Abbos Boboxonov “O‘zA” axborot agentligiga bergan intervyusida YUNESKOning ta’lim, fan, madaniyat va axborot yo‘nalishlaridagi global hamkorlikni kuchaytirishdagi o‘rnini, O‘zbekiston bilan hamkorlikning esa mazmun va ko‘lam jihatidan izchil kengayayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, mamlakatimiz 1993 yildan beri YUNESKO a’zosi sifatida boy tarixiy-madaniy merosni asrash, qayta tiklash va jahon hamjamiyatiga tanitishda ushbu tuzilma bilan samarali ishlamoqda. O‘zbekistonning Ichan qal’a, Buxoro va Shahrisabz tarixiy markazlari, “Samarqand — madaniyatlar chorrahasi”, G‘arbiy Tyanshan, Buyuk Ipak yo‘lining Zarafshon–Qoraqum yo‘lagi hamda Turon cho‘li kabi 7 manzili Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani, shuningdek, Shoshmaqom, Boysun madaniyati, katta ashula, askiya, palov, Navro‘z va boshqa unsurlarni qamrab olgan 16 ta nomoddiy meros elementi xalqaro miqyosda e’tirof etilgani buning yaqqol dalilidir.
Intervyuda YUNESKO bilan innovatsion hamkorlik ham alohida ko‘rsatib o‘tildi: pandemiyadan so‘ng Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarni xaritalash bo‘yicha hujjatlar tayyorlanib, tashkilotning elektron platformasida saqlanmoqda; besh viloyatda universitetlar salohiyati o‘rganilib, ilmiy-innovatsion texnologiyalar yo‘nalishida tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu tashabbuslar milliy ilm-fan ekotizimini kuchaytirish, xalqaro ilmiy almashuvni jadallashtirishga xizmat qilmoqda.
Boboxonov 2023 yil noyabrda Parijda qabul qilingan, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yil 30 oktyabr – 13 noyabr kunlari Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi tarixiy qarorning ahamiyatini ham yoritdi. 194 davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bu tashabbus YUNESKOning so‘nggi 40 yilda ilk bor Fransiyadan tashqarida sessiya o‘tkazishi, O‘zbekistonning samarali diplomatiyasi va madaniy-ma’rifiy taraqqiyotiga berilgan yuksak baho sifatida talqin qilindi. Samarqand — qadimiy sivilizatsiyalar chorrahasi — mezbonlik qiladigan mazkur anjuman mintaqada madaniy muloqot, o‘zaro anglashuv va barqaror rivojlanish kun tartibini yanada boyitib, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlashi kutilmoqda.
To‘liq intervyuni UzA veb-saytida o‘qing
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.