Joriy yilning noyabr oyida bo'lib o'tadigan AQSh Kongressiga saylovlar bo'yicha jadal tus olayotgan kampaniya partiyalar o'rtasidagi qutblanishning chuqurlashayotgani hamda Amerika siyosiy tizimida jiddiy tarkibiy qayta guruhlanish yuz berayotganidan dalolat beradi. Rasman, Respublika partiyasi Kongressning har ikkala palatasi va ijro etuvchi hokimiyat ustidan nazoratni saqlab qolmoqda, biroq uning siyosiy imkoniyatlari ichki ziddiyatlar, ma'muriyatning tashqi siyosatidan jamoatchilik noroziligining o'sishi hamda ijtimoiy-iqtisodiy bosimning ortib borishi tufayli tobora cheklanib bormoqda. Ayni paytda, Demokratik partiya o'zining ichki xilma-xilligiga qaramay, Trampga qarshilik asosida jipslashish va Oq uyning boshqaruvdagi kamchiliklaridan elektoral safarbarlik omili sifatida foydalanish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.
Joriy davrning o'ziga xosligi shundaki, kurash bir vaqtning o'zida bir necha darajada kechmoqda. Birinchi daraja – Vakillar palatasi va Senat ustidan nazorat o'rnatish yo'lidagi respublikachilar va demokratlar o'rtasidagi partiyalararo qarama-qarshilik. Ikkinchi daraja – respublikachilarning o'z ichidagi Trampni qo'llab-quvvatlovchi MAGA qanoti, sentristlar (markazchilar) va an'anaviy konservatorlar o'rtasidagi partiya ichki kurashi. Uchinchi daraja – Demokratik partiya ichida an'anaviy partiya isteblishmenti, mo'tadil va so'l yo'nalishdagi progressiv guruhlar o'rtasida rollarning qayta taqsimlanishi. Bularning barchasi Kongress saylovlarini shunchaki partiyaviy mashinalar bellashuviga emas, balki Amerika hokimiyatining kelajakdagi konfiguratsiyasi atrofidagi yanada kengroq ziddiyat maydoniga aylantiradi.
Respublika partiyasi. Zamonaviy respublikachilar lagerining asosiy o'ziga xos xususiyati uning D. Tramp shaxsiga yuqori darajada qaramligi bo'lib qolmoqda. MAGA o'zining hozirgi ko'rinishida Amerika konservatizmining klassik mafkuraviy platformasi emas, balki D. Trampning o'zi, uning ritorikasi, xulq-atvori va partiya elektoratining eng faol qismini safarbarlik holatida ushlab turish qobiliyati legitimlikning markaziy manbai bo'lib xizmat qiladigan shaxsiylashtirilgan siyosiy tuzilmadir. Bu respublikachilarga qisqa muddatli safarbarlik quvvatini ta'minlaydi, biroq ayni paytda partiyaning institutsional barqarorligini zaiflashtiradi, chunki partiya ichidagi sadoqat tobora barqaror dastur atrofida emas, balki yetakchiga nisbatan siyosiy sadoqat atrofida qurilmoqda.
Shu fonda Respublika partiyasi ichida uchta yo'nalish tobora yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Birinchisi – agar o'zgarishlar D. Trampdan chiqsa, kun tartibidagi har qanday o'zgarishni qo'llab-quvvatlashga tayyor bo'lgan bevosita Tramp tarafdorlari o'zagi. Ikkinchisi – nomzodlarning saylovchilari orasidagi ommabopligi, Kongress ustidan nazorat va institutlarning boshqaruvchanligi ustuvor bo'lib qolayotgan tizimliroq konservatorlar va partiya pragmatiklari. Uchinchisi – hozircha tashkiliy jihatdan shakllanmagan, ammo D. Trampning siyosiy sikli yakunlanganidan so'ng respublikachilar bazasi kimga meros bo'lib o'tishi haqidagi masala bilan bog'liq bo'lgan shartli post-trampistik qanot. Asosiy partiya ichki kurashi aynan ushbu vektorlar kesishmasida yuz bermoqda.
