Hozirgi kunda biz Markaziy Osiyoning global siyosat va jahon iqtisodiyotidagi o‘rni tobora ortib borayotganini kuzatmoqdamiz. Xususan, Yevropa Ittifoqi 2025-yil 4-aprelda Samarqandda bo‘lib o‘tgan YI va Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokidagi tarixdagi ilk sammitda mintaqa mamlakatlarini islohotlarni ilgari surish, iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqaro raqobatbardoshlikni oshirishda qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Bu keng ko‘lamli modernizatsiya dasturini amalga oshirayotgan va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlayotgan O‘zbekiston manfaatlariga to‘liq mos keladi.
Samarqand sammitida qabul qilingan deklaratsiya o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga zamin yaratdi. U bugungi kunda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi yuqori darajadagi rasmiy tashriflar va yangi bitimlar tuzilishi davomida amaliy ifodasini topayotgan aniq yo‘nalishlarni belgilab berdi. Bu, ayniqsa, 2025-yil 24-oktyabrda Bryusselda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Yangi bitimning imzolanishi o‘zaro ishonchni mustahkamlash va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochadi. U nafaqat siyosiy muloqot va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar yaratadi, balki O‘zbekistonning YI bilan xavfsizlik, barqaror rivojlanish va innovatsion o‘zgarishlar sohasidagi xalqaro hamkorligini faollashtirishga ham yo‘l ochadi.
Ta’kidlash joizki, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim xalqaro huquqning asosiy me’yorlariga sodiqlikka asoslanadi. Xususan, davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini o‘zaro hurmat qilish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsad va tamoyillariga muvofiq sheriklik qurishga tayyorlik tasdiqlanmoqda.
Bunday yondashuv xalqaro-huquqiy kafolatlarni mustahkamlaydi va siyosiy hamkorlikning bashorat qilinishini oshiradi. Teng huquqlilik va suverenitetni hurmat qilish tamoyillari asosida muloqotni mustahkamlash O‘zbekistonning yangi davrdagi tashqi siyosatida ustuvorlik kasb etmoqda va xalqaro hamjamiyatda keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Savdo va investitsiyalar uchun sharoitlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Yevropa Ittifoqi bilan tovar va xizmatlar bozorlariga kirish bo‘yicha muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi. Yevropa Ittifoqining qo‘llab-quvvatlashi mamlakatning xalqaro iqtisodiy zanjirlariga yanada integratsiyalashuviga ko‘maklashadi va iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish uchun zamin yaratadi.
Muhim xomashyo resurslari, energiya samaradorligi va zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu mamlakatning iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha strategik vazifalariga mos keladi.
Tomonlarning raqamli transformatsiya loyihalarini faollashtirish, shuningdek, barqaror transport infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashishga ochiq tayyorligini ta’kidlaymiz. "Global Gateway" tashabbusi doirasidagi sheriklik O‘zbekistonning tranzit salohiyatini kengaytirish, uning Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatidagi rolini mustahkamlash, xalqaro logistikada Transkaspiy yo‘nalishining ahamiyatini oshirish uchun imkoniyatlar yaratadi.
Xavfsizlik sohasidagi zamonaviy tahdidlar tobora transchegaraviy tus olmoqda. Shu bois tomonlar kiberxavfsizlik, terrorizm, noqonuniy migratsiya va gibrid tahdidlarga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Bunday hamkorlikning samaradorligi ko‘p jihatdan butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishini belgilaydi.
Ekologik jihat ikki tomonlama kun tartibining asosiy unsurlaridan biriga aylanmoqda. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning ekologik vaziyatni yaxshilash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasidagi sa’y-harakatlarini ijobiy baholamoqda. Orolbo‘yi ekotizimini tiklash va suv-energetika hamkorligi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash global iqlim muammolarini hal etishda xalqaro birdamlikni mustahkamlamoqda.
Jamoatchilik almashuvlarini kuchaytirish, yoshlar hamkorligi, akademik aloqalarni kengaytirish va madaniy muloqotni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu strategik sheriklikning barqaror insonparvarlik asosini shakllantiradi. Fuqarolik jamiyatining ishtiroki ishonchni mustahkamlashga, qadriyatlar va an’analarni chuqurroq anglashga hamda xalqaro hamkorlikning turli shakllarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shunday qilib, imzolangan hujjat O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichini qayd etganini ta’kidlash mumkin. YI bilan hamkorlikning rivojlanishi O‘zbekiston dunyoga ochiqlik va tashqi siyosiy ufqlarni kengaytirish yo‘lidan dadil borayotganini tasdiqlaydi. Bu bilan global iqtisodiyotga uzoq muddatli integratsiyalashuv, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanishning innovatsion standartlarini joriy etish uchun asos davom ettiriladi va mustahkamlanadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.