2026-yil 28-oktabr kuni Anqarada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) XIII sammitiga bag‘ishlangan “The 13th OTS Summit: Unity and Institutionalization” (“TDTning XIII sammiti: birlik va institutsionallashuv”) mavzusida xalqaro onlayn panel muhokamasi tashkil etildi.
Tadbirda turkiy davlatlarning yetakchi ekspertlari, akademik va tahliliy markazlari vakillari, jumladan, Hasan Kalyonju universiteti dotsenti, Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi (SETA) tadqiqotchisi Murat Aslan (Turkiya), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori Akram Umarov (O‘zbekiston), Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi vakili Bektigul Kalanbekova (Qirg‘iziston), Ibn Xaldun universiteti professori Yashar Sari (Turkiya), Qorabog‘ universiteti professori Mahammad Mammadov (Ozarbayjon), Narxoz universiteti professori Gabit Jumatay (Qozog‘iston), shuningdek, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti Yevropani o‘rganish markazi rahbari Fazliddin Djamalov ishtirok etdi.
Muhokamaning asosiy mavzusi TDTning, avvalo, umumiy madaniy-tarixiy qadriyatlarga asoslangan birlashmadan mintaqaviy va xalqaro jarayonlarda yanada muhim rol o‘ynashga qodir strategik muvofiqlashtirish mexanizmiga aylanishi bilan bog‘liq masalalar bo‘ldi.
Ishtirokchilar Tashkilotning institutsional salohiyatini mustahkamlash, funksional vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, Turkiyaning TDTga bo‘lajak raisligining ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar. TDTning 2027–2031-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini ishlab chiqish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishning amaliy mexanizmlarini belgilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar davomida bugungi kunda Tashkilotning kun tartibi transport, energetika, savdo, raqamli texnologiyalar va mudofaa sanoatini o‘z ichiga olgan 65 dan ortiq hamkorlik yo‘nalishini qamrab olayotgani ta’kidlandi.
Ekspertlar xalqaro tartibotdagi o‘zgarishlar sharoitida turkiy makonning geoiqtisodiy ahamiyati ortib borayotganiga alohida e’tibor qaratdilar. Transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish, strategik muhim mineral resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash TDTga a’zo davlatlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘rta koridorni rivojlantirish hamda uni Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” (BRI) va Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” kabi xalqaro infratuzilmaviy tashabbuslari bilan uyg‘unlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Mazkur loyihalarni o‘zaro raqobatlashuvchi emas, balki Yevrosiyoda transport aloqalarini mustahkamlash va xalqaro savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiluvchi bir-birini to‘ldiruvchi mexanizmlar sifatida ilgari surish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Muhokamalarda Turkiyaning TDTga bo‘lajak raisligi va uning Tashkilotning yangi besh yillik strategiyasini ishlab chiqish jarayoni bilan bir davrga to‘g‘ri kelishi masalalari ham muhim o‘rin egalladi.
Ishtirokchilar kelgusi yil hamkorlik yo‘nalishlarini miqdor jihatdan kengaytirishdan integratsiya jarayonlarini institutsional jihatdan chuqurlashtirishga o‘tishda hal qiluvchi bosqich bo‘lishi mumkinligini ta’kidladilar. Bu, o‘z navbatida, muvofiqlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, TDT Kotibiyatining rolini oshirish hamda qabul qilingan qarorlar ijrosini monitoring qilishning samarali vositalarini shakllantirishni taqozo etadi.
Xalqaro panel muhokamasi Anqarada bo‘lib o‘tadigan TDTning XIII sammiti arafasida ekspertlar o‘rtasida fikr almashish, Tashkilotning istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini muhokama qilish hamda uning institutsional salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.