Muallif: Fatima Daliyeva – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa muammolarining siyosiy muammolari” ixtisosligi bo‘yicha mustaqil tadqiqotchisi, Oliy ta’limdan keyingi ta’lim ofisi bosh mutaxassisi.
XXI asrning uchinchi o‘n yilligiga kelib global geosiyosiy raqobatning asosiy markazlaridan biri transport-logistika tizimlari va savdo yo‘laklari atrofida shakllanmoqda. Agar XX asrda geosiyosiy ustunlik asosan harbiy qudrat, hududiy nazorat yoki energetik resurslar bilan belgilangani kuzatilgan bo‘lsa, bugungi bosqichda global ta’sir ko‘proq logistika, tranzit infratuzilmasi, dengiz yo‘llari, portlar, raqamli transport tizimlari va ta’minot zanjirlarini boshqarish imkoniyati bilan aniqlanmoqda. Xitoyning dunyo iqtisodiyotidagi markaziy ishlab chiqarish platformasiga aylanishi transport-logistika tizimlarini global geosiyosatning strategik elementiga aylantirdi.
Bugungi xalqaro tizimda AQSH, Rossiya va Xitoy manfaatlari aynan logistika koridorlari, energetik marshrutlar va savdo yo‘llari ustidan nazorat masalasida tobora keskinroq to‘qnashmoqda. Shu nuqtai nazardan, Yevrosiyo makoni nafaqat geografik hudud, balki yangi global iqtisodiy arxitektura shakllanayotgan strategik maydonga aylanmoqda. So‘nggi yillarda Rossiya–Xitoy iqtisodiy hamkorligi sezilarli darajada kuchaydi. Ayniqsa, Rossiya–Ukraina urushidan keyin G‘arb sanksiyalari Rossiyani Xitoyga iqtisodiy jihatdan yanada yaqinlashtirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi rekord darajaga yetib, 2024-yilda 244 milliard dollardan oshdi. 2025-yilda ayrim qisqarish kuzatilgan bo‘lsa-da, 2026-yil boshidan savdo hajmi yana o‘sishni boshladi. Xitoy eksportining Rossiyaga 23 foizdan ortiq o‘sgani, Rossiya eksportining esa 17 foizga kengaygani ikki iqtisodiyotning tobora ko‘proq o‘zaro bog‘lanayotganini ko‘rsatadi. Biroq bu yaqinlashuv teng sheriklik emas, balki asimmetrik iqtisodiy bog‘liqlik modelini shakllantirmoqda. Rossiya asosan neft, gaz, ko‘mir va xomashyo eksport qilayotgan bo‘lsa, Xitoy Rossiyaga avtomobillar, elektronika, sanoat uskunalari va yuqori texnologik mahsulotlarni yetkazib bermoqda. Bu esa Moskvaning iqtisodiy strukturasini tobora xomashyo eksportiga bog‘lab, Pekinning texnologik va sanoat ustunligini kuchaytiradi. Logistika va transport tizimlari esa ushbu yangi iqtisodiy modelning markaziy elementiga aylanmoqda. Rossiyaning Uzoq Sharq hududi Xitoy bilan savdoda asosiy tranzit markaziga aylanishi, chegara portlari orqali yuk tashish hajmining keskin oshishi va yangi ko‘priklar orqali yuk oqimining ko‘payishi buning yaqqol dalilidir. Demak, transport-logistika bugungi Rossiya–Xitoy aloqalarida oddiy texnik soha emas, balki strategik integratsiya mexanizmiga aylanmoqda.
