyosat izchil ravishda geosiyosiy pragmatizm va mintaqaviy barqarorlik ustunligiga asoslanmoqda. O‘zbekiston o‘zini normativ tashabbuskor va strategik yo‘nalish belgilovchi davlat sifatida shakllantirmoqda.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.