Koreya Respublikasining Yangi Iqtisodiyotlarni O‘rganish Markazi tadqiqotchisi Kim Kyungmin bilan uchrashuv

Koreya Respublikasining Yangi Iqtisodiyotlarni O‘rganish Markazi tadqiqotchisi Kim Kyungmin bilan uchrashuv

news_in

30-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida (IXTI) Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti (KIEP) huzuridagi Yangi Iqtisodiyotlarni O‘rganish Markazining (Center for Emerging Economy Studies — CEES) Rossiya va Yevrosiyo bo‘limi tadqiqotchisi Kim Kyungmin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. IXTI tomonidan uchrashuvda Odil Gafаrov, institut direktorining o‘rinbosari, Abbos Boboxonov, Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi rahbari, hamda markazning yetakchi ilmiy xodimi Madina Alimova ishtirok etdi.

 

Suhbat davomida O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) doirasidagi pozitsiyasiga oid asosiy masalalar muhokama qilindi. Jumladan, mintaqaviy xavfsizlik, tashkilot tarkibining kengayishi, iqtisodiy kun tartibining rivojlanishi hamda ushbu jarayonlarning xalqaro va Yevrosiyo arxitekturasi uchun ahamiyati haqida fikr almashildi.

 

Alohida e’tibor ShHTning Mintaqaviy antiterror tuzilmasi (RATS) faoliyatiga, a’zo davlatlar o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlashda tenglik va konsensus tamoyillarining ahamiyatiga, shuningdek, yangi a’zolarning Markaziy Osiyoda transport-logistika va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi ishtirokiga qaratildi.

 

Uchrashuv yakunida IXTI va Koreya ilmiy markazlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar qo‘shma loyihalar, ekspert muloqotlari va akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.