Muallif: Shaymardonov Ilyos, JIDU magistranti, IXTI amaliyotchisi
Kirish. 2026-yil boshida AQSH-Eron urushining boshlanishi jahon geosiyosiy arxitekturasini larzaga keltirdi va buyuk davlatlar strategiyasini bevosita sinovdan o‘tkazdi. Ko‘plab ekspertlar nazarida, bu mojaro Xitoy uchun tayyor strategik imkoniyatlar eshigini ochgandek ko‘rindi. Ya’ni, Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqda navbatdagi qimmatga tushuvchi harbiy kampaniyaga aralashib qolgan bir paytda, Pekin yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirishga, Tehron bilan aloqalarini chuqurlashtirishga va Amerikaning yetakchiligiga qarshi da’vosini tezlashtirishga harakat qiladi, deb taxmin qilingan edi. Biroq bu faraz Xitoyning geosiyosiy beqarorlik sharoitida aslida qanday harakat qilishini noto‘g‘ri talqin etadi. Vaziyat tahlili Xitoyning AQSH-Eron urushiga munosabati ekspansionizmni emas, balki puxta o‘ylangan vazminlik doktrinasini ko‘rsatmoqda.
Bu o‘z navbatida Xitoy iqtisodiyoning global zaifliklariga, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi uzoq muddatli sarmoyalariga hamda qisqa muddatli taktik yutuqlar emas, balki tizimli barqarorlik Xitoyning barqaror taraqqiy etishining asosiy sharti ekanligiga bo‘lgan qat’iy ishonchidan kelib chiqadigan ongli pozitsiyadir.
Xitoy–Eron strategik hamkorligi asoslari: “Bir makon, bir yo‘l” va 25-yillik sheriklik
Urush davridagi Xitoyning pozitsiyasini tushunish uchun avvalo undan oldingi Xitoy–Eron munosabatlarining mohiyati va qay darajada chuqurligini anglab yetish lozim. 2021-yilning mart oyida Xitoy va Eron 25-yillik Keng qamrovli hamkorlik bitimini imzoladi. Unga ko‘ra, Xitoy Eronning arzonlashtirilgan neftini barqaror yetkazib berish evaziga mamlakat infratuzilmasi va energetika sohasiga 400 milliard dollargacha sarmoya kiritish majburiyatini oldi. Ushbu bitim Eronni “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga bevosita bog‘lab, Tehronni Markaziy Osiyoni Fors ko‘rfazi bilan bog‘laydigan muhim bir tugunga aylantirdi va bu yo‘lak Xitoyga AQSH harbiy-dengiz kuchlari hukmron bo‘lgan dengizdagi strategik o‘tish nuqtalarini chetlab o‘tish imkonini berardi. 2023-yilda Eronning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga rasman a’zo bo‘lishi bu yaqinlikni Xitoy yetakchiligidagi mintaqaviy institutlar tarmog‘i doirasida rasmiy-institutsional jihatdan yanada mustahkamladi.
Ushbu sheriklik zamiridagi strategik mantiq ko‘p qirralidir. Eronlik ekspert S.Madani ta’kidlaganidek, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi shunchaki infratuzilma dasturi bo‘libgina qolmay, tizimli cheklovlar sharoitida ta’sir doirasini kengaytirish va resurslarni qo‘lga kiritishga mo‘ljallangan iqtisodiy vositasi sifatida ham xizmat qiladi . Eron uchun esa ushbu tashabbus G‘arb bosimi ostida ega bo‘lishi mushkul bo‘lgan bozorlar va kapitaldan foydalanish imkonini berib, institutsional barqarorlikni saqlash hamda sanksiyalarni chetlab o‘tish mexanizmi vazifasini o‘tadi. Shu tariqa Xitoy Eron neftining asosiy xaridoriga aylanib, mamlakat xomashyo eksportining qariyb 90 foizini sotib ola boshladi. Gudzon instituti bu munosabatlarni Eronning iqtisodiy jihatdan omon qolishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega va Pekinning AQSHning dengizdagi hukmronligidan holi bo‘lgan xavfsiz quruqlik energiya yo‘lagini yaratish konsepsiyasida markaziy o‘rin tutadi, deb ta’riflaydi.
