Markaziy Osiyo Xitoyshunosligining Ikkinchi Forumi. Xitoy va Markaziy Osiyo meros va kelajak chorrahasida

-

Bo'lajak tadbirlar

04 Iyun 2026

Ulashish

Markaziy Osiyo Xitoyshunosligining Ikkinchi Forumi. Xitoy va Markaziy Osiyo meros va kelajak chorrahasida

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti Butunjahon Xitoyshunoslik markazi (XXR) hamda Qozog‘istonning “Bir kamar, bir yo‘l” ilmiy-ta’lim markazi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo Xitoyshunosligining Ikkinchi Forumini tashkil etmoqda.

Forum Markaziy Osiyo va Xitoyning yetakchi xitoyshunoslari, tadqiqotchilari, tahliliy markazlari hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari uchun xitoyshunoslikning rivojlanishi, akademik hamkorlikni kengaytirish va gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qilish maydoniga aylanadi.

Mazkur tadbir 2025-yilda Olmaota shahrida o‘tkazilgan Birinchi Markaziy Osiyo Xitoyshunoslik Forumida boshlangan ekspertlar muloqotining davomi bo‘lib, mintaqaviy xitoyshunoslar hamjamiyatini mustahkamlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda zamonaviy Xitoyni o‘rganish bo‘yicha yangi yondashuvlarni shakllantirishga qaratilgan.

Forum doirasidagi muhokamalar uchta asosiy yo‘nalishga bag‘ishlanadi. Birinchi sessiyada Markaziy Osiyo mamlakatlarida xitoyshunoslikning shakllanishi va rivojlanishi, milliy ilmiy maktablar, institutsional asoslar hamda ularning istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Ikkinchi sessiya xitoyshunoslikning madaniy-gumanitar hamkorlikdagi o‘rniga bag‘ishlanib, ta’lim, tilshunoslik, tarjimashunoslik, akademik almashinuv va madaniyatlararo muloqot masalalarini qamrab oladi. Uchinchi sessiyada Xitoyning 15-besh yillik rivojlanish rejasi hamda uning Markaziy Osiyo uchun iqtisodiy rivojlanish, transport bog‘liqligi, texnologik modernizatsiya va mintaqaviy hamkorlik nuqtayi nazaridan ahamiyati muhokama qilinadi.

Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi universitetlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, tahliliy markazlari hamda davlat idoralari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

 

Sana: 2026-yil 13-iyun

Manzil: Toshkent, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, B-203 konferensiya zali

DASTUR LOYIHASI