So‘nggi yillarda O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari izchil ravishda yangi bosqichga ko‘tarilib, siyosiy ishonch va iqtisodiy integratsiya chuqurlashib bormoqda. Abbos Boboxonov hamda JIDU talabasi va IXTI volontyori Mohinur Hasanova ta’kidlashicha, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri va yetakchi investor sifatidagi mavqeini mustahkamlab kelmoqda, Toshkent esa Pekinni milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, infratuzilma va sanoat salohiyatini oshirish, shuningdek texnologik yangilanish yo‘nalishlarida muhim strategik hamkor deb biladi. 2025-yil davomida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar va tarmoq maslahatlashuvlar mavjud hamkorlikni institutlashtirish hamda amaliy natijadorlikni kuchaytirishga xizmat qilgani qayd etiladi.
Maqolada siyosiy muloqotning barqarorligi alohida urg‘u bilan yoritiladi: Prezident Shavkat Mirziyoyev va XXR Raisi Si Szinpinning 2025-yildagi muntazam uchrashuvlari, hukumatlararo qo‘mita, TIVlar o‘rtasidagi Strategik muloqot kabi mexanizmlar orqali hamkorlik “har tomonlama strategik sheriklik” darajasida mustahkamlanmoqda. Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham bu jarayonning muhim tayanchi sifatida keltiriladi: 2025-yil yanvar–noyabr oylarida tovar ayirboshlash 14,6 mlrd dollarga yetgani, 2017–2024-yillarda jalb etilgan Xitoy investitsiyalari 24,6 mlrd dollarni tashkil etgani va qo‘shma loyihalar portfeli kengayib borayotgani ta’kidlanadi. Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar sonining oshishi va yirik sanoat tashabbuslari (jumladan ishlab chiqarish va energetika yo‘nalishlari) hamkorlikning amaliy ko‘lamini kengaytirayotgan omillar sifatida ko‘rsatiladi.
Shu bilan birga, mualliflar kelgusi bosqichda hamkorlikni muvozanatli rivojlantirish zarurligini qayd etadilar: innovatsiya va ta’lim sohalaridagi integratsiyani chuqurlashtirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, standartlashtirish va sertifikatlash mexanizmlarini yaqinlashtirish, hamda savdo nomutanosibligini bosqichma-bosqich kamaytirish ustuvor vazifalar sifatida ilgari suriladi. 2025-yildan 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilgani esa insonlararo aloqalar, turizm va ta’lim hamkorligini jadallashtirib, uzoq muddatda o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashi kutiladi.
“UzA” O‘zbekiston Milliy axborot agentligida saytida o‘qing
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.