Geosiyosiy nuqtayi nazardan, bu hamkorlik Xitoyning ko‘p qutbli dunyo tartibini barpo etishdek umumiy manfaatlariga xizmat qildi. Eronning Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazini bog‘lab turuvchi strategik jug‘rofiy joylashuvi Xitoyga tarixan AQSH ta’siri ustun bo‘lgan mintaqada diplomatik ustunlik berdi. NESA markazi tahlilchilarining kuzatishicha, Xitoyning Yaqin Sharqqa geosiyosiy ekspansiyasi mintaqaviy yoki xalqaro kuchlarning keskin reaksiyasini keltirib chiqarmaslik uchun bosqichma-bosqich va tavakkaldan xoli tarzda amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Eron bilan hamkorlik to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddiyatga bormasdan, Xitoyning Yaqin Sharqdagi mavqeini mustahkamlashning bir vositasi bo‘lib xizmat qiladi .
Hisoblangan vazminlik: nega Pekin urushga aralashmayapti?
Xitoy-Eron aloqalarining chuqurligiga qaramay, Xitoyning AQSH-Eron urushiga munosabati sezilarli darajada vazmin bo‘ldi. Pekinning Katta Yaqin Sharqda doimiy harbiy ishtiroki, Tehron oldida xavfsizlik bo‘yicha majburiyatlari va bunday shiddatli mojaroda harbiy muvozanatni o‘zgartirishga qodir real salohiyati yo‘q. Xitoy neft tankerlarini himoya qilish uchun mintaqaga aviatashuvchi guruhni yuborish ochiq dengizdagi salohiyatini hali endigina rivojlantirayotgan harbiy-dengiz floti uchun o‘ta xavfli tavakkalchilik bo‘lar edi. Bu harbiy vazminlik zaiflikning tan olinishi emas, balki AQSH-Xitoy raqobatiga nisbatan oqilona javobdir.
“Foreign Affairs” nashri tahlilchilarining ta’kidlashicha, Xitoy rahbarlari AQSHning har bir muvaffaqiyatsizligini Xitoyning yutug‘i deb bilmaydi va har bir geosiyosiy imkoniyatdan foydalanish shart, deb hisoblamaydi. Pekinning hisob-kitobi vaziyat barqarorlashgani yoki aksincha, xaosga yuz tutganiga qarab belgilanadi. Markazida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi turgan mintaqaviy to‘qnashuv esa, o‘z navbatida xaos manbai hisoblanadi. Bu yondashuv Vashingtonning strategik munozaralariga singib ketgan “yutdim-yutqazdim” mantig‘iga zid keladi. Amerikalik tahlilchilar Xitoyni AQSHning haddan tashqari tarqoqligidan eng katta foyda ko‘ruvchi sifatida ko‘rsa, Pekin bunda o‘z iqtisodiy modelining asosi bo‘lgan ochiq savdo muhitiga tahdid soluvchi beqarorlashtiruvchi inqirozni ko‘radi.
Xitoyning diplomatiyasi aynan shu pozitsiyani aks ettirish uchun puxta ishlab chiqilgan. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I muzokaralardagi diplomatik sur’atni saqlab qolishga chaqirgan bo‘lsa, Si Szinpin AQSHning Eron portlarini blokada qilishini xavfli va mas’uliyatsiz harakat deya ochiq tanqid qildi hamda eronlik muzokarachilarni o‘z pozitsiyalarini yumshatishga undash uchun Pokiston bilan aloqalaridan foydalandi.
