Pekinda bo‘lib o‘tgan Xitoy KP IV Plenumi yakunlari

Sharh

29 Oktabr 2025

Ulashish

Pekinda bo‘lib o‘tgan Xitoy KP IV Plenumi yakunlari

2025-yil 20–23-oktabr kunlari Pekinda Xitoy Kommunistik Partiyasi (XKP) Markaziy Qo‘mitasining XX chaqiriqdagi to‘rtinchi plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan 15-besh yillik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar tasdiqlandi. Plenum mamlakat taraqqiyotining strategik ustuvor yo‘nalishlari sifatida yuqori sifatli o‘sish, innovatsion modernizatsiya va texnologik mustaqillikni belgiladi.

 

24-oktabr kuni Xitoy Davlat kengashi matbuot anjumanida yangi rejaning asosiy maqsadlari e’lon qilindi: barqaror iqtisodiy o‘sish, ochiqlikni chuqurlashtirish, madaniy va ekologik sivilizatsiyani rivojlantirish, milliy xavfsizlikni mustahkamlash hamda qishloq hududlarini modernizatsiya qilish. CFEAC (Central Financial and Economic Affairs Commission) rahbari o‘rinbosari Han Vensyu ta’kidlashicha, asosiy e’tibor agrar tarmoqni modernizatsiya qilish va zamonaviy infratuzilmani yaratishga qaratilgan.

 

National Bureau of Statistics (NBS) va Peking Ensight ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida Xitoy iqtisodiyoti 5,3% o‘sdi, bu esa rejalashtirilgan “taxminan 5%” ko‘rsatkichdan yuqori. Eksport (+6,9%), chakana savdo (+4,6%) va sanoat ishlab chiqarishining (+6,2%) o‘sishi ichki talabni rag‘batlantirish siyosatining samaradorligini tasdiqlaydi.

 

Asia Society qoshidagi Center for China Analysis ekspertlariga ko‘ra, Xitoy “innovatsiyalarga ikki baravar e’tibor qaratmoqda”, bu esa tashqi qaramlikni kamaytirish va ishlab chiqarish unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. Diqqat markazida — “new quality productive forces” (yangi sifatli ishlab chiqaruvchi kuchlar) konsepsiyasi, ya’ni raqamlashtirish, sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalar asosidagi iqtisodiy model.

 

Fan va texnologiya vaziri In Xetszyun asosiy ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi: fundamental tadqiqotlarni kuchaytirish, tanqidiy texnologiyalarda yutuqlarga erishish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish hamda ilmiy kadrlar tayyorlash. MERICS (Mercator Institute for China Studies) tahlilchilariga ko‘ra, Xitoy IV plenum yakunlariga binoan “innovatsiya va yuqori texnologiyalarga ikki baravar sarmoya kiritmoqda”, shu orqali texnologik mustaqillikni mustahkamlashda davom etmoqda.

 

National Development and Reform Commission (NDRC) rahbari Chjen Shansze “zamonaviy sanoat tizimini” yaratish vazifasini tasdiqladi, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi: an’anaviy tarmoqlarni modernizatsiya qilish, yangi sohalarni rivojlantirish, xizmatlar sektorini mustahkamlash va infratuzilmani kengaytirish. NDRC ma’lumotlariga ko‘ra, 500 mlrd yuanlik davlat investitsiyalari natijasida 5 trln yuangacha qo‘shimcha sarmoya jalb qilinadi.

 

Yangi strategik yo‘nalish Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham amaliy ahamiyatga ega. Xitoyning sanoat, raqamli iqtisodiyot, “yashil” investitsiyalar va agrar sheriklik yo‘nalishlaridagi ilg‘or tajribasi mintaqaviy hamkorlik va texnologik almashinuvni kengaytirish imkonini beradi. Ichki iste’molni kuchaytirish va sifatli importga e’tibor O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari ishlab chiqarayotgan qishloq xo‘jaligi hamda to‘qimachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshiradi. “Belt and Road Initiative (BRI)” esa tranzit va infratuzilma loyihalari uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

 

Plenum shuningdek partiya intizomi va korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga e’tibor qaratdi. Markaziy Harbiy Kengash (Central Military Commission, CMC) tarkibiga general Chjan Shenmin kiritildi, biroq general Xe Veydun va sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Tan Renzyan partiyadan chetlatildi. Asia Society – Center for China Analysis ma’lumotlariga ko‘ra, bunday choralar Si Szinpin hokimiyatining mustahkamlanishini ko‘rsatadi. Reuters xabarida bu jarayon so‘nggi yillardagi eng yirik harbiy kadrlar tozalash kampaniyasi sifatida baholangan. Beyond the Horizon (BtH/ISSG) va Institute for the Study of War (ISW) tahlilchilari bu jarayonni Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi (PLA) tizimidagi institutsional boshqaruvni mustahkamlashga qaratilgan islohot sifatida izohlaydi.

 

Savdo vaziri Van Ventaо xizmatlar bozoriga kirishni kengaytirish, xorijiy sarmoyalarni rag‘batlantirish va ayrim tarmoqlarda cheklovlarni olib tashlash choralari haqida ma’lum qildi. Xinhua News Agency ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 18-dekabrdan boshlab Xaynan orolida yangi bojxona tartibi joriy etiladi, unga ko‘ra tovarlarning 74 foiziga nol tarif belgilangan. People’s Daily gazetasida Chjun Sayven imzosi bilan chop etilgan maqolada qayd etilishicha,“Xitoyning yangi rivojlanish falsafasi nafaqat mamlakat uchun, balki butun dunyo uchun ishonchli yechim taklif etadi.”

 

IV Plenum natijalari Pekinning ichki modernizatsiya, texnologik mustahkamlash va ochiq iqtisodiy integratsiya siyosatiga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu jarayon innovatsion o‘sish markazlaridan biri bilan hamkorlikni kengaytirish va sanoat, raqamli va “yashil” tashabbuslarda faol ishtirok etish imkoniyatlarini yaratadi. Shu tariqa, pragmatik va o‘zaro manfaatli mintaqaviy rivojlanish arxitekturasi shakllanmoqda.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.