Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo energetik barqarorligi uchun ahamiyati

Tahliliy nashrlar

05 Iyul 2025

Ulashish

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo energetik barqarorligi uchun ahamiyati

Markaziy Osiyo jahon neft zaxiralarining 3 foizi, gaz zaxiralarining 12 foizi va qayta tiklanadigan energiya manbalarining katta salohiyatiga ega bo‘lgan muhim energetika mintaqasi hisoblanadi. 2022-yilda Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi mintaqaga e’tiborini kuchaytirdi va uni ta’minotni diversifikatsiya qilish hamda “yashil” o‘tish uchun strategik hamkor sifatida ko‘ra boshladi.

 

“Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi strategiyasi”da ta’kidlanganidek, maqsad resurslarni nazorat qilish emas, balki islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, qonunchilikni yaqinlashtirish va ekologik standartlarni joriy etishdan iborat. Bu “Markaziy Osiyoda barqaror energiya aloqalari (2022-2026-yillar)” tashabbusi va qayta tiklanadigan energiya, raqamlashtirish va ekologiyaga 12 milliard yevrogacha sarmoya kiritishni ko‘zda tutgan “Global Gateway” dasturi orqali amalga oshirilmoqda. Yevropa Ittifoqi resurs strategiyalaridan farqli o‘laroq, texnologiya va barqaror rivojlanishga asoslangan uzoq muddatli hamkorlikni taklif etmoqda.

 

Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi mintaqaning eng yirik iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi: tashqi savdoning 22,6 foizi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning 40 foizdan ortig‘i uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Energetika sohasida uning ishtiroki investitsiyalar, texnologik qo‘llab-quvvatlash va “yashil” yechimlarni birgalikda ishlab chiqishda namoyon bo‘lmoqda.

 

  1. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo energetika sektoriga investor sifatida. Yevropa Ittifoqi nafaqat investitsiyalarni, balki zamonaviy texnologiyalar va ekspertlar ko‘magidan foydalanish imkoniyatini ham ta’minlab, Markaziy Osiyo energetikasida muhim rol o‘ynamoqda. Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yetakchi vosita bo‘lib, u 2024-yilda mintaqaga rekord darajadagi 2,26 milliard yevro sarmoya kiritdi.

 

Ushbu mablag‘larning katta qismi barqaror va “yashil” infratuzilmaga, shu jumladan tarmoqlarni modernizatsiya qilish va qayta tiklanadigan energiya manbalari obyektlarini qurishga yo‘naltirilgan. Mintaqa mamlakatlari orasida eng ko‘p investitsiyalar O‘zbekiston va Qozog‘istonga to‘g‘ri keldi.

 

Ma’lumot uchun: asosiy loyihalar orasida Qozog‘iston va O‘zbekistonda yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini qurish, Toshkent viloyatida mintaqadagi eng yirik energiya to‘plagichli quyosh elektr stansiyasi, shuningdek, Qozog‘istonda Markaziy Osiyodagi birinchi “yashil” vodorod ishlab chiqarish loyihasi mavjud.

 

Bundan tashqari, Yevropa kompaniyalari mintaqaning energetik rivojlanishida faol ishtirok etmoqda. Italiyaning “Eni” kompaniyasi Qozog‘istondagi eng yirik neft-gaz loyihalarida, Fransiyaning “Orano” kompaniyasi esa Qozog‘iston va O‘zbekistondagi uran qazib olishda ulushlarga ega. Fransiya o‘z atom elektr stansiyalari ehtiyojlarining katta qismini mintaqadagi uran hisobiga qoplaydi va atom sohasidagi hamkorlik chuqurlashib bormoqda.

 

Yevropa Ittifoqi “ENTSO-Ye” Yevropa elektr energiyasini uzatish tizim operatorlari tarmog‘i va Bolqon bozorlari integratsiyasi tajribasidan foydalangan holda energetika qoidalarini uyg‘unlashtirishda yetakchi rol o‘ynamoqda. Hamkorlik “5+YeI” formatida va ikki tomonlama kelishuvlar orqali olib borilmoqda. 2019-yildan boshlab Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi amal qilmoqda, 2023-yilda esa savdo, iqlim va energetikani rivojlantirish bo‘yicha 80 ga yaqin chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi’ tasdiqlandi. Mintaqaning barcha davlatlari metanni kamaytirish tashabbuslariga qo‘shildi va Parij bitimini ratifikatsiya qildi. Yevropa Ittifoqi energiya sektorlarini isloh qilish, raqobatni rivojlantirish va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha muvofiqlashtirish uchun texnik yordam ko‘rsatmoqda.

