IXTI tashrif buyuruvchi PhD-tadqiqotchi Iana Ovsiannikova ishtirokida “Frontier Talks” sessiyasini iqtisodiy sanksiyalar va regionalizm masalalariga bag‘ishlab o‘tkazdi

IXTI tashrif buyuruvchi PhD-tadqiqotchi Iana Ovsiannikova ishtirokida “Frontier Talks” sessiyasini iqtisodiy sanksiyalar va regionalizm masalalariga bag‘ishlab o‘tkazdi

news_in

2026-yil 2-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) o‘zining “Frontier Talks” turkumidagi navbatdagi sessiyasini o‘tkazdi. Sessiyada Gent universiteti (Belgiya) va Birlashgan Millatlar Tashkiloti universitetining Qiyosiy mintaqaviy integratsiya tadqiqotlari instituti (UNU-CRIS) PhD tadqiqotchisi Iana Ovsiannikova ishtirok etdi. Seminar “Iqtisodiy sanksiyalarni regionalizm nuqtai nazaridan tushunish” mavzusiga bag‘ishlandi.

Ma’ruza davomida jahon siyosatida sanksiyalarni qo‘llash amaliyotining kengayishi hamda ularning samaradorligini baholash yondashuvlari ko‘rib chiqildi. Ma’ruzachi mavjud adabiyotlarda sanksiyalar asosan “sanksiya qo‘llovchi davlat va nishon davlat” formatida tahlil qilinishini, uchinchi mamlakatlar esa yo cheklovlarni chetlab o‘tuvchi ishtirokchilar, yo sanksiya qo‘llovchi davlatlarning normativ izdoshlari sifatida qaralishini, ularning manfaatlari va subyektligi esa e’tibordan chetda qolishini qayd etdi.

Tadqiqotning markaziy savoli uchinchi tomon sifatida sanksiyalar ta’siriga duch kelgan mintaqalar bu ta’sirni qanday his etishi va unga qanday moslashishidan iborat. Nazariy asos sifatida regionalizm taqdim etildi: u “yuqoridan pastga” yondashuvdan voz kechish, mahalliy amaliyotlar va strategiyalarni ko‘rish hamda mintaqa subyektligini tan olish imkonini beradi. Tadqiqotning empirik asosini Markaziy Osiyo tashkil etadi; u sanksiyalarning yon ta’sirlarini va ularga mintaqaviy javoblarni o‘rganish uchun namunaviy keys sifatida qaralmoqda.

Yakunda ishning nazariy xulosalari bayon etildi. Ma’ruzachining baholashicha, sanksiyalarni o‘rganishda regionalizm yondashuvini qo‘llash ularning samaradorligini, sanksiyalarni boshqarishni hamda iqtisodiy subyektlarning o‘zaro bog‘liqligini chuqurroq anglash imkonini beradi. Regionalizm tadqiqotlari uchun ushbu ish geosiyosiy bosim sharoitida mintaqalarning shakllanishini, ya’ni tashqi cheklovlar va raqobatlashuvchi tashqi ta’sirlar mintaqaviy subyektlikka, hamkorlik modellariga va mintaqaviy tartibning evolyutsiyasiga qanday ta’sir ko‘rsatishini tushunishga hissa qo‘shadi.