Partiya ichidagi keskinlikning kuchayishiga qo'shimcha omil sifatida Eron kampaniyasi xizmat qildi, u ma'muriyat va partiya ichidagi tashqi siyosat "qirg'iylari" va elektoral pragmatiklar o'rtasidagi ziddiyatni keskinlashtirdi. Respublika isteblishmentining bir qismi kuch ishlatish orqali eskalatsiya qilish qat'iylikni namoyish etadi va kuchli hokimiyat qiyofasini mustahkamlaydi degan yondashuvga asoslanadi. Boshqa qismi esa, aksincha, urushni ichki xarajatlarning o'sishi, jamoatchilik kayfiyatining yomonlashishi va Kongress saylovlarida mag'lubiyatga uchrash xavfi bilan bog'laydi. Bunday sharoitda vitse-prezident J.D. Vens va davlat kotibi M. Rubio kabi ayrim shaxslarning Eron yo'nalishidan ehtiyotkorona uzoqlashishini yakka holat sifatida emas, balki mafkuraviy safarbarlik va elektoral hisob-kitob o'rtasidagi tafovut chuqurlashib borayotganining alomati sifatida baholash lozim.
Ijro etuvchi hokimiyatdagi kadrlar bilan bog'liq beqarorlik ham ushbu muammoning jiddiy indikatoriga aylandi. Ichki xavfsizlik vaziri K. Noemning iste'fosi shuni ko'rsatdiki, respublikachilar uchun eng nozik va an'anaviy ravishda yutuqli bo'lgan yo'nalishlar, birinchi navbatda migratsiya siyosati va ichki xavfsizlik masalalari, avtomatik ravishda birlashtiruvchi resurs sifatida ishlashni to'xtatmoqda. Aksincha, janjallar, boshqaruvdagi muammolar va ochiq ziddiyatlar mavjud bo'lgan sharoitda ular ma'muriyatning beqarorligi bilan bog'lana boshlaydi. Saylovoldi kampaniyasi uchun bu ayniqsa nozik masala, chunki migratsiya mavzusi respublikachilar o'ziga xosligining eng muhim elementlaridan biri bo'lib qolmoqda.
Tarif siyosati partiya ichidagi ziddiyatning yana bir omiliga aylandi. MAGA makoni uchun proteksionizm iqtisodiy millatchilikning muhim elementi va AQSh sanoat bazasini qayta tiklash uchun kurash ramzi bo'lib qolmoqda. Biroq Oliy sudning D. Tramp tomonidan kiritilgan tariflarni bekor qilish to'g'risidagi qarori va da'vogarlarning ularni qo'llash bilan bog'liq katta miqdordagi mablag'larni qaytarish haqidagi talablari shuni ko'rsatmoqdaki, D. Trampning savdo siyosati faqat siyosiy aktiv sifatida qabul qilinmay qoldi. Qat'iy tarif ritorikasining safarbarlikdagi foydasi bilan uning real ma'muriy, huquqiy va iqtisodiy oqibatlari o'rtasidagi tafovut tobora sezilarli bo'lmoqda. Natijada Respublika partiyasi ichida proteksionistik kursga mafkuraviy sodiqlik tarafdorlari va pragmatikroq ishbilarmon guruhlar manfaatlari o'rtasidagi kelishmovchilik kuchaymoqda.
Demokratik partiya. Respublikachilardan farqli o'laroq, demokratlarning inqirozi shaxsiylashtirilgan emas, balki koalitsion xususiyatga ega. Demokratik partiyada partiya isteblishmenti, mo'tadil markazchilar, so'l progressivlar hamda korporatsiyalar va harbiy harakatlarga qarshi chiquvchi radikal qanot ajralib turadi. Odatdagi sharoitlarda bunday tarqoqlik yagona strategiya ishlab chiqishda jiddiy qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan bo'lar edi. Shunga qaramay, hozirgi vaqtda D. Trampni umumiy rad etish kayfiyati ichki kelishmovchiliklarni ikkinchi darajaga surib, partiyani keng koalitsiyaga birlashtirmoqda. Demokratlarning siyosiy mantig'i bir nechta o'zaro bog'liq yo'nalishlar atrofida qurilmoqda. Birinchidan, bu institutlarni himoya qilish va D. Trampni Amerika demokratiyasining an'anaviy mexanizmlari yemirilishini tezlashtiruvchi shaxs sifatida ko'rsatish. Ikkinchidan, Oq uyning tashqi siyosiy kursini ichki ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar, birinchi navbatda, yashash narxining oshishi bilan bog'lashga intilish. Uchinchidan, ham mo'tadil, ham progressiv saylovchilarni jalb qilish uchun urushga va inqirozga qarshi ritorikadan foydalanish. Shu orqali demokratlar partiyaning turli qatlamlarini bitta umumiy g'oya atrofida birlashtirish imkoniyatiga ega bo'lmoqdalar: amaldagi ma'muriyat jamiyatga na barqaror strategiya, na ichki iqtisodiy kompensatsiya taklif qilmasdan turib, tashqi xavf-xatarlarni oshirmoqda.