 

  1. Yevropa Ittifoqi standartlarni tartibga soluvchi va texnologik yechimlarni yetkazib beruvchi sifatida. Yevropa Ittifoqi o‘z standartlari, me’yorlari va texnologiyalarini tarqatish orqali Markaziy Osiyo energetikasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Mintaqa mamlakatlari Yevropa bozorlariga chiqishga intilib, ushbu talablarga moslashmoqda - ekologik me’yorlardan tortib bozor qoidalarigacha. Bunga misol tariqasida 2023-yilda joriy etilgan Yevropa Ittifoqining uglerod yig‘imi mexanizmini keltirish mumkin. U energiya sarfi yuqori bo‘lgan mahsulotlar, shu jumladan po‘lat, sement va elektr energiyasi eksportiga ta’sir qiladi va agar mahsulot yuqori issiqxona gazlari chiqindilari bilan ishlab chiqarilgan bo‘lsa, uglerod to‘lovini hisoblashni nazarda tutadi. Bu Markaziy Osiyo ishlab chiqaruvchilariga qo‘shimcha bosim o‘tkazadi va shu bilan birga ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish va energiya samaradorligini oshirish uchun rag‘batlarni shakllantiradi. Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘z mahsulotlarining uglerod sig‘imini, shu jumladan Yevropa tashabbuslari va texnologiyalari yordamida kamaytirish yo‘llarini izlashni boshladilar.

 

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi va YeTTB ko‘magida mintaqadagi birinchi sanoat energiya saqlash tizimi (500 MVt/soat) ishga tushirildi. “Siemens”, “ABB”, “Total Eren” kabi Yevropa kompaniyalari quyosh elektr stansiyalari qurilishi, podstansiyalarni modernizatsiya qilish va yuqori samarali generatsiyaga o‘tishda ishtirok etmoqda.

 

III. Yevropa Ittifoqi bilan energetika sohasidagi hamkorlikning imkoniyatlari va muammolari balansi. Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik Markaziy Osiyo uchun eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini yaratadi – avvalo, Rossiya hududi orqali tranzit yo‘nalishlariga va Xitoy yoki Yaqin Sharq davlatlari kabi beqaror yoki hajmi cheklangan bozorlarga eksportga bo‘lgan oldingi qaramlikni kamaytirish hisobiga. Qozog‘iston neftining 70 foizdan ortig‘i Yevropaga jo‘natiladi, 2024-yilda eksport hajmi kuniga 1 million barreldan oshib, Qozog‘iston Yevropa Ittifoqi ta’minotchilari orasida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. 2023-yilda Nigerdan tabiiy uran eksporti to‘xtatilgandan so‘ng, Qozog‘iston Yevropa Ittifoqi ehtiyojlarining 40 foizdan ortig‘ini qoplab, uning asosiy ta’minotchisiga aylandi. Bu barqaror valyuta tushumlari va uzoq muddatli shartnomalarni ta’minlaydi.

 

Biroq, Yevropaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport umumiy chegara va gaz quvurlarining yo‘qligi tufayli cheklangan – neft Qora dengiz va tranzit mamlakatlar orqali yetkaziladi. Bunday sharoitda Yevropa Ittifoqining mintaqa energetikasini rivojlantirishga qo‘shayotgan amaliy hissasi alohida ahamiyat kasb etadi: investitsiyalar infratuzilmani yangilash, elektr uzatish liniyalarini qurish, “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilmoqda. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, energiya tejovchi uskunalar, raqamli boshqaruv tizimlari, zamonaviy turbinalar va hisobga olish tizimlari kabi texnologiyalarni uzatadi. Ushbu mahalliy yondashuv nafaqat energiya tizimlarining ishonchliligini mustahkamlaydi, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarini yanada barqaror va xilma-xil tashqi bozorlarga chiqishga tayyorlaydi.

