Ko‘p komponentli energiya tizimi sharoitida barqaror o‘tish: xalqaro tajriba va O‘zbekiston uchun saboqlar

Tahliliy nashrlar

19 May 2025

Ulashish

Ko‘p komponentli energiya tizimi sharoitida barqaror o‘tish: xalqaro tajriba va O‘zbekiston uchun saboqlar

Neft, gaz, qayta tiklanadigan energiya manbalari (QTEM) va atom energetikasini o‘z ichiga olgan xilma-xil energetika majmuasiga ega mamlakatlar barqaror energiyaga o‘tishni boshqarishda o‘ziga xos qiyinchiliklarga duch kelmoqda. AQSH, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya, Hindiston va Ispaniya kabi davlatlar energiya xavfsizligi, dekarbonizatsiya va iqtisodiy samaradorlikni muvozanatlashtirishga harakat qilmoqda.

 

Murakkab energiya aralashmasiga ega mamlakatlar uchun asosiy muammolar:

  1. Energiya tizimining barqarorligi va moslashuvchanligi o‘rtasidagi muvozanat

Atom va gaz generatsiyasi barqaror asosiy yuklamani ta’minlasa, quyosh va shamol energiyasi kabi QTEM tebranishlarga moyil. Bu manbalarni birlashtirish energiyani saqlash infratuzilmasi va tarmoqlarni modernizatsiya qilishga katta sarmoyalar talab qiladi. Masalan, elektr energiyasining 57 foizi QTEMdan, 20 foizi atom stansiyalaridan olinadigan Ispaniyada yaqinda sodir bo‘lgan keng ko‘lamli elektr uzilishi energiya tizimining ishonchliligi va barqarorlikni ta’minlashda atom energetikasining roli haqida bahslarni keltirib chiqardi.

 

  1. Iqtisodiy samaradorlik va investitsiya tavakkalchiligi

Xilma-xil energetika portfelini saqlab qolish katta investitsiyalarni talab etadi. Buyuk Britaniyada Net Zero maqsadlariga erishish bo‘yicha harakatlarga qaramay, Shimoliy dengizning neft va gaz sektori har yili 20 milliard funt sterling ta’minlab, 200 000 dan ortiq ish o‘rinlarini qo‘llab-quvvatlab, iqtisodiyotda muhim rol o‘ynashda davom etmoqda. Biroq, yuqori soliqlar va siyosatdagi noaniqlik investorlarni cho‘chitib, sohaning rivojlanishini sekinlashtirishi mumkin.

 

  1. Geosiyosiy xavflar va energetika xavfsizligi

Energiya importiga qaramlik mamlakatlarni tashqi ta’sirlarga zaif qiladi. Xitoy neft va ko‘mir importiga qaramlikni kamaytirishga intilib, QTEMni rivojlantirish va iqtisodiyotni elektrlashtirishga sarmoya kiritmoqda. Bu sa’y-harakatlar allaqachon energiya iste’molining 30 foizini elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini berdi.

 

  1. Texnologik muammolar va infratuzilmani modernizatsiya qilish

Turli energiya manbalarini integratsiyalash tarmoqlarni modernizatsiya qilish va yangi texnologiyalarni joriy etishni talab qiladi. AQSH va Xitoyda 2040-yilgacha qariyb 890 GVt gaz quvvatini qo‘shish rejalashtirilgan bo‘lib, bu katta sarmoya va infratuzilmani modernizatsiya qilishni taqozo etadi.

 

Murakkab energiya aralashmasiga ega mamlakatlarga misollar:

AQSH ulkan neft, gaz, QTEM va rivojlangan atom energetikasiga ega. Biroq, siyosiy o‘zgarishlar QTEM rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin. Masalan, elektromobillar uchun rag‘batlarni kamaytirish toza energiyaga o‘tishni sekinlashtirishi mumkin.

 

Xitoy QTEMga va elektrlashtirishga faol sarmoya kiritib, qazilma resurslar importiga qaramlikni kamaytirishga intilmoqda. Bu sa’y-harakatlar allaqachon uglerod izini kamaytirish va energiya xavfsizligini oshirishda sezilarli yutuqlarga olib keldi.

 

Ispaniya 2030-yilga borib QTEM ulushini 81 foizga yetkazishni va 2035-yilgacha atom stansiyalarini tugatishni rejalashtirmoqda. Biroq, so‘nggi paytlardagi elektr ta’minotidagi uzilishlar energiya tizimining ishonchliligi va atom energiyasidan voz kechish rejalarini qayta ko‘rib chiqish zarurati haqidagi savollarni keltirib chiqardi.

 

Xilma-xil energiya aralashmasiga ega mamlakatlar barqaror energiyaga o‘tishda o‘ziga xos qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Iqtisodiy, texnologik va geosiyosiy jihatlarni hisobga olgan holda, turli energiya manbalarini rivojlantirishni puxta muvozanatlashtirish zarur. Infratuzilmani modernizatsiya qilishga investitsiyalar, energiyani saqlash texnologiyalarini rivojlantirish va moslashuvchan energetika siyosati barqaror energetikaga muvaffaqiyatli o‘tishning asosiy omillaridir.