Shu bilan birga, aynan logistika sohasida AQSH va Xitoy manfaatlari o‘rtasidagi eng keskin qarama-qarshilik yuzaga kelmoqda. Chunki bugungi global iqtisodiyotning yuragi aynan Xitoy ishlab chiqarishi va uni dunyo bo‘ylab yetkazib beruvchi logistika tizimidir. Hozir Xitoy mahsulotlarining 80 foizdan ortig‘i dengiz orqali tashilmoqda va ushbu tizimning katta qismi G‘arb kompaniyalari tomonidan nazorat qilinadi. MSC, Maersk, Hapag-Lloyd, ONE va Evergreen kabi yirik kompaniyalar Xitoy eksportining global logistikasida hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Bu juda muhim geosiyosiy paradoksni yuzaga chiqarmoqda. Bir tomondan AQSH va G‘arb Xitoyning geosiyosiy ta’sirini cheklashga urinmoqda. Ikkinchi tomondan esa aynan G‘arb logistika kompaniyalari Xitoy eksportidan ulkan daromad olmoqda. Bu esa global iqtisodiy tizimning o‘zaro bog‘liqlik darajasi qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, A.P. Moller - Maersk va Mediterranean Shipping Company kabi kompaniyalar Xitoy portlari bilan integratsiyalashgan logistika tizimini yaratgan. Bu kompaniyalar nafaqat yuk tashiydi, balki omborlar, terminallar, konteyner tarmoqlari va multimodal logistika infratuzilmasini ham boshqaradi. Natijada global savdo tizimi amalda Xitoy ishlab chiqarishi va G‘arb logistika kapitalining simbioziga aylanmoqda. Shu nuqtada AQSH uchun asosiy strategik muammo yuzaga kelmoqda. Vashington Xitoyni texnologik va iqtisodiy jihatdan cheklashga urinayotgan bir paytda, global kapital va logistika tizimi hali ham Xitoy ishlab chiqarishiga chuqur bog‘langan. Shu sababli AQSHning tarif siyosati va texnologik sanksiyalari Pekinni izolyatsiya qilish o‘rniga, ko‘proq global ta’minot zanjirlarini qayta shakllantirishga olib kelmoqda.
“China Shock 2.0” tushunchasi aynan shu jarayonni ifodalaydi. Endilikda Xitoy faqat arzon iste’mol mahsulotlari emas, balki elektr avtomobillari, batareyalar, quyosh panellari, robototexnika va yarimo‘tkazgichlar eksport qilmoqda. Bu esa AQSH va Yevropa uchun yangi xavf tug‘dirmoqda. Chunki logistika yo‘llarini nazorat qilayotgan davlat asta-sekin yuqori texnologiyalar bozorida ham ustunlikni qo‘lga kiritmoqda. Yarimo‘tkazgichlar va elektr transporti atrofidagi raqobat global logistika tizimini strategik qurolga aylantirmoqda. Bugungi kunda AQSH uchun Tayvan masalasi faqat siyosiy yoki harbiy muammo emas. Tayvan global yarimo‘tkazgich ishlab chiqarishining markazi bo‘lgani sababli u logistika va texnologik xavfsizlikning ham asosiy elementi hisoblanadi.
Shu nuqtada Si Szinpin tomonidan tilga olingan “Fukidid tuzog‘i” tushunchasi alohida ahamiyat kasb etadi. Xi Jinping AQSH va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilikni ochiq urushsiz boshqarishga urinmoqda. Chunki Pekin ham, Vashington ham o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlik darajasi juda yuqori ekanini yaxshi tushunadi. Xitoy eksportga tayanadi, AQSH esa global kapital oqimlari va dollar tizimining markazi bo‘lib qolmoqda. Ammo bu “nazorat ostidagi raqobat” modeli tobora murakkablashmoqda. AQSHning Xitoyga qarshi texnologik cheklovlari Pekinni ichki resurslarga tayanishga majbur qildi. Natijada Xitoy texnologik mustaqillik siyosatini jadallashtirdi va logistika koridorlarini diversifikatsiya qilishga kirishdi. “Bir makon - bir yo‘l” tashabbusi aynan shu strategiyaning markaziy elementidir. Bu yerda Markaziy Osiyo va Rossiyaning roli keskin ortmoqda. Chunki Yevrosiyo orqali o‘tuvchi quruqlik koridorlari Xitoy uchun dengiz yo‘llariga alternativ strategik marshrut sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi Pekinning Markaziy Osiyodagi geoiqtisodiy ta’sirini kuchaytiradi.
