Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti (Almati) Xalqaro munosabatlar fakultetida 2025-yil 4-aprelda o‘tkazilgan “Logistika geosiyosati: Markaziy Osiyoning jahon tizimidagi transport yo‘laklari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plamida Nargiza Umarovaning maqolasi e’lon qilingan. Unda muallif Markaziy Osiyo uchun tranzitning janubiy yo‘nalishini faollashtirishning muammolari va imkoniyatlarini tahlil qilib, Afg‘oniston orqali loyihalarni tashqi savdo yo‘nalishlarini xilma-xillashtirish va Rossiya orqali shimoliy yo‘nalishga qaramlikni kamaytirish vositasi sifatida ko‘rib chiqadi. Markaziy Osiyoning Hind okeani portlariga chiqishini ta’minlashda Eronning o‘rni, shuningdek, “Tolibon” hukumatining Afg‘onistonni mintaqalararo transport markaziga aylantirish borasidagi harakatlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Maqolada asosiy infratuzilma tashabbuslari, jumladan, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” va “Torgundi – Hirot – Qandahor – Spin-Buldak” temir yo‘l koridorlari, Lojuvard yo‘nalishi va Vaxon koridori batafsil ko‘rib chiqiladi. Ushbu loyihalarda Rossiya, Xitoy, Hindiston va Eronning ishtiroki, shuningdek, ularning geosiyosiy raqobati Markaziy Osiyo davlatlarining uzoq muddatli manfaatlariga ta’siri tahlil qilinadi.
Xulosa qismida ekspert janubiy tranzitni rivojlantirish bo‘yicha yagona mintaqaviy strategiya ishlab chiqish, mintaqaning barcha davlatlari uchun manfaatli bo‘lgan ustuvor yo‘nalishni tanlash va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun mintaqaviy investitsiya fondi tashkil etish zarurligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro kelishilgan harakatlari ularning global transport-logistika tizimidagi mavqeini mustahkamlashga va Afg‘onistonni o‘zaro manfaatli hamkorlikning barqaror bo‘g‘iniga aylantirishga qodir.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.