Nargiza Umarova “Amwaj.media” saytida e’lon qilingan tahliliy maqolaga ekspert sifatida o‘z munosabatini bildirdi. Mazkur maqolada AQSHning Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishi Markaziy Osiyoning transport-tranzit imkoniyatlari, savdo aloqalari va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish strategiyalariga qanday ta’sir ko‘rsatishi tahlil qilingan.
Maqolada Vashington tomonidan olib borilayotgan “Iqtisodiy yakkalash operatsiyasi” Eron orqali tranzit bilan bog‘liq moliyaviy, logistik va sug‘urta xatarlarini oshirish hisobiga mintaqaviy savdo yo‘nalishlarini qanday o‘zgartirishi mumkinligi ko‘rib chiqilgan. Nargiza Umarova geosiyosiy keskinlik saqlanib qolayotganiga qaramay, Markaziy Osiyo davlatlari Eron transport yo‘laklaridan foydalanishda davom etayotganini ta’kidladi. Xususan, u o‘tgan yili O‘zbekiston Eron orqali G‘arb davlatlariga 700 ming tonnadan ziyod, Turkiyaga esa 670 ming tonnadan ortiq yuk tashiganini qayd etdi. Shuningdek, ekspert Yevropani Turkiya va Eron orqali Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi Janubiy temir yo‘l yo‘lagi izchil rivojlanib borayotganiga e’tibor qaratib, uning mintaqaviy transport bog‘liqligi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini urg‘uladi.
AQSH sanksiyalari kengayishining ehtimoliy oqibatlari haqida to‘xtalar ekan, N. Umarova bank sektori ayniqsa zaif ekanini ko‘rsatib o‘tdi hamda qo‘shimcha cheklovlar butun Markaziy Osiyodagi moliya institutlari uchun yangi muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shunga qaramay, u mintaqa davlatlari bitta tranzit yo‘nalishi yoki tashqi hamkorga tayanib qolmasdan, o‘zlarining xalqaro transport aloqalarini diversifikatsiya qilishga sodiq qolayotganini ta’kidladi.
Tahlilda, shuningdek, O‘zbekiston muqobil yo‘nalishlarni, jumladan, loyihalashtirilayotgan Transafg‘on temir yo‘lini rivojlantirish bilan bir qatorda, mamlakatni Turkiya va Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi Eron yo‘laklaridan foydalanish imkoniyatini saqlab qolishdan strategik jihatdan manfaatdor ekani qayd etilgan. Nargiza Umarovaning mulohazalari ortib borayotgan geosiyosiy mavhumlik sharoitida Markaziy Osiyoning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga qodir bo‘lgan diversifikatsiyalashgan va barqaror transport tarmog‘ini yaratish naqadar muhimligini ko‘rsatadi.
“Amwaj.media” platformasida o‘qing
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.