 

Ushbu tahlildan barcha yo‘nalishlar rivojini muvozanatlashtirishga intilayotgan O‘zbekiston uchun bir nechta muhim saboqlarni ajratib ko‘rsatish mumkin:

 

  1. Energiya balansi strategik boshqaruvni talab qiladi
  • Saboq: Bitta energiya manbaiga – hatto bu QTEM bo‘lsa ham – og‘ishdan qochish kerak.
  • Kontekst: Ispaniya misolida ko‘rsatilganidek, bazaviy ishlab chiqarishni (gaz, atom) qo‘llab-quvvatlamasdan QTEM ulushining tez o‘sishi energiya tizimining beqarorligiga olib kelishi mumkin.
  • O‘zbekiston uchun: 2030-yilga borib quyosh va shamol energiyasi ulushini 25 foizga yetkazish bo‘yicha ulkan maqsadlarni hisobga olgan holda, gaz va atom ishlab chiqarishni rivojlantirishni susaytirmaslik, shuningdek, QTEM ishlab chiqarishdagi tebranishlarni bartaraf etish uchun elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish juda muhimdir.

 

  1. Atom energetikasi energiya o‘tishida tayanch sifatida
  • Saboq: AES QTEM ulushi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda energiya tizimi barqarorligi uchun “langar” vazifasini bajaradi.
  • Kontekst: Fransiya, AQSH va Xitoy QTEM ko‘payishi fonida atomdan barqaror past uglerodli manba sifatida foydalanmoqda.
  • O‘zbekiston uchun: Jizzax viloyatida kichik atom elektr stansiyasi (KATES), kelajakda esa, ehtimol, yirik stansiya qurilishi uzoq muddatli istiqbolda energiya xavfsizligini ta’minlashi mumkin. Ammo quyidagilarni ta’minlash muhim: komponentlarni mahalliylashtirish, kadrlar tayyorlash, moliyalashtirishning shaffofligi, xalqaro xavfsizlik standartlari.

 

  1. Gaz – o‘tish davri yoqilg‘isi, uning berk ko‘chasi emas
  • Saboq: Gaz generatsiyasi dekarbonizatsiyaga to‘siq emas, balki uni qo‘llab-quvvatlaydi.
  • Kontekst: AQSH va Xitoyda gaz ko‘mirga qaramlikdan chiqish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini integratsiyalashda tayanch vazifasini bajaradi.
  • O‘zbekiston uchun: O‘z gaz resurslari mamlakatga “moslashuvchan ishlab chiqarish” mexanizmidan foydalanish imkonini beradi, shu bilan birga eksport imkoniyatlarini kengaytiradi va qo‘shimcha qiymat yaratadi (BGQ, gaz kimyosi). Biroq, samaradorlikka to‘sqinlik qiladigan subsidiyalardan voz kechish va yuklamalarni raqamli boshqarishni rivojlantirish muhim.

 

  1. Investitsiyalarning shaffof siyosati va global zanjirlarga integratsiyalashuv
  • Saboq: Energiya o‘tishi sharoitida xalqaro investitsiyalar quyidagi sohalarga yo‘naltiriladi: tushunarli tartibga solish muhiti, uzoq muddatli barqarorlik, ESGga yo‘naltirilgan loyihalar.
  • O‘zbekiston uchun: Davlat xususiy va xalqaro investorlar uchun shart-sharoitlar shaffofligini oshirishi lozim, jumladan: QTEM uchun auktsion modellari, tarmoqlarga ochiq kirish, investitsiyalarni qaytarish kafolatlari.
  • Misol: ACWA Power yoki Masdar uchun PPA modeli samaradorligini ko‘rsatmoqda, ammo uni kengaytirish va institutsionallashtirish zarur.

 

  1. Energetika diplomatiyasi strategik aktiv sifatida
  • Saboq: Geosiyosat energiya almashinuvining muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi: muhim resurslar, texnologiyalar va bozorlarga kirish imkoniyati.
  • O‘zbekiston uchun: Yevropa tashabbuslarida (EU Global Gateway, Central Asia-EU Green Energy Dialogue) ishtirok etish, vodorod va saqlash texnologiyalari bo‘yicha Xitoy va Janubiy Koreya bilan hamkorlik o‘rnatish, atom va gaz sohalarida xalqaro hamjamiyat (xususan, Rossiya) bilan aloqalarni mustahkamlash orqali energetika diplomatiyasini rivojlantirish muhim.

 

O‘zbekiston uchun energiya transformatsiyasi – QTEM va YOEK o‘rtasidagi tanlov emas, balki oqilona muvozanatni topishdir.

 

Asosiy ustuvorliklar:

  • Energetika tizimining yagona modelida barcha manbalarni sinxronlashtirish.
  • Infratuzilma va tarmoq moslashuvchanligiga investitsiyalar kiritish.
  • Yangi quvvatlarni qurishda mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlash.
  • Mintaqaviy va xalqaro hamkorlikda faol ishtirok etish.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.