Shu bilan birga, Demokratik partiya ichidagi tafovutlar yo'qolib ketmaydi. Partiya markazi va an'anaviy isteblishment boshqaruvning prognoz qilinishini tiklashga, huquqiy normalarni himoya qilishga va ma'muriyatni institutsional cheklashga urg'u berishga moyil. So'l qanot esa vaziyatdan ijtimoiy kun tartibini kengaytirish, tashqi siyosatning harbiylashtirilishini tanqid qilish va korporativ-moliyaviy guruhlarga bosim o'tkazish uchun foydalanishga intiladi. Biroq, qisqa muddatli istiqbolda bu tafovutlar partiyani parchalashdan ko'ra, elektorat qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi. Mo'tadillar va progressivlar turli saylovchilar qatlamiga yuzlanadi, ammo joriy siklda ular umumiy Trampga qarshi doirada harakat qilishadi.
Eron inqirozi siyosiy qutblanish omili sifatida. Ichki siyosiy ziddiyatni tezlashtiruvchi asosiy tashqi omil Eron bilan urush bo'ldi. "Bayroq atrofida birlashish" degan an'anaviy mantiqdan farqli o'laroq, harbiy kampaniya ma'muriyatni qo'llab-quvvatlash darajasining o'sishiga olib kelmadi. Mojaroning dastlabki haftalarida harbiy harakatlarni qo'llab-quvvatlash barqaror ravishda past darajada qoldi yoki barqaror ijtimoiy ko'pchilikni shakllantirmaydigan darajada tebranib turdi. Aksariyat so'rovnomalarda harbiy kampaniyani ma'qullash darajasi taxminan 40 foiz atrofini tashkil etdi, norozilar ulushi esa sezilarli darajada yuqori edi. Shu bilan birga, jamoatchilik fikrining eng barqaror xususiyati shunchaki o'rtacha qo'llab-quvvatlash emas, balki mojaroga munosabat borasida partiyalar o'rtasidagi o'ta yuqori qutblanish bo'ldi.
Respublikachilar orasida Eronga zarba berishni qo'llab-quvvatlash yuqoriligicha qolgan bo'lsa, demokratlar orasida deyarli bir ovozdan rad etish kayfiyati ustunlik qildi. Mustaqil saylovchilar ham ko'pincha tanqidiy yoki ehtiyotkorona pozitsiyani egallashdi. Bu shuni anglatadiki, mojaro partiyalararo ziddiyatlarni vaqtincha olib tashlashga qodir bo'lgan umummilliy xavfsizlik masalasiga aylanmadi. Aksincha, urush boshidanoq Amerika siyosatiga partiyalar o'rtasidagi va ularning ichidagi mavjud kelishmovchilik chiziqlarini kuchaytiruvchi qutblashtiruvchi omil sifatida kirib keldi.
Strategik kommunikatsiya muammosi ham muhim omilga aylandi: ma'muriyat jamiyatda kampaniyaning yakuniy maqsadlari haqida aniq tushunchani shakllantira olmadi. Axborot noaniqligi sharoitida saylovchi siyosiy kursga ratsional baho berishga emas, balki prezidentga bo'lgan ishonchning tayanch darajasiga suyanishga moyil bo'ladi. Natijada harbiy harakatlar elektoratning katta qismi tomonidan birlashtiruvchi omil sifatida emas, balki ichki bo'linishni chuqurlashtiruvchi xavfli qadam sifatida qabul qilinmoqda.
Energetik shok va uning elektoral oqibatlari. Tashqi inqirozning ichki siyosiy muammoga aylanishining eng sezilarli kanali yoqilg'i narxining oshishi bo'ldi. AQShdagi energetik shok faqat makroiqtisodiy emas, balki bevosita elektoral ko'rinishga ham ega bo'ldi. Benzin va dizel narxining oshishi an'anaviy ravishda demokratik va respublikachi hisoblangan shtatlarga ham, shuningdek ikkilanuvchi shtatlarga ham tezda o'z ta'sirini ko'rsatdi. Eng muhimi shundaki, nafaqat tashqi yetkazib berishlarga qaram bo'lgan qirg'oqbo'yi hududlari, balki Kongress uchun kurash natijasi ko'p jihatdan bog'liq bo'lgan shtatlar ham zarba ostida qoldi.
