15-may kuni Islomxon Gafarovning navbatdagi asari — “Prezident Garri S. Trumen: Qaror qabul qilish vaqti” nomli kitobining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Mazkur ilmiy tadbir siyosiy tarix, xalqaro munosabatlar va yetakchilik nazariyasi bilan qiziqadigan tadqiqotchilar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik uchun muhim voqea bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi asarda AQSHning 33-prezidenti Garri S. Trumenning faoliyati chuqur tahlil qilingan bo‘lib, uning Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrdagi muhim tashqi va ichki siyosiy qarorlariga ilmiy yondashuv asosida baho beriladi. Xususan, Trumen doktrinasi, Koreya urushi, NATOning tashkil etilishi, atom bombasi qo‘llanilishi kabi tarixiy voqealardagi uning roli hamda bu qarorlarning xalqaro siyosatdagi oqibatlari mufassal yoritiladi.
Bundan tashqari, Islomxon Gafarov kitobida qaror qabul qilish mexanizmlari, liderlik mas’uliyati va tarixiy sharoitda yetakchilik fazilatlari kabi dolzarb masalalarni tahlil qilgan. Asarda Trumenning shaxsiyati, siyosiy qarashlari va murakkab geosiyosiy muhitdagi faoliyati orqali XX asrning muhim burilish nuqtalariga yangicha nazar bilan qarash imkoniyati yaratilgan.
Mazkur taqdimot — tarixiy liderlik va xalqaro siyosatdagi mas’uliyat mavzulariga bag‘ishlangan muhim ilmiy muhokama maydonidir. Ishtirok etuvchi mutaxassislar ushbu kitobning nafaqat Trumen faoliyatini o‘rganish, balki zamonaviy liderlik konsepsiyalarini anglashda ham muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashmoqda.
Barcha qiziquvchilarni ushbu tadbirda ishtirok etishga chorlaymiz.
Sana va vaqt: 15-may, 14:30
O‘tkazilish joyi: JIDU Anjumanlar zali (“SOK”)