Oʻnlab yillar davomida Amerika kafolatlari va “tarix oxiri” kontseptsiyasiga asoslangan Yevropa xavfsizligining zamonaviy arxitekturasi bugungi kunda sezilarli transformatsiyani boshdan kechirmoqda. So‘nggi yillar voqealari transatlantik hamkorlik himoyasi ostida mudofaaga minimal xarajatlar davri muhim o‘zgarishlar davridan o‘tayotganini ko‘rsatdi.
Buyuk davlatlar o‘rtasidagi kuchlar muvozanati o‘zgarishi bilan tavsiflangan global tartibning transformatsiyasi Yevropa Ittifoqi oldiga muhim strategik savollarni qo‘ymoqda. Vaziyat Qo‘shma Shtatlarning 2025 yilgi Milliy xavfsizlik strategiyasida“Yevropaning hozirgi kursiga qarshilik ko‘rsatish” chaqirig‘i va hamkorlarga nisbatan savdo tariflarining joriy etilishi mavjud kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatgani bilan murakkablashmoqda.
Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasi bo‘yicha rasmiy majburiyatlar saqlanib turilsa ham, AQShning strategik ustuvorliklari Xitoy bilan raqobatni boshqarishga qarab siljiyapti.
O‘z xavfsizligini ta’minlash va fuqarolar manfaatlarini himoya qilish uchun Yevropaga mudofaa masalalarida faolroq rol o‘ynash, o‘zining integratsiyalashgan harbiy salohiyatini rivojlantirish maqsadga muvofiqdir. Mudofaa masalalarida Yevropaning AQShga tarixiy bog‘liqligi xavfli xavfsizlik illyuziyasini yaratdi, bu milliy qurolli kuchlarning degradatsiyasiga va harbiy-sanoat majmuasining chuqur parchalanishiga olib keldi. Qo‘shma Shtatlarning Yevropa xavfsizlik tizimidagi roli an’anaviy ravishda juda muhim bo‘lib, u nafaqat xavfsizlik kafolatlarini ta’minlab kelgan, balki strategik razvedka, sun’iy yo‘ldosh aloqasi, havoda yonilg‘i quyish va og‘ir transport aviatsiyasi kabi muhim imkoniyatlarni ham taqdim etgan.
Ukrainadagi mojaro xalqaro missiyalar va inqirozlarga javob berish uchun moslashtirilgan Yevropa armiyalari yuqori intensivlikdagi operatsiyalarni olib borish imkoniyatlarini rivojlantirish zarurligini ko‘rsatdi, bu yerda hal qiluvchi omil nafaqat texnologik ustunlik, balki ishlab chiqarish hajmi, logistika va mudofaa xaridlarining barqarorligi ham hisoblanadi.
Ukrainadagi vaziyat hal etilsa ham, ishonchli xavfsizlik tizimini saqlash zarurati saqlanib qolmoqda: Rossiya o‘z harbiy salohiyatini mustahkamlashda davom etmoqda, bu NATOning sharqiy yo‘nalishda doimiy tayyorgarlikni saqlashini talab qiladi.
Yevropa xavfsizligining arxitekturasi transatlantik hamkorlik va Amerika kafolatlariga tayanib turgan ekan, Yevropa mudofaa avtonomiyasini rivojlantirish loyihalari ma’lum cheklovlarga duch kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, Germaniya kantsleri Fridrix Mertsning Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan frantsuz va britaniya yadroviy to‘xtatish kafolatlarini Yevropa darajasiga kengaytirish bo‘yicha muzokaralar boshlanishi haqidagi bayonoti diqqatga sazovordir, bu ularning yadro salohiyatini “yevropalashtirilishi” haqidagi ilgari nazariy muhokamani amaliy siyosat maydoniga ko‘chirmoqda.
YeI davlatlarining oddiy qurollar sohasidagi imkoniyatlarining joriy holatini tahlil qilish fundamental paradoksni ochib beradi: umumiy harbiy xarajatlar 290 milliard yevrοdan oshsa ham, Yevropaning haqiqiy jangovar tayyorgarligi past darajada qolmoqda. NATO mamlakatlari 2035 yilga kelib xarajatlarni YaIMning 3,5% gacha oshirishga kelishib olganiga qaramay, faqat moliyaviy tashkil etuvchi strukturaviy muammoni hal qila olmaydi.
1 trillion dollarga yaqinlashayotgan AQShning muhim mudofaa byudjeti Vashingtonga ilmiy-tadqiqot va tаjribaviy-konstruktorlik ishlariga yirik Yevropa mamlakatlarining umumiy harbiy byudjetlariga qiyoslanadigan summalarni sarmoya kiritish imkonini beradi. Bu texnologik tafovut vaziyatini yaratadi, bu yerda Amerika qurollarini sotib olish ko‘pincha Yevropa uchun narx-sifat nisbati nuqtai nazaridan afzalroq yechim bo‘ladi.
Yevropa yondashuvlari samaradorligini oshirish uchun asosiy imkoniyat milliy darajada koordinatsiyani kuchaytirish va funksiyalarning takrorlanishini bartaraf etish bilan bog‘liq. Asosiy cheklov YeIning institutsional arxitekturasi bo‘lib qolmoqda: mudofaa bo‘yicha qarorlar hamon konsensusni talab qiladi va strategik madaniyatlar farqi (Polshaning safarbarlik mantiqidan janubiy Yevropa mamlakatlarining O‘rta yer dengizi ustuvorliklarigacha) yagona rejalashtirish uchun ma’lum murakkabliklarni yaratadi.
