Markaziy Osiyo kelajagini o‘zgartirishga qodir kelishuv

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

29 Oktabr 2025

Ulashish

Markaziy Osiyo kelajagini o‘zgartirishga qodir kelishuv

Maqola muallifi yozishicha, Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 23-24-oktyabr kunlari Bryusselga tashrifi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) imzolanishi tufayli O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarda burilish nuqtasi bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, mazkur hujjat 1996 yilgi eskirgan Sheriklik va hamkorlik bitimini almashtirdi hamda muloqotni demokratik tamoyillar, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga e’tibor qaratgan holda beshta ustuvor yo‘nalishni qamrab oluvchi strategik sheriklik darajasiga ko‘taradi. Muallif urg‘u berishicha, Yevropa Ittifoqi uchun bu tez rivojlanayotgan Markaziy Osiyo bozoriga kirish imkoniyati va “yashil” o‘zgarishlar hamda muhim resurslar uchun maydonga aylanadi. O‘zbekiston uchun esa Yevropa bilan integratsiyani chuqurlashtirish, GSP+ doirasida bozorlarga kirishni kengaytirish va energetika, raqamli soha hamda agrosanoat majmuasini modernizatsiya qilishni jadallashtirish imkonini beradi.

 

Shundan so‘ng, muallif tashrifning tayyorgarlik diplomatiyasini yoritadi: tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Yevropa rahbarlari va institutlari (Italiya, Shveysariya, Lyuksemburg, Buyuk Britaniya, Belgiya) bilan faol aloqalari, raqamlashtirish, logistika va “yashil” kun tartibi, shuningdek, Belgiyadagi amaliy loyihalar, jumladan EU-AGRIN (quyosh tizimlari yordamida tomchilatib sug‘orish, iqlimga chidamli urug‘lar, sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish va oqava suvlarni qayta ishlash) muhokama qilingani haqida so‘z yuritadi. Uning baholashicha, gumanitar yo‘nalish mamlakatning Yevropadagi madaniy mavqeini mustahkamlaydi va iqtisodiy kun tartibini to‘ldiradi.

 

Yakuniy qismda muallif o‘z dalillarini statistik ma’lumotlar va ekspertlar fikrlari bilan mustahkamlaydi: ikki tomonlama savdo va investitsiyalarning o‘sishi, YeTTBning faol loyihalar portfeli, GSP+ dan yuqori darajada foydalanish, YaIMning o‘sish sur’ati, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi tarkibiy o‘zgarishlar, kambag‘allikning kamayishi. Muallif xulosa qilib, EPCA Toshkentning ko‘p qirrali siyosatini mustahkamlaydi, deb ta’kidlaydi: bu “burilish” emas, balki suverenitetni kuchaytiruvchi va O‘zbekistonning yangi Yevrosiyo barqaror rivojlanish tizimida ko‘prik vazifasini bajaruvchi aloqalarni puxta o‘ylangan holda xilma-xillashtirish, deb baholaydi.

 

O‘zA saytida o‘qing

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.