Markaziy Osiyo mamlakatlari proaktiv institutsional yondashuvga asoslangan suv resurslarini boshqarish tizimini mustahkamlashni davom ettirmoqda. Joriy yilning aprel oyida Samarqand shahrida Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining (DSXMK) 89-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish kun tartibidagi ustuvor masalalardan biri Sirdaryo va Amudaryo havzalarida 2025-yil vegetatsiya davri uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga suv olishning kelishilgan davlatlararo limitlarini tasdiqlash edi.
Sirdaryo havzasi bo‘yicha 2025-yil vegetatsiya davri uchun mamlakatlarning suv olish limitlari quyidagi hajmda tasdiqlandi:
Amudaryo havzasi bo‘yicha 2025-yil vegetatsiya davri uchun suv olish limitlari jami 39,723 mln m³ ni tashkil etdi, shundan Tojikistonga 7,003 mln m³, Turkmanistonga 15,500 mln m³, O‘zbekistonga 16,020 mln m³ to‘g‘ri keladi. Qo‘shimcha ravishda, ekologik va sanitariya-ekologik ehtiyojlar uchun 5,150 mln m³ suv, shu jumladan daryo deltasi va Orol dengizini suv bilan ta’minlash uchun ajratiladi.
Yig‘ilishda Markaziy Osiyo davlatlarining hamkorlikning institutsional asoslarini chuqurlashtirishga tayyorligi tasdiqlandi. Bunda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining (OQXJ) shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish, xalqaro tashabbuslarda ishtirok etish hamda xalqaro maydonda OQXJning salohiyati va obro‘sini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan, DXMK a’zolariga 2025-yil 29-31-may kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida muzliklarni saqlash bo‘yicha yuqori darajadagi Davlatlararo konferensiya doirasida mintaqaviy forumni tashkil etishda ko‘maklashish topshirildi.
Ushbu hamkorlikdagi sa’y-harakatlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining qishloq xo‘jaligi, energiya ishlab chiqarish va atrof-muhitni muhofaza qilish ehtiyojlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlagan holda umumiy suv resurslarini samarali boshqarishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi. Alohida ta’kidlash joizki, yuqori suv omborlaridagi suv zaxiralari vegetatsiya davri boshlanishiga kelib 2024-yilga nisbatan 1,47 mlrd m³ ga ko‘paydi, bu esa qo‘shimcha resurs buferini yaratadi.
Bularning barchasi texnik muvofiqlashtiruvdan institutsional mustahkamlash va strategik hamkorlikkacha bo‘lgan barqaror tendensiyani shakllantiradi. Suv diplomatiyasining Markaziy Osiyodagi ekologik va siyosiy barqarorlikning asosi sifatidagi amaliy ahamiyati aynan shunday qarorlarda namoyon bo‘ladi.
Muntazam uchrashuvlar Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi uchun transchegaraviy suvdan foydalanishni muvofiqlashtirishning strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Iqlim o‘zgarishi va mintaqadagi notekis suv ta’minoti sharoitida suv diplomatiyasi deklarativ shiordan qo‘shma mintaqaviy boshqaruvning amaliy vositasiga aylanmoqda. DXMKning navbatdagi 90-yig‘ilishi 2025-yil avgust oyida Qozog‘iston Respublikasining Astana shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.