“Tranzit doirasidan chiqib”: Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini mahalliy aholi uchun imkoniyatlar manbaiga aylantirish yo‘llari

Tahliliy nashrlar

22 Oktabr 2026

Ulashish

“Tranzit doirasidan chiqib”: Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini mahalliy aholi uchun imkoniyatlar manbaiga aylantirish yo‘llari

Odilbek Manabov Farrux Yunusxo‘jayev bilan hammualliflikda “The Times of Central Asia” nashri uchun yozgan maqolasida temir yo‘l o‘z yo‘nalishi bo‘ylab joylashgan hududlar aholisiga barqaror iqtisodiy foyda keltirish-keltirmasligini aynan nima belgilab berishini tahlil qiladi. Mualliflar tranzit hajmi va xalqaro yuk tashish vaqti qisqarishi kabi mavzular bilan cheklanib qolmay, Qirg‘izistonning Norin va Jalolobod viloyatlari, shuningdek, O‘zbekistonning Andijon viloyatidagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, korxonalar hamda ishchilar uchun yaratiladigan imkoniyatlarga e’tibor qaratadilar.

Mualliflarning ta’kidlashicha, transport aloqasini yaxshilashning o‘zigina mahalliy rivojlanishni kafolatlamaydi. Buning uchun hamyonbop va shaffof tariflar, kichik hajmdagi yuklar uchun terminallardan foydalanish imkoniyati, samarali chegara tartib-taomillari hamda ishlab chiqarish obyektlari bilan vokzallar o‘rtasidagi transport bog‘lamalari zarur shartlar hisoblanadi. Omborxonalar, muzlatkichli omborlar va qayta ishlash korxonalari ishlab chiqaruvchilarga qo‘shilgan qiymatning katta qismini hududning o‘zida saqlab qolishga yordam berishi mumkin. Temir yo‘l foydalanishga topshirilishidan avval yo‘lga qo‘yiladigan kasbiy tayyorgarlik dasturlari esa mahalliy aholini temir yo‘l xizmati, bojxona va logistika sohalarida doimiy ish bilan ta’minlash uchun yaxshiroq tayyorlash imkonini beradi.

Shuningdek, maqolada loyiha ta’sirini baholashga yanada mas’uliyatliroq yondashishga chaqiriladi. Mualliflar tranzit tashuvlari bo‘yicha ma’lumotlar bilan bir qatorda, mahalliy yuklar ulushi, yetkazib berish narxi, doimiy ish o‘rinlari soni, ish haqi darajasi va mahalliy kompaniyalardan xaridlar hajmini ham kuzatib borishni tavsiya etadilar. Ular ekologik ekspertiza natijalari va aholini ko‘chirish rejalarini ochiqlash muhimligini urg‘ulab, temir yo‘lning muvaffaqiyati nafaqat uning xalqaro savdodagi o‘rni, balki tutash hududlardagi aholi hayotida yuz beradigan sezilarli ijobiy o‘zgarishlar bilan ham baholanishi kerakligini ta’kidlaydilar.

“The Times of Central Asia” saytida o‘qing

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.