8-sentyabr kuni AQSH elchixonasi vakillari va IXTIning xorijiy tadqiqotchilari o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muhokamada IXTII tashrif buyuruvchi ilmiy xodimlari Mariya Adel Karray va Ellison Evans, shuningdek, institut rahbariyati hamda tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar akademik va tadqiqot sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda JIDU ta’lim tashabbuslarida amerikalik ekspertlarning ishtirok etishi istiqbollarini muhokama qildi. IXTI vakillari institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va “Think Road Forum” xalqaro forumiga tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot berdi. Amerikanistikani rivojlantirish, mintaqaviy tadqiqotlar, xalqaro tadqiqot tarmoqlari doirasidagi hamkorlik va Fulbrayt dasturlaridan foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
AQSH elchixonasi vakillari IXTI bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. O‘zaro hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlari qatorida akademik almashinuvlar, ixtisoslashtirilgan ta’lim dasturlari, ingliz tilini professional o‘qitish, shuningdek, tadqiqot va ekspert-tahliliy sohalardagi qo‘shma tashabbuslar qayd etildi.