Qirg‘izistonning ushbu loyiha uchun Xitoydan 305 million dollar moliyaviy yordam olayotgani, grant va imtiyozli kreditlarning ajratilishi Pekinning transport-logistika orqali ta’sirini chuqurlashtirayotganini ko‘rsatadi. Biroq bu yerda muhim geosiyosiy xavf mavjud. Loyihaning umumiy qiymati 5 milliard dollardan oshgani sababli Qirg‘iziston kelajakda yana katta tashqi moliyalashtirishga ehtiyoj sezadi. Bu esa mamlakatning Xitoy kapitaliga qaramligini kuchaytirishi mumkin. Aslida bugungi Xitoy strategiyasining markazida aynan logistika va infratuzilma diplomatiyasi turibdi. Pekin kredit, transport, port va sanoat loyihalari orqali uzoq muddatli iqtisodiy bog‘liqlik yaratmoqda. Bu model ko‘pincha “infratuzilmaviy geosiyosat” deb ataladi. Rossiya esa bu jarayonda murakkab holatda qolmoqda. Bir tomondan Moskva Xitoy bilan iqtisodiy yaqinlashuvdan manfaatdor. Chunki G‘arb sanksiyalari Rossiyaning Yevropa bozorlari va texnologiyalariga kirishini keskin chekladi. Ikkinchi tomondan esa Xitoyning Markaziy Osiyo va Yevrosiyodagi iqtisodiy ta’siri kuchayishi Rossiyaning an’anaviy geosiyosiy pozitsiyasini zaiflashtirmoqda. Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy manfaatlari tobora ko‘proq kesishmoqda. Moskva mintaqani tarixiy ta’sir hududi sifatida ko‘rishda davom etayotgan bo‘lsa, Pekin uni logistika va tranzit makoni sifatida baholamoqda. Natijada transport koridorlari geosiyosiy raqobatning markaziy maydoniga aylanmoqda. Bu jarayonda AQSH ham faol rol o‘ynamoqda. Vashington Markaziy Osiyoni faqat xavfsizlik hududi emas, balki Xitoy va Rossiya ta’sirini muvozanatlashtiruvchi strategik makon sifatida ko‘rmoqda. Shu sababli AQSH mintaqadagi transport, energetika va raqamli loyihalarga qiziqishni kuchaytirmoqda.
Bugungi global tizimda logistika oddiy iqtisodiy masala emas. U geosiyosiy ustunlik, strategik xavfsizlik va texnologik nazorat vositasiga aylangan. Kim transport yo‘llari, portlar, logistika kompaniyalari va ma’lumotlar oqimini boshqarsa, u global iqtisodiyotga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli AQSH, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi bugungi raqobat aslida “yangi logistika geosiyosati” uchun kurashdir. Bu kurashda harbiy kuchdan ko‘ra ko‘proq transport koridorlari, dengiz yo‘llari, temir yo‘llar, portlar va raqamli infratuzilma hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Kelajakda ushbu raqobat yanada kuchayishi ehtimoli yuqori. Chunki sun’iy intellekt, elektr transporti, yarimo‘tkazgichlar va yashil energetika sohalarining rivojlanishi logistika tizimlariga bo‘lgan strategik ehtiyojni yanada oshiradi. Natijada Yevrosiyo makoni XXI asr global raqobatining asosiy markazlaridan biriga aylanishda davom etadi.
Bugungi geosiyosiy transformatsiya davrida transport-logistika tizimlari xalqaro munosabatlarning markaziy elementiga aylanmoqda. AQSH, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi raqobat esa tobora ko‘proq aynan shu infratuzilmaviy va logistika maydonida kechmoqda. Bu jarayon esa nafaqat Yevrosiyo, balki butun global iqtisodiy va siyosiy tizimning kelajak arxitekturasini belgilab beradi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.