 

Biroq Markaziy Osiyo faol raqobat hududidir. Xitoy so‘nggi 20 yil ichida asosan infratuzilma loyihalari va xomashyo aktivlariga 105 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritdi, BAA va Saudiya Arabistoni qayta tiklanadigan energiya loyihalarini moliyalashtirmoqda, Rossiya muhim infratuzilma – gaz quvurlari, elektr uzatish liniyalari va transport yo‘nalishlari orqali ta’sirini saqlab qolmoqda. Yevropa Ittifoqi mintaqa mamlakatlari qiziqishini saqlab qolish uchun yanada moslashuvchan sharoitlar yaratishi lozim.

 

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik energetika mutaxassislarining malakasini oshirishga ko‘maklashadi: Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan 500 dan ortiq mutaxassis Erasmus+ dasturlari, Yevropa Komissiyasi va boshqalar, shuningdek, Yevropa universitetlari va institutlari bilan hamkorlik orqali ta’lim olgan. Ular tarif modellari, energiya samaradorligi va raqamli hisobga olish tizimlarini rivojlantirish ustida ishlamoqda.

 

Investitsiyalar to‘siqlarga duch kelmoqda: Qozog‘istonda tarif modeli o‘zgardi, O‘zbekistonda esa davlat kompaniyalari tomonidan to‘lovlarning kechikishi kuzatilmoqda. Mamlakatlarning investorlar uchun ishonchliligini baholaydigan “Fitch” xalqaro agentligi investorlar oldidagi majburiyatlar bo‘yicha kechikishlarni qayd etadi, bu esa xususiy ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini rasman sotib oladigan maxsus kompaniya – “O‘zenergosotish”ni tashkil etishni va xalqaro institutlarning qo‘shimcha kafolatlarini talab qildi.

 

  1. Yevropa Ittifoqi bilan energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning strategik ustuvorliklari va yo‘nalishlari. Geosiyosiy o‘zgarishlar va eksport oqimlarining qayta yo‘naltirilishi Markaziy Osiyoning Yevropa Ittifoqi bilan infratuzilmaviy bog‘liqligining ahamiyatini oshirmoqda. Barqaror logistika uchun strategik transport yo‘lagi – O‘rta koridor alohida ahamiyat kasb etadi. Qozog‘iston Oqtov va Qo‘riq portlarini modernizatsiya qilmoqda, ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirmoqda va Olat (Ozarbayjon) portiga neft tashish uchun Kaspiy tankerlari flotini ko‘paytirmoqda. O‘zbekiston va Turkmaniston Turkmanboshi portini yangilab, mintaqaviy logistika markazini yaratmoqda.

 

2022-yilda qurilishi boshlangan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li Yevropaga energiya yuklarining tranzit muddatlarini sezilarli darajada qisqartiradi. Turkmaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi Transkaspiy gaz quvuri har yili Yevropa Ittifoqiga 15 milliard kub metrgacha gaz yetkazib berishi mumkin, bu esa eksport imkoniyatlarini kengaytiradi va mintaqaning energetik mustaqilligini mustahkamlaydi.

 

Yevropa bozori bilan integratsiyalashish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari tariflar, standartlar va tarmoqlarni boshqarishdagi tarqoqlikni bartaraf etishlari kerak. Janubi-Sharqiy Yevropa modeli bo‘yicha Markaziy Osiyo energetika hamjamiyatining tashkil etilishi elektr energiyasining transchegaraviy savdosi va huquqiy aniqlikni ta’minlaydi.

 

Umuman olganda, sheriklik salohiyati hali tugagani yo‘q. Yevropa Ittifoqi tashabbuslarini muvaffaqiyatli amalga oshirish va Markaziy Osiyo mamlakatlarining islohotlarga tayyorligi bilan global xavfsizlik va iqlim barqarorligining muhim elementi sifatida Yevropadan Markaziy Osiyogacha bo‘lgan yangi energetika makonini yaratish mumkin.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.