17-aprelda Melonining Vashingtonga tashrifi, bir qator Yevropa poytaxtlarining ehtiyotkorligi va Yevropa Ittifoqi yaxlitligining buzilishi xavotirlariga qaramay, AQSH va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo munosabatlaridagi keskinlikni yumshatish uchun mumkin bo‘lgan qadam sifatida Yevropa Komissiyasi tomonidan rasman qo‘llab-quvvatlandi. Oq uyda Meloni “G‘arb buyukligini tiklash” foydasiga g‘oyaviy bayonot bilan chiqib, Yevropa va AQShni birlashtiruvchi platforma sifatida “vouk mafkurasi”ga qarshi kurashga urg‘u berdi. U geografiya haqida emas, balki mustahkamlanishi lozim bo‘lgan "sivilizatsiya ittifoqi" haqida so‘zlayotganini ta’kidladi.
Umidli vaziyatga qaramay, uning vazifasi bir nechta omillar tufayli murakkablashdi – Rimning cheklangan tashqi siyosiy vakolatidan tortib, mamlakat ichida va Yevropa Ittifoqi hamkorlari orasida Rimning xalqaro maydondagi mustaqil harakatlariga ishonchsizlikning kuchayishigacha. Ayniqsa, Parijning tashqi bosim kuchayib borayotgan sharoitda umumyevropa birligiga putur yetkazish xavfi haqidagi ogohlantirishlari tanqidiy tarzda yangradi.
Italiya bosh vaziri oldida uch tomonlama murakkab vazifa turardi: Italiyaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, AQShning Yevropa Ittifoqiga nisbatan qarama-qarshi yo‘nalishini yumshatish va transatlantik makon birligini saqlab qolish. Shu bilan birga, u o‘zini potensial strategik ittifoqchi deb biladigan Trampga sodiqlik va Rimning bir tomonlama harakatlarini tanqid qiluvchi yevropalik hamkorlarning manfaatlari va sezgirligini hisobga olish zarurati o‘rtasida muvozanatni saqlashga majbur bo‘ldi.
E’tiborli jihati shundaki, Meloni Trampning inauguratsiyasiga taklif etilgan yagona Yevropa Ittifoqi rahbari edi va uning 18-aprelda Rimda vitse-prezident Jey Di Vens bilan uchrashuvi Amerika siyosiy elitasining Italiyaga bo‘lgan alohida e’tiborining ko‘rsatkichi bo‘ldi. Vens bilan muzokaralar mazmuni ikki tomonlama savdo kelishuvi istiqbollarini muhokama qilish va Rossiya-Ukraina mojarosini tezroq hal etish yo‘llarini izlashni o‘z ichiga oldi. Bu yangi ma’muriyatning Janubiy Yevropaga nisbatan ustuvorliklarini aks ettiradi: pragmatik iqtisodiy hamkorlikka urg‘u berish va AQSh milliy manfaatlari nuqtai nazaridan Yevropa mojarolaridagi Amerika ishtirokini qayta baholashga intilish.
Vens yanvarda Yevropaga so‘nggi tashrifi chog‘ida blokni tanqid qilib, uning rahbarlarini so‘z erkinligini ta’minlay olmaslikda yoki noqonuniy migratsiyani to‘xtata olmaslikda aybladi. Hozir, Pasxa bayrami arafasida Vatikanga kelganida, u Muqaddas taxt davlat kotibi kardinal Petro Parolin bilan ham muzokaralar olib bordi. Bir qator kuzatuvchilarning fikricha, bu yangi transatlantik siyosiy ittifoq doirasida “konservativ o‘q”ning kuchayishini anglatishi mumkin.
Ikki tomonlama savdo hajmi 126 milliard dollar va Italiya eksportidagi AQSH ulushini (umumiy hajmning qariyb 10 foizi) hisobga olgan holda, Italiya Yevropa Ittifoqining Amerika bozoriga eng bog‘liq mamlakatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Keyingi ikki yil ichida YAIMning 0,4-0,6 foizga pasayishi kutilayotgani 50 mingdan ortiq ish o‘rinlari yo‘qotilishi xavfi bilan birga kechmoqda. Moliya bozorlarida ham tushkunlik kayfiyati kuchaymoqda: Italiya fond indeksi 2-apreldan so‘ng G‘arbning rivojlangan iqtisodiyotlari orasida eng yomon ko‘rsatkichni namoyish etdi. Bu vaziyatni yanada keskinlashtiradi: ko‘pincha "mustahkam ittifoqchilik"ning asosi deb ataladigan o‘zaro bog‘liqlik Tramp uchun ham, Meloni uchun ham bosim o‘tkazish vositasiga aylanmoqda.
Yalpi ichki mahsulotning 136 foizidan ortiq davlat qarzi, past o‘sish sur’atlari va 2026-yilgacha tugallanadigan tiklanish rejasi doirasida Yevropa moliyalashtirishiga yuqori bog‘liqlik tufayli Italiya transatlantik savdo shartlariga ta’sir ko‘rsatish uchun yetarli iqtisodiy mustaqillikka ega emas. Aholining qarishi, ijtimoiy xarajatlar bo‘yicha o‘sib borayotgan majburiyatlar va cheklangan fiskal imkoniyatlar harakat maydonini yanada toraytirmoqda.
Melonining o‘zi o‘tmishda neofashistik harakat ildizlariga ega bo‘lgan Italiya siyosatining o‘ta o‘ng qanoti vakili edi. U radikal o‘ng g‘oyalar bilan aloqasini yo‘qotmagan holda xalqaro qonuniylik va pragmatizmga intiluvchi yetakchiga aylanishga erishdi. Ekspertlar tomonidan “pragmatik radikalizm” deb nomlangan bu yondashuv unga ichki siyosatda millatchilik yo‘nalishini transatlantizm va Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mo‘tadil tashqi siyosat bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi.
Bunday sharoitda Meloni AQShga “Yevropa yo‘nalishi”ni singdirishdan ko‘ra, Trampni yagona Yevropa Qo‘shma Shtatlar uchun tahdid emas, balki strategik boylik bo‘lishi mumkinligiga ishontirishga harakat qilmoqda. Sanoat mahsulotlariga “nol tariflar” g‘oyasi nafaqat yangilangan hamkorlik ramzi, balki ko‘plab milliy hukumatlar bilan emas, yaxlit blok bilan muloqot qilishning samaradorligini ko‘rsatadigan muzokaralar tizimini qayta yo‘lga qo‘yish uchun amaliy asos bo‘lishi mumkin.
Meloni rasman ittifoq nomidan muzokaralar olib borishga vakolatli bo‘lmasa-da, ayrim Yevropa poytaxtlari uning vazifasini kelajakdagi muloqot chegaralarini belgilay oladigan taktik razvedka deb baholashmoqda. Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Yevropa kengashi tadqiqotchisi Alberto Ritssi ta’kidlaganidek, Meloni keyingi rasmiy muzokaralar uchun zamin tayyorlaydigan “izquvar” rolini o‘ynashi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.