Har bir davlat o‘zining sanoat bazasini saqlab qolishga intiladi, bu qurollarning nisbatan kichik seriyalarini ishlab chiqarishga olib keladi va miqyos iqtisodiyotini amalga oshirishni qiyinlashtiradi. Yevropa mamlakatlarining mudofaa vazirliklari ba’zan integratsiya masalalarida ehtiyotkorlik ko‘rsatadi, bu mavjud tuzilmalar va milliy kompaniyalarning shartnomalarini saqlab qolish istagi bilan bog‘liq. Mutaxassislarning baholariga ko‘ra, mudofaa sohasida integratsiyaning yo‘qligi tufayli yillik yo‘qotishlar 25 dan 30 milliard yevrogacha tashkil etadi va qo‘shma xaridlar qayta qurollanish xarajatlarini ikki baravar kamaytirishga imkon beradi. Taqqoslash uchun: agar AQSh bitta asosiy jangovar tank turi - M1 Abramsni ishlatsa, Yevropa davlatlari armiyalarida o‘n yetti xil turdagi tanklar mavjud. Shunga o‘xshash vaziyat piyoda jangovar mashinalari, artilleriya tizimlari va aviatsiya bo‘yicha ham kuzatilmoqda.
Qurollarning bunday xilma-xilligi logistik muammolarni yaratadi, AQShning Indo-Tinch okeani mintaqasiga e’tiborini qaratishi sharoitida qo‘shimcha muvofiqlashtirish va yordamisiz qo‘shma operatsiyalarni murakkablashtiradi. Beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyoti dasturi yorqin misoldir. Germaniya, Polsha va Niderlandiya tomonidan ushbu samolyotni keng miqyosda sotib olish Amerika hamkorlariga texnologik bog‘liqlikni anglatadi. F-35ni sotib olish orqali Yevropa mamlakatlari ilg‘or raqamli ekotizimga kirish imkonini oladi, bu ma’lum o‘zaro bog‘liqlikni saqlab turib, yuqori darajadagi texnologik imkoniyatlarni ta’minlaydi.
Shu bilan birga, so‘nggi ikki yil ichida Yevropa mamlakatlarining barcha mudofaa xaridlarining taxminan 78% tashqi yetkazib beruvchilarga, asosan Xorijiy harbiy savdo mexanizmi orqali Amerika kompaniyalariga yo‘naltirilgan. Bu Amerika mudofaa sanoatining raqobatbardoshligini aks ettiradi, ammo ayni paytda ko‘proq muvozanatni ta’minlash uchun Yevropa texnologik bazasini rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi. Ukrainadagi mojaro ta’minot manbalarini diversifikatsiya qilish muhimligini ko‘rsatdi: Yevropa ishlab chiqarishi 155 mm kalibrli snaryadlar taqchilligini to‘ldirishda qiyinchiliklarga duch keldi, HIMARS, Patriot raketalari va real vaqt rejimidagi razvedka ma’lumotlari kabi yuqori texnologiyali tizimlar asosan Amerika hamkorlaridan keldi. Bu Yevropa xavfsizlik tizimining barqarorligini oshirish uchun o‘z ishlab chiqarish imkoniyatlarini rivojlantirish muhimligini ta’kidlaydi.
Mudofaa xaridlarining parchalanishi iqtisodiy samaradorlikka ta’sir qiladi va Yevropa davlatlari uchun qo‘shimcha byudjet yuklarini yaratadi. Zamonaviy sharoitlarda mudofaa nafaqat xarajat maddasi, balki Yevropaning sanoat siyosatining muhim tarkibiy qismi sifatida qaraladi: o‘q-dorilar, pilotsiz tizimlar, kiberxavfsizlik vositalari va kosmik razvedka ishlab chiqarish umuman YeIning texnologik raqobatbardoshligini saqlashga yordam berishi mumkin.
Hozirgi geosiyosiy vaziyat Yevropani transatlantik munosabatlar asoslarini qayta o‘ylash zaruriyati oldiga qo‘ydi, “mas’uliyatni taqsimlash” kontseptsiyasi amaliy ahamiyat kasb etmoqda. AQShdagi byudjet cheklovlari turli hududlarda Amerika ishtirокini tuzatishga yordam berishi mumkin. Natijada, YeI tanlov oldida turibdi: mudofaa sohasida integratsiyani rivojlantirish va xavfsizlik sohasida mustaqil o‘yinchi sifatida o‘z rolini mustahkamlash yoki joriy holatni saqlash, bunda qit’aning imkoniyatlari katta darajada tashqi omillarga bog‘liq.
Yanada integratsiyalashgan mudofaa tuzilmalari kontseptsiyasini rivojlantirib, YeI samarali muvofiqlashtirish mexanizmlarini yaratishi mumkin. Bu bosqichma-bosqich integratsiyani nazarda tutadi, uning birinchi bosqichi Ispaniya va Italiya kabi muhim harbiy imkoniyatlarga ega mamlakatlar sezilarli hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan 50 dan 100 ming kishigacha bo‘lgan Tez joylashish kuchlarini shakllantirishdan iborat bo‘lishi mumkin. Bu kuchlar yagona qo‘mondonlikka ega bo‘lishi va Sharqiy Yevropa davlatlarining qurolli kuchlari bilan muvofiqlashtirilib ishlashi kerak. Ushbu strategiyani amalga oshirishning eng muhim vositasi innovatsion rivojlanishga uzoq muddatli investitsiyalar uchun “Yevropa mudofaa obligatsiyalari”ni joriy etishni o‘z ichiga olgan moliyaviy integratsiya hisoblanadi.
To‘liq avