Qozog‘iston tashqi siyosatining Afg‘oniston yo‘nalishi: manfaatlar, vositalar va istiqbollar

Tahliliy nashrlar

25 Avgust 2026

Ulashish

Qozog‘iston tashqi siyosatining Afg‘oniston yo‘nalishi: manfaatlar, vositalar va istiqbollar

JIDU talabasi, IXTI amaliyotchisi  Bositxon Islomov  bilan hammmualliflikda tayyorlangan

 

Qozog‘istonning Afg‘onistonga nisbatan siyosati jadal iqtisodiy va institutsional faollashuv bosqichiga kirmoqda. “Tolibon” harakati tomonidan shakllantirilgan hukumatni rasman tan olmagan holda, Ostona diplomatik aloqalar, savdo mexanizmlari, transport loyihalari va tarmoqlararo hamkorlikni izchil kengaytirmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin boshchiligidagi Qozog‘iston delegatsiyasining 2026-yil 19–21-iyun kunlari Kobulga tashrifi ushbu kursning eng mujassam ifodasiga aylandi. 25ta tijorat bitimining imzolanishi 2025-yil aprelida erishilgan, umumiy qiymati $140 mln teng qariyb 20 ta kelishuvni to‘ldirdi. Shunday qilib, Qozog‘iston alohida aloqalardan savdo, transport, xomashyo qazib olish, ta’lim, texnologiyalar va xavfsizlikni qamrab oluvchi ko‘p darajali ishtirok modelini shakllantirishga o‘tmoqda.

Qozog‘iston kursining siyosiy asosi munosabatlarni rasmiy tan olmasdan normallashtirishdan iborat.Ostona Tolibon hukumatining xalqaro-huquqiy maqomi masalasini Afg‘onistonning amaldagi hokimiyatlari bilan hamkorlik qilishning amaliy zaruratidan ajratishga intilmoqda. 2023-yil dekabrida “Tolibon” harakati Qozog‘istonning terrorchi tashkilotlar milliy ro‘yxatidan chiqarildi, bu esa rasmiy aloqalar uchun asosiy ichki huquqiy cheklovlarni bartaraf etdi. O‘sha yilning aprelidayoq yangi afg‘on hokimiyati vakillari Ostonadagi Afg‘oniston elchixonasi binosi ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan edi. Ushbu qarorlar ehtiyotkor muloqotdan muntazam idoralararo va iqtisodiy hamkorlikka o‘tish uchun siyosiy asos yaratdi.

Bunday model Qozog‘istonga xalqaro hamjamiyatning umumiy pozitsiyasiga muvofiqlikni saqlab qolish va ayni paytda afg‘on bozoriga kirishda mintaqaning boshqa davlatlaridan ortda qolmaslik imkonini beradi. Natijada tan olmaslik amaliy hamkorlik uchun to‘siq bo‘lishdan chiqib, Astanaga reputatsion va sanksiyaviy xatarlarni minimallashtirish imkonini beruvchi siyosiy masofa shakliga aylanadi.

Savdo strategiyasi, avvalo, Afg‘onistonni Qozog‘iston mahsulotlari uchun sotuv bozori sifatida mustahkamlashga qaratilgan. 2025-yilda ikki tomonlama savdo aylanmasi $541,8 mln tashkil etdi, shundan $519 mln Qozog‘iston eksportiga, atigi $22,8 mln esa Afg‘onistondan importga to‘g‘ri keldi. 2026-yilning birinchi choragida ushbu nomutanosiblik saqlanib qoldi: $242,6 mln o‘zaro savdoning $240,1 mln Qozog‘iston eksporti hisobiga ta’minlandi.

Yetkazib berishlarning asosini bug‘doy, un, o‘simlik yog‘i, dori-darmonlar va boshqa ommaviy iste’mol tovarlari tashkil etadi. Hirotda Qozog‘iston savdo uyining ochilishi epizodik bitimlardan mahsulotlarni ilgari surishning doimiy infratuzilmasiga o‘tish istagini ko‘rsatadi. Biroq tomonlar belgilagan savdo aylanmasini $3 mlrd yetkazish maqsadi afg‘on eksportini kengaytirish, hisob-kitob mexanizmlarini rivojlantirish va transport xarajatlarini kamaytirishsiz haddan tashqari ulkan ko‘rinadi. Amaldagi model Afg‘onistonni Qozog‘iston yetkazib berishlariga qaram qiladi, biroq ayni paytda afg‘on bozorining past to‘lov qobiliyati savdo barqarorligini cheklaydi.

Transport yo‘nalishi Qozog‘iston tashqi marshrutlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha kengroq strategiyaning tarkibiy qismidir. Shimoliy yo‘nalishlardagi cheklovlar, Rossiya atrofidagi geosiyosiy keskinlik va ikkilamchi sanksiyalar xavfi Astanani Janubiy Osiyo portlariga chiqishga ko‘proq qiziqtirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Afg‘oniston hududi Qozog‘istonni Pokiston, Hindiston, Yaqin Sharq va Hind okeani bilan bog‘lovchi istiqbolli bo‘g‘in sifatida ko‘rilmoqda.

Eng ilg‘or yo‘nalish sifatida Turg‘undi — Hirot temir yo‘l loyihasi, keyinchalik uning Qandahor orqali Spin-Buldak va Pokiston chegarasigacha davom ettirilishi ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, Qozog‘iston Xof — Hirot uchastkasini rivojlantirishda ishtirok etmoqda hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida temir yo‘l aloqasini yaratishning umumiy tamoyillarini muhokama qilmoqda. Ushbu yo‘nalishlarning strategik qiymati nafaqat eksportni kengaytirish, balki cheklangan sonli tranzit yo‘nalishlariga qaramlikni kamaytirishdan ham iborat.

Shu bilan birga, loyihalar katta investitsiyalar, xalqaro moliyalashtirish va uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarini talab qiladi. Shu sababli, qisqa muddatli istiqbolda ular amaldagi yo‘nalishlarga to‘laqonli muqobildan ko‘ra strategik pozitsiyalash vositasi bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonning geografik ustunligi Qozog‘istonning Afg‘onistonga doir kursi mustaqilligini cheklaydi.Qozog‘istondan farqli ravishda, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan umumiy chegaraga, Termiz — Hayraton ko‘prigiga, amaldagi temir yo‘l infratuzilmasiga hamda elektr energiyasini yetkazib berishning barqaror kanallariga ega. 2025-yilda O‘zbekiston–Afg‘oniston savdosi $1,68 mlrd yetib, Qozog‘iston ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada oshdi.

Ostona uchun bu ikkiyoqlama vaziyatni yuzaga keltiradi. Bir tomondan, O‘zbekistonning kuchayishi afg‘on bozori va kelajakdagi transport yo‘laklariga ta’sir uchun raqobatni oshiradi. Ikkinchi tomondan, O‘zbekiston yoki Turkmaniston infratuzilmasidan foydalanmasdan Qozog‘iston Afg‘onistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishni ta’minlay olmaydi. Natijada uning strategiyasi muqarrar ravishda raqobat ambitsiyalarini tranzit hamkorligi bilan uyg‘unlashtiradi. Qozog‘iston yirik yetkazib beruvchi va investor roliga da’vo qilishi mumkin, biroq Markaziy Osiyo — Janubiy Osiyo yo‘nalishining logistika arxitekturasi ustidan to‘liq nazoratga emas.

Tog‘-kon sohasidagi hamkorlik “afg‘on xomashyosi — Qozog‘iston qayta ishlashi” ehtimoliy modelini shakllantiradi. Afg‘oniston mis, rux, xrom, litiy, nodir yer metallari va tabiiy toshlarning katta zaxiralariga ega, biroq infratuzilmaning zaifligi va ko‘p yillik beqarorlik ularni sanoat miqyosida o‘zlashtirishni cheklab kelgan. Qazib oluvchi kompaniyalar, muhandislik kadrlari va qayta ishlash quvvatlariga ega Qozog‘iston dastlabki qidiruv bilan chuqur qayta ishlash o‘rtasidagi bo‘shliqni egallashga intilmoqda.

“Tau-Ken Samruk” mutaxassislarining Bomiyon viloyatidagi Pami-Kakrak koniga tashrifi va keyinchalik namunalar “Kazzinc” korxonalari tomonidan tahlil qilinishi afg‘on rudasini Qozog‘istonda qayta ishlash imkoniyatini ko‘rsatdi. Shuningdek, ERG, Kazakhmys Barlau va boshqa kompaniyalarning geologik qidiruv hamda konlarni o‘zlashtirishdagi ishtiroki muhokama qilinmoqda. Bunday sxema Afg‘onistonda qimmat qayta ishlash korxonalarini qurish zaruratini kamaytiradi va ayni paytda Qozog‘iston sanoatini qo‘shimcha xomashyo bazasi bilan ta’minlaydi. Biroq uni amalga oshirish xavfsizlik kafolatlari, litsenziyalashning shaffofligi va investitsiyalarni himoya qilishga bog‘liq bo‘ladi.

Ta’lim va texnologik loyihalar uzoq muddatli ishtirok vositalari sifatida qo‘llanmoqda. Qozog‘iston afg‘on talabalariga tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va muhandislik mutaxassisliklari bo‘yicha stipendiyalar taqdim etmoqda. Suv resurslarini boshqarish, irrigatsiya va barqaror dehqonchilik bo‘yicha qo‘shma markaz tashkil etilishi Afg‘onistonning oziq-ovqat xavfsizligi uchun o‘ta muhim sohadagi hamkorlikni kengaytiradi.

Qo‘shimcha yo‘nalish sifatida Qozog‘iston texnologik yechimlarini, jumladan HES-7 mobil diagnostika platformasini ilgari surish shakllanmoqda. Bunday tashabbuslar Ostonaga afg‘on muassasalari bilan barqaror professional aloqalarni rivojlantirish va qo‘shni mamlakatlarning geografik ustunligi kamroq ahamiyat kasb etadigan tarmoqlarda mustahkam o‘rnashish imkonini beradi. Qozog‘istonda Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha mintaqaviy markazi joylashtirilishi ham uning mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi rolga da’volarini kuchaytiradi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik iqtisodiy yaqinlashuvning zarur sharti bo‘lib qolmoqda. Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bilan aloqalar giyohvand moddalar savdosi, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashga qaratilgan. Afg‘on kinologlarini Qozog‘istonda tayyorlash va tegishli idoralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilishi cheklangan amaliy hamkorlikka o‘tilayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Osotna to‘laqonli kuch tuzilmalari sherikligi yoki Tolibon hukumatining siyosiy legitimatsiyasi sifatida talqin qilinishi mumkin bo‘lgan formatlardan qochmoqda.

Xulosa. Qozog‘iston Afg‘oniston bilan ehtiyotkor siyosiy hamkorlikdan Tolibon hukumatini rasman tan olmagan holda institutsional jihatdan shakllantirilgan iqtisodiy ekspansiyaga o‘tmoqda. Ostona bir vaqtning o‘zida afg‘on bozori va resurslariga kirish, janubiy transport yo‘laklarini shakllantirish hamda ta’lim va texnologiyalar orqali uzoq muddatli ta’sirni mustahkamlashga intilmoqda. Biroq ushbu strategiyani amalga oshirish qo‘shni davlatlarga geografik qaramlik, afg‘on bozorining past to‘lov qobiliyati, sanksiyaviy xatarlar va O‘zbekistonning ustunliklari bilan cheklanadi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.