Joriy yilning 21-iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) IXTI rahbariyatining Fridrix Ebert jamg‘armasi (Friedrich-Ebert-Stiftung, FES) vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibida Berlin shahridagi Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armaning Sharqiy Yevropa bo‘limi rahbari Kristin Linke va jamg‘armaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyiha menejeri Boburshoh Alimov ishtirok etdi. IXTI tomonidan direktor Akram Umarov, direktor o‘rinbosari Odil Gafarov, shuningdek, Barqaror rivojlanish markazi rahbari Shaxboz Axmedov ishtirok etdilar.
Suhbat chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro aloqalari, shuningdek, mintaqadagi xavfsizlik va xalqaro akademik integratsiya masalalariga oid qator dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Barqaror rivojlanish, xalqaro tadqiqotlar va gumanitar hamkorlik sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
IXTI vakillari mehmonlarni institut faoliyati yo‘nalishlari va uning tuzilmasi bilan batafsil tanishtirdi. Xususan, mintaqaviy siyosat, xavfsizlik va xalqaro munosabatlar masalalari bo‘yicha tahliliy va tadqiqot ishlar taqdim etildi.
Muzokaralar chog‘ida akademik nashrlar va qo‘shma tadqiqot loyihalari sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘tarildi. Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma vakillari Markaziy Osiyodagi alohida tashabbuslarni moliyalashtirish, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarini, texnik va gumanitar loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti bilan qo‘shma dasturlarni ishlab chiqishga qiziqish bildirdi. Qo‘shma maqolalar va tahliliy materiallar, xususan, O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlari va mintaqaviy xavfsizlik mexanizmlari bo‘yicha materiallar chop etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar barqaror sheriklikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar va yaqin kelajakda hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.