Tashqi siyosiy eskalatsiya fuqarolar ongida kundalik turmush farovonligi muammosiga aylanib ketdi. Elektoratning katta qismi uchun Eron bilan mojaro geosiyosat masalasi bo'lmay qoldi, u inflyatsiya va xarid qobiliyatining pasayishi katalizatoriga aylandi. Bu o'zining siyosiy kapitalini iqtisodiy barqarorlik va'dasiga qurgan D. Tramp ma'muriyati uchun o'ta jiddiy xavf tug'diradi. Tashqi kurs va ichki iqtisodiy ustuvorliklar o'rtasidagi ziddiyat respublikachilarning elektoral bazasi yaxlitligini xavf ostiga qo'yadi.
Natijada, Kongress nafaqat ikki partiya o'rtasidagi bellashuv, balki AQSh siyosiy rivojlanishining turli modellari o'rtasidagi yanada murakkabroq ziddiyat maydoniga aylanmoqda. Respublikachilar uchun kurash bir vaqtning o'zida ko'pchilikni saqlab qolish uchun ham, partiya D. Tramp atrofidagi shaxsiy safarbarlik vositasi bo'lib qoladimi yoki institutsionalroq modelga qaytishni boshlaydimi degan masalani hal qilish uchun ham kechmoqda. Demokratlar uchun esa vazifa faqat mandatlar olishdan iborat emas, balki saylov siklidan Oq uyni institutsional cheklash mexizmimi sifatida foydalanishdir.
Partiyalararo kurashning tobora ko'proq partiya ichki kurashi bilan uyg'unlashib borayotgani alohida ahamiyatga ega. Ma'muriyatning Eron, tariflar, migratsiya yoki kadrlar masalalari bo'yicha har qanday qarori nafaqat respublikachilar va demokratlar o'rtasidagi munosabatlarga, balki partiyalarning o'z ichidagi kuchlar muvozanatiga ham darhol o'z ta'sirini ko'rsatadi. Aynan mana shu narsa joriy siklni sifat jihatidan boshqacha qiladi. U nisbatan yaxlit bo'lgan ikki siyosiy blok o'rtasidagi kurash sifatida emas, balki tashqi ziddiyat, partiya ichidagi bo'linish, institutsional zo'riqish va jamoatchilik ishonchsizligining ko'p qatlamli qorishuvi sifatida kechmoqda.
Shunday qilib, 2026-yilda AQSh Kongressiga saylovoldi kurashi nafaqat elektoral raqobatning navbatdagi bosqichini, balki Amerika siyosiy tizimining yanada kengroq inqirozini aks ettiradi. Partiyalararo darajada u respublikachilarning shaxsiylashtirilgan safarbarlik modeli va demokratlarning institutsional cheklov koalitsiyasi o'rtasidagi to'qnashuv shaklini oladi. Partiya ichki darajasida respublikachilarda Tramp tarafdorlari o'zagi, markaz va post-trampistik davrning potensial vorislari o'rtasidagi ziddiyat kuchaymoqda, demokratlar esa Trampga qarshi umumiy birlashish hisobiga o'zlarining ichki kelishmovchiliklarini vaqtincha silliqlamoqdalar.
Eron inqirozi, yoqilg'i narxining oshishi, ma'muriyatdagi kadrlar beqarorligi, tarif siyosati atrofidagi tortishuvlar va Kongressning bo'lajak yangilanishi Amerika tizimidagi boshqaruv zo'riqishi hissini kuchaytirmoqda. Bunday sharoitda Vakillar palatasi va Senat uchun kurash nafaqat mandatlarni taqsimlash, balki yaqin yillarda AQShda qanday siyosiy boshqaruv modeli ustunlik qilishi uchun ham kurashga aylanadi. Aynan shuning uchun 2026-yilgi saylovlarni Amerika siyosati transformatsiyasi jarayonidagi asosiy burilish nuqtalaridan biri sifatida baholash lozim.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtainazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishlibo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.