Atlantika Kengashi qayd etishicha, bu ikki yo‘nalishli siyosat – ya’ni AQSHning majburlov choralarini ochiq qoralash barobarida Tehronga pinhona diplomatik bosim o‘tkazish – Pekinning urush homiysi emas, balki mas’uliyatli vositachi sifatida namoyon bo‘lishga intilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Iqtisodiy zaifliklar va Hormuz bo‘g‘ozidagi tang holat
Ushbu mojaroda Xitoy duch kelayotgan eng muhim tizimli muammo energetika sohasidir. Xitoy dunyodagi eng yirik neft importchisi bo‘lib, mamlakat ehtiyojining qariyb 70 foizi xorijdan qoplanadi, shundan taxminan uchdan bir qismi avvallari Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tkazilar edi.
2026-yil fevral oyi oxiridan buyon ushbu strategik o‘tish yo‘lagining amalda yopilishi Xitoyning energetik xavfsizligiga jiddiy zarba berdi. Biroq Pekin vahimaga tushgani yo‘q va bu xotirjamlik ko‘p yillik puxta tayyorgarlik natijasidir.
Xitoy 2025-yildan, ya’ni jahon bozoridagi ortiqcha taklif va neftning arzonligi zaxiralarni kamxarj to‘plash uchun noyob imkoniyat yaratgan paytdan boshlab, yirik xom neft zaxiralarini shakllantirib kelayotgan edi. Pekin, shuningdek, ta’minot manbalarini diversifikatsiya qilish siyosatini ham izchil davom ettirmoqda. AQSH sanksiyalari tufayli vaqtincha uzilib qolgan aloqalar tiklangach, Xitoyning milliy neft kompaniyalari Rossiyadan dengiz orqali neft sotib olishni qayta yo‘lga qo‘ydi, “Sibir qudrati – 1” quvuri esa Rossiya gazini belgilangan quvvatdan ham yuqori hajmda yetkazib berishda davom etmoqda . Stimson markazi (Stimson Center) tahliliga ko‘ra, urush bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalishli yondashuvni, ya’ni turli manbalardan xarid qilish va yashil energiyaga sarmoya kiritishni tezlashtirdi. Xususan, Pekin “Sinopec” kompaniyasi orqali Xitoy-Jazoyir energetika kelishuvlarini kengaytirib, Fors ko‘rfaziga uzoq muddatli qaramlikni kamaytirish uchun Marokash va Misr bilan toza energiya sohasidagi hamkorlikni jadallashtirmoqda .
Qatarning Ras-Laffan suyultirilgan tabiiy gaz inshootidagi uzilishlar xitoylik xaridorlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha fors-major holati e’lon qilinishiga olib keldi va Pekin duch kelayotgan real iqtisodiy xarajatlarni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Energiyaning qimmatlashuvi, yuklarni yetkazib berishdagi kechikishlar, sug‘urta uchun qo‘shimcha to‘lovlar va yuk tashish yo‘nalishlarini o‘zgartirish bilan bog‘liq xarajatlar Xitoyning eksportga yo‘naltirilgan sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish tannarxini oshirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, xitoylik ishlab chiqaruvchilar mamlakat ichida ortiqcha quvvat bosimiga duch kelayotgan bir paytda, jahon bozoridagi talabning pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Bularning hech biri Pekinning strategik manfaatlariga mos kelmaydi va bu holat urush Vashington tahlilchilari ba’zan taxmin qilganidek, Xitoy uchun geosiyosiy sovg‘a emas, degan asosiy tahliliy xulosani yanada mustahkamlaydi.
Diplomatik yondashuv va ko‘p qutbli dunyoqarash
Urushdan kelib chiqayotgan ustuvor qarash, ya’ni AQSH va Isroil harakatlari tajovuzkorlik akti bo‘lgani, Eronning javob choralari esa reaktiv xarakterga egaligi hamda ushbu mojaro Amerika yakkahokimligining badalini yaqqol ko‘rsatishi Pekinning ko‘p yillardan beri AQSHning global siyosatiga qarshi ilgari surayotgan tanqidi bilan deyarli bir xil.
Xitoyning ko‘p qutblilikka doimiy da’vati hozirgi sharoitda yangicha ma’no kasb etmoqda. Bugungi kunda 145 dan ortiq mamlakat iqtisodiyoti AQSH bilan emas, Xitoy bilan ko‘proq savdo qilayotgani, shuningdek, AQSHning Yevropa va Osiyodagi ittifoqchilari energiya ta’minotidagi uzilishlar tufayli jiddiy ehtiyotkorlik choralarini ko‘rayotgani yanada tarqoq xalqaro tartib uchun tuzilmaviy asosning ishonchliligini oshiradi. Xitoyning 2026-yil mart oyidayoq BMT Xavfsizlik Kengashining Eron va Yaqin Sharqqa oid sanksiyalar rezolyutsiyalariga qarshi ovoz berishi, garchi Tehronni bevosita moddiy qo‘llab-quvvatlashdan tiyilishga chaqirayotgan bo‘lsa-da, uning G‘arb institutsional hukmronligiga qarshi muvozanat sifatidagi obro‘sini mustahkamlaydi.
Andersen va Sendingning tahlil markazlari Yaqin Sharqdagi “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga oid tahlil bu masalaga oydinlik kiritadi. Ushbu muassasalar Xitoyning infratuzilmaviy sarmoyalarini muntazam ravishda strategik tahdid deya ta’riflab kelgan va bu ko‘pincha mintaqadagi “Bir makon, bir yo‘l” loyihalarining haqiqiy ko‘lamidan ancha oshirib ko‘rsatilgan. Biroq aynan shu yondashuv beixtiyor Xitoyning o‘zini konstruktiv muqobil kuch sifatida taqdim etishini tasdiqlaydi. Urush bu jarayonni tezlashtiradi, chunki u AQSH gegemonligi tanqidchilari uzoq vaqtdan beri ta’kidlab kelayotgan fikrga aniq dalil bo‘ladi. Ya’ni, Amerikaning harbiy avantyuralari shunday beqarorlikni yuzaga keltiradiki, mavjud tartib uni talafotsiz o‘zlashtira olmaydi.
Xitoy strategiyasining chegaralari va uzoq muddatli oqibatlari
Xitoyning hisob-kitobli vazminlik strategiyasi ham o‘ziga xos zaifliklar va ziddiyatlardan xoli emas. Ularning eng yaqqoli “ikki xil maqsadda qo‘llanuvchi texnologiyalar” muammosidir. Demokratiyani himoya qilish jamg‘armasi (Foundation for Defense of Democracies) hisobotlariga ko‘ra, Xitoy bilan aloqador firmalar Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi qo‘mondonlariga AQSH harbiy inshootlari, jumladan, Shahzoda Sulton havo bazasining yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini taqdim etgan . Bunday faoliyatga davlat darajasida ruxsat berilganmi yoki bu “kulrang hudud”da ish yurituvchi tijoriy tuzilmalarning harakatimi, bundan qat’i nazar, bu Pekinni Vashingtonning qarshi bosimiga duchor qiladi va uning betaraf diplomatik vositachi sifatidagi mavqeyiga putur yetkazadi.
Uzoq muddatli strategik yo‘qotish bundan-da jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Xitoy o‘zining Yaqin Sharqdagi “Bir makon, bir yo‘l” strategiyasining tamal toshi sifatida o‘ziga ishongan, bo‘ysunmas va yadroviy da’volarga ega Eronga umid bog‘lagan edi. Qattiq zarbaga uchragan, ichki ziddiyatlar girdobida qolgan Eron endi Amerika e’tiborini chalg‘ituvchi ishonchli omil vazifasini bajara olmaydi .
Eron portlari, temir yo‘l yo‘laklari va energetika infratuzilmasiga bog‘liq bo‘lgan “Bir makon, bir yo‘l” loyihalari esa endi yanada kuchliroq beqarorlikka yuz tutmoqda. AQSH hukmronlik qiladigan dengizdagi muhim nuqtalarni chetlab o‘tuvchi xavfsiz quruqlikdagi energiya yo‘lagini barpo etish g‘oyasi jiddiy zarba ostida qoldi. Bundan tashqari, Xitoyning bir vaqtning o‘zida Eronni qo‘llab-quvvatlab, Fors ko‘rfazidagi arab monarxiyalari bilan aloqalarni muvozanatda ushlab turishga qaratilgan ko‘p yillik sa’y-harakatlari mohiyatan ziddiyatli ekani fosh bo‘ldi.
Atlantika Kengashining ssenariylar tahlilida urushdan keyingi geosiyosiy tartibning to‘rtta ehtimoliy rivojlanish yo‘nalishi ko‘rsatilgan: tizim barqarorligini saqlab qoladigan AQSHning cheklangan muvaffaqiyatidan tortib, Xitoyning jiddiy bilvosita aralashuvi bilan javob berishigacha bo‘lgan ssenariy. Bunday aralashuv mintaqaviy ziddiyatni tizimli qarama-qarshilikka aylantiruvchi ilg‘or razvedka ma’lumotlari, Eron kuchlariga logistik yordam hamda Tayvan bo‘g‘ozi kabi parallel teatrlarda muvofiqlashtirilgan bosimlarni o‘z ichiga oladi. Pekin birinchi yo‘nalishni afzal ko‘rishi tayin. Ikkinchi yo‘nalish tomon har qanday keskinlashuv Xitoy strategiyasining g‘alabasi emas, balki mag‘lubiyatini anglatgan bo‘lardi.
Xulosa. Xitoyning AQSH-Eron urushi geosiyosatidagi o‘rni na “Pekin urushning asosiy manfaatdori” degan bayonotiga, na “Xitoy bu jarayonda shunchaki yo‘q” degan mensimaslikka mos keladi. Dalillar shuni ko‘rsatadiki, Pekin puxta o‘ylangan vazminlik doktrinasiga amal qilmoqda. U haqiqiy iqtisodiy xarajatlarni o‘z zimmasiga olmoqda, energetikadagi tarkibiy zaifliklarni katta mahorat bilan boshqarmoqda. Amerikaning harbiy harakatlari natijasida yuzaga kelgan diplomatik oqibatlardan o‘zining ko‘p qutbli dunyo haqidagi g‘oyasini ilgari surish uchun foydalanmoqda va rad etish imkoniyatini saqlab qoladigan kanallar orqali yashirincha bosim o‘tkazmoqda. Bu pozitsiya tizimli barqarorlikni milliy qudratning zaruriy sharti deb biladigan va Amerikaning haddan tashqari ekspansiyasini kengayish imkoniyati emas, balki ogohlantiruvchi saboq sifatida ko‘radigan strategik madaniyatni aks ettiradi.
Biroq, bu urush zaif hamkorlikka qurilgan buyuk strategiyaning cheklangan ekanini fosh qildi. Zaiflashgan Eron, uzilib qolgan “Bir makon, bir yo‘l” dahlizlari va ikki maqsadli texnologiyalar uzatilishining qattiq nazoratga olinishi, bularning barchasi Pekin o‘zi tanlamagan va osonlikcha bartaraf eta olmaydigan yo‘qotishlardir. Xitoyning taktik imkoniyatlardan voz kechib, strategik sabrni afzal ko‘rishi uning Yaqin Sharqdagi uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladimi yoki yo‘qmi, urushning qanday va qanchalik tez tugashiga bog‘liq bo‘ladi. Vashingtonning Xitoyga oid munozaralarida ustunlik qiladigan soddalashtirilgan “yutdim-yutqazdim” qolipi vaziyatni yoritishdan ko‘ra ko‘proq xiralashtiradi. Bu inqirozda Xitoyning kuchi uning nima qilganida emas, balki nimalarni qilmaslik uchun o‘zida yetarli intizom topa olganida namoyon bo‘ladi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.