Xalqaro valyuta fondining “Jahon iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollari. Jahon iqtisodiyoti: davom etayotgan noaniqlik sharoitida mo‘rt barqarorlik” nomli hisobotida 2025 va 2026-yillarga mo‘ljallangan jahon iqtisodiyoti rivojlanishining yangilangan baholari va prognozlari taqdim etilgan.
XVF prognoziga ko‘ra, jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari 2025-yilda 3 foizni, 2026-yilda esa 3,1 foizni tashkil etadi. Bu 2024-yildagi 3,3 foizlik haqiqiy ko‘rsatkichdan pastroqdir. Aprel oyidagi nashr bilan solishtirganda, hozirgi prognoz ancha optimistik. Buning sababi davr boshida kutilganidan yuqoriroq iqtisodiy faollik, AQShda o‘rtacha samarali tariflarning aprel oyidagi hisob-kitoblarga nisbatan pastligi, moliyaviy sharoitlarning yaxshilanishi, jumladan, dollarning qadrsizlanishi, shuningdek, bir qator yirik iqtisodiyotlarda byudjet xarajatlarining kengayishidir.
Rivojlangan iqtisodiyotga ega mamlakatlarda 2025-yilda 1,5 foiz, 2026-yilda 1,6 foiz o‘sish kutilmoqda. AQShda xususiy talabning pasayishi va muhojirlar oqimining kamayishi tufayli 2025-yilda iqtisodiy o‘sishning 1,9 foizgacha sekinlashishi prognoz qilinmoqda. Biroq, 2026-yilda “Katta ajoyib qonun loyihasi”ning soliq-byudjet chora-tadbirlari to‘plamini amalga oshirish hisobiga ishlab chiqarish hajmining oshishi natijasida o‘sish 2 foizgacha tezlashishi mumkin. Yevrohududda o‘sish 2025-yilda 1 foizgacha, 2026-yilda esa 1,2 foizgacha tezlashishi kutilmoqda. 2025-yil uchun prognozning 0,2 foiz punktga oshishi joriy yilning birinchi choragida Irlandiya yalpi ichki mahsulotining kuchli o‘sishi bilan bog‘liq.
Bozori shakllanayotgan va rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘sish, XVF prognoziga ko‘ra, 2025-yilda 4,1 foizni, 2026-yilda esa 4 foizni tashkil etadi. Xususan, Xitoyda joriy yilning birinchi yarmida yuqori iqtisodiy faollik va AQSH bilan savdoda tariflarning sezilarli darajada pasayishi hisobiga 2025-yilda 4,8 foizlik o‘sish kutilmoqda. Hindistonda qulay tashqi iqtisodiy vaziyat tufayli 2025-yilda ham, 2026-yilda ham iqtisodiyotning o‘sishi 6,4 foiz darajasida prognoz qilinmoqda. Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasida o‘sish 2025-yilda 3,4 foizgacha va 2026-yilda 3,5 foizgacha tezlashishi kutilmoqda. Rossiyada esa, aksincha, 2025-yilda o‘sish 0,9 foizgacha, 2026-yilda 1 foizgacha sekinlashishi prognoz qilinmoqda.
Jahon inflatsiyasi pasayishda davom etishi kutilmoqda - 2025-yilda 4,2 foizgacha va 2026-yilda 3,6 foizgacha. Bu talabning susayishi va energiya narxlarining pasayishi bilan bog‘liq. Biroq, inflatsiya prognozlari mamlakatlar bo‘yicha farq qiladi. Masalan, AQShda iste’mol narxlarining o‘sishi tariflar ta’sirida kuchaysa, boshqa mamlakatlarda esa tariflar talabning salbiy shoki rolini o‘ynashi va inflatsiya bosimini ushlab turishi mumkin.
XVF hisobotiga ko‘ra, agar 1 avgustdan tariflar qo‘shimcha oshirilsa, jumladan, mis uchun e’lon qilingan bojlar 50 foizgacha ko‘tarilsa, bu jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Savdo siyosatidagi noaniqlikning kuchayishi iqtisodiy faollikni sekinlashtirishi, kompaniyalarning savdo aloqalarini saqlash va rivojlantirishga sarmoya kiritish istagini susaytirishi va natijada, ayniqsa eksportga yo‘naltirilgan mamlakatlarda savdo va ishlab chiqarishning o‘sish sur’atlarining pasayishiga olib kelishi mumkin. Geosiyosiy keskinlik global ta’minot zanjirlarining uzilishiga olib kelishi va xomashyo narxlarining oshishiga turtki berishi mumkin. Jahon savdosining o‘sish sur’ati 2025-yilda 2,6 foizgacha, 2026-yilda 1,9 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Braziliya, Fransiya va AQSH kabi mamlakatlar rekord darajadagi davlat qarzi fonida sezilarli byudjet taqchilligiga duch kelishi prognoz qilinmoqda. Bu uzoq muddatli obligatsiyalar bo‘yicha daromadlilik oshishiga va global moliyaviy sharoitlarning keskinlashishiga olib kelishi mumkin.
Savdo siyosatidagi noaniqlikni kamaytirish uchun mamlakatlarga xalqaro savdoning aniq va shaffof qoidalarini shakllantirishga ko‘maklashish tavsiya etiladi. Bunday vaziyatda global muammolarni hal etishga qaratilgan ko‘p tomonlama tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek, zarur bo‘lganda, ayrim masalalarga ko‘p tomonlama yoki mintaqaviy yondashuvlardan foydalanish muhimdir. XVFning fikricha, iqtisodiy siyosat sohasidagi xalqaro hamkorlik mamlakatlar o‘rtasidagi salbiy o‘zaro ta’sirlarni yumshatishi va eng zaif iqtisodiyotlarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Umuman olganda, makroiqtisodiy sharoitlarning asta-sekin tiklanish va qisman yaxshilanish belgilariga qaramay, jahon iqtisodiyotiga hali ham yuqori darajadagi noaniqlik xosdir. Bunday sharoitda mamlakatlar uchun prognoz qilinadigan iqtisodiy siyosatni ta’minlash, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va jahon iqtisodiyotining barqarorligini oshirish uchun savdo qoidalarini modernizatsiya qilish asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.