IXTI yetakchi ilmiy xodimi Hayotjon Ibragimov Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligiga bergan intervyusida TRIPP (“Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li”) tashabbusi Markaziy Osiyo uchun investitsiya xatarlarini kamaytirishning muhim vositasiga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, ushbu loyihani nafaqat logistika yo‘nalishi, balki O‘rta koridor uchun o‘ziga xos “moliyaviy himoya” sifatida ham ko‘rib chiqish lozim. Chunki Amerika homiyligining o‘zi G‘arb sarmoyasi uchun kafolat vazifasini o‘taydi va mintaqadagi infratuzilma loyihalarini yanada jozibador hamda moliyalashtirish nuqtai nazaridan arzonroq qiladi.
Ekspert, shuningdek, AQSH vitse-prezidenti Jay Di Vensning Bokuga tashrifi Vashingtonning Kaspiy mintaqasida bayon qilingan fikrlardan amaliy harakatlarga o‘tishi belgisi bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikricha, AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati negizida energetika va strategik ahamiyatga ega minerallar masalalari yotadi: Vashington Xitoyning nodir yer elementlari yetkazib berish zanjiridagi monopoliyasini zaiflashtirishga intilmoqda. O‘zbekiston esa o‘zining boy mis, uran va litiy zaxiralariga ega bo‘lgani bois, xomashyo eksporti o‘rniga Amerikaning ilg‘or qayta ishlash texnologiyalarini jalb etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Hayotjon Ibragimovning taxminiga ko‘ra, kelajakda hamkorlik "resurs pragmatizmi" atrofida rivojlanadi. Bu geologiya-qidiruv ishlariga sarmoyalarning o‘sishi va atom energetikasi sohasida Amerikaning kichik modulli reaktorlarini (SMR) joriy etishni o‘z ichiga olishi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.