Koreya jamg‘armasi qo‘llab-quvvatlagan ilmiy loyiha doirasida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi

Koreya jamg‘armasi qo‘llab-quvvatlagan ilmiy loyiha doirasida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi

news_in

16-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan Koreya jamg‘armasi qo‘llab-quvvatlagan “Markaziy Osiyodan Sharqiy Osiyoga migratsiyani kontekstual tahlil qilish: O‘zbekiston fuqarolarining Janubiy Koreya va Yaponiyaga migratsiyasi qiyosiy tahlili” mavzusidagi ilmiy loyihaning yakuniy hisobot seminari muvaffaqiyatli tashkil etildi.

Mazkur loyiha 2025 yilgi Koreya jamg‘armasining siyosatga yo‘naltirilgan tadqiqotlar dasturi doirasida amalga oshirilib, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ta’lim va mehnat migratsiyasi jarayonlarini chuqur ilmiy tahlil qilishga qaratilgan.

Professor Timur Dadabayev rahbarligidagi tadqiqot guruhi M. Abdurasulova, N. Djalilova va J. Soipov ishtirokida O‘zbekiston, Koreya Respublikasi va Yaponiyada keng ko‘lamli dala tadqiqotlarini amalga oshirdi. Tadqiqot doirasida davlat organlari vakillari hamda turli vizalar bo‘yicha (D-2 talabalar, E-7 malakali mutaxassislar, E-9 EPS mehnat migrantlari va norasmiy migrantlar) o‘zbek migrantlari bilan intervyular o‘tkazildi. Shuningdek, migratsiyaning gender jihatlari va Koreya–Markaziy Osiyo hamkorligi uchun siyosiy ahamiyati tahlil qilindi.

Seminarda diplomatik missiyalar, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va akademik doira vakillari ishtirok etdi. Muhokamalar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, migratsiya siyosatini takomillashtirish va ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.