Eron Islom Respublikasi hukumati Afg‘onistonning Xitoy Shinjon viloyati bilan chegaradosh Badaxshon viloyati orqali “Eron-Afg‘oniston-Xitoy” transport yo‘lagini ishga tushirish masalasini dolzarblashtirmoqda. Loyihada Hirot, Mozori Sharif shaharlari hamda “dunyo tomi” deb ataluvchi baland tog‘li Vaxon yoki Kichik Pomir vodiysi o‘rtasida temir yo‘l aloqasini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Qadimda Sharqni G‘arb bilan bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishlaridan biri aynan shu yerdan o‘tgan.
Eron manbalariga ko‘ra, Vaxan yo‘lagining ishga tushirilishi Xitoydan Yevropaga yuklarni yetkazib berish vaqtini yarmiga qisqartiradi. Bu esa Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonni o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyo davlatlari orqali mavjud yetkazib berish zanjirlariga nisbatan ulkan ustunlik beradi.
Bir yil avval Eron Transport va shaharsozlik vazirligi umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo‘lgan to‘qqizta tranzit temir yo‘l yo‘lagini shakllantirish rejasini e’lon qilgan edi. Ularning ayrimlari Afg‘onistonni kesib o‘tadi, masalan, Tehron 2000-yillarning boshidan beri ilgari surayotgan Besh millat temir yo‘l yo‘lagi. Yana bir strategik ustuvor yo‘nalish, chamasi, Xitoyga transafg‘on yo‘lagi hisoblanadi. Har ikkala loyihaga 225 kilometrlik "Xaf-Hirot" temir yo‘l liniyasi qurilishi asos bo‘ldi, uning dastlabki uch bosqichi 2020-yilda foydalanishga topshirildi. Oxirgi uchastkani yaqin kelajakda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
2025-yil 22-oktyabrda Tehron Anqara va Kobul bilan Hirotdan Mozori Sharifgacha 1435 mm kenglikdagi temir yo‘lni birgalikda qurish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ushbu maqsadlar uchun Eron misli ko‘rilmagan miqdorda 2,5 milliard dollar ajratadi. Keyinchalik Eron shimoli-sharqiy Qunduz viloyati orqali Vaxon yo‘lagiga temir yo‘l o‘tkazishni rejalashtirmoqda. 2023 yildan beri Tehron bu borada Afg‘oniston rasmiylari bilan muzokaralar olib bormoqda. Toliblar, o‘z navbatida, Xitoy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport aloqasini o‘rnatish uchun amaliy sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
2023-yil sentyabr oyida Afg‘oniston byudjeti mablag‘lari hisobidan 2019-yilda boshlangan Xitoy bilan chegaradagi Vahjir dovonigacha bo‘lgan 120 kilometrlik Vaxan yo‘lagi bo‘ylab shag‘al yotqizish ishlari qayta tiklandi. 2025-yil oxirida Qishloq taraqqiyoti va reabilitatsiya vazirligi ishlarning 70 foizi yakunlangani haqida ma’lum qildi.
Toliblar sharqiy qo‘shnisining Afg‘onistonni “Bir makon, bir yo‘l” global tashabbusiga qo‘shish istagidan foydalanib, Vaxan bo‘ylab transport infratuzilmasini qurish uchun Pekindan moliyaviy yordam so‘rab bir necha bor murojaat qilgan. Biroq, xavfsizlikka tahdidlar tufayli Xitoy diplomatiyasi hozircha savdo maqsadlarida umumiy chegarani ochish masalasida kutish pozitsiyasini egallab turibdi. Buning o‘rniga Afg‘oniston bilan aloqani yo Pokiston orqali - Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagini (XPIY) Badaxshongacha kengaytirish orqali, yo bo‘lmasa Markaziy Osiyo mamlakatlari orqali o‘rnatish afzal ko‘rilmoqda. Ikkinchi holat ro‘y bersa, Tojikiston Xitoy va Afg‘oniston o‘rtasida ishonchli vositachiga aylanib, o‘zining tranzit mavqeini mustahkamlashi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.