Energetika diplomatiyasi va geosiyosati markazi jamoasining yangi maqolasida mualliflar “energetika xavfsizligi” tushunchasini ta’riflab, uning texnik, iqtisodiy, geosiyosiy va ekologik jihatlarini ko‘rib chiqishgan. Mualliflar ta’kidlashicha, energiyaga bo‘lgan hozirgi jahon talabi va global dekarbonizatsiya tendensiyasi davlatlardan ta’minot ishonchliligini iqlim xavflariga bardoshlilik bilan muvozanatlashtirishni talab qilmoqda.
Maqolada yetakchi iqtisodiyotlar – Germaniya, Yaponiya, AQSH, Xitoy, shuningdek, energetika tizimlari rivojlanish darajasi bo‘yicha taqqoslanadigan davlatlar (Qozog‘iston, Misr, Eron) strategiyalari tahlil qilingan. Energiya manbalarini diversifikatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yadro energetikasini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish hamda energiyani saqlash tizimlarini yaratish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilgan. Qiyosiy sharh asosida har bir mamlakatda energiya manbalarini import qilish va o‘z ishlab chiqarishi o‘rtasidagi muvozanat qanday shakllanganligi ko‘rsatib berilgan.
Mualliflar energiya balansi tuzilmasi va importga qaramlik darajasini taqqoslaydilar: O‘zbekiston qazilma yoqilg‘ilar (asosan tabiiy gaz) ulushi bo‘yicha Qozog‘iston va Eronga yaqin, biroq qayta tiklanadigan energiya va atom energetikasi rivojlangan mamlakatlardan (Germaniya, Yaponiya, Xitoy) orqada qolmoqda. Shu bilan birga, tashqi qaramlikning pastligi barqarorlikni kafolatlamasligi ta’kidlangan - yuqori darajadagi taqchilliklar va infratuzilmaning eskirishi hatto resurslar bilan boy davlatlar uchun ham jiddiy muammolarga aylanmoqda.
Maqolaning yakuniy qismida O‘zbekiston uchun tavsiyalar ishlab chiqilgan: qayta tiklanuvchi energiya manbalari va atom energetikasini keng ko‘lamda rivojlantirish orqali energiya balansini diversifikatsiya qilish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va energiya tejash amaliyotlarini joriy etish, to‘plash tizimlari va “aqlli” tarmoqlarni yaratish, energiya almashinuvi bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, institutsional islohotlar va kadrlar salohiyatini rivojlantirish. Mualliflar mamlakatning milliy xususiyatlarini hisobga olgan holda xalqaro ilg‘or tajribalarni moslashtirish zarurligiga alohida urg‘u berishgan.
Maqolani “Journal of Interdisciplinary Science”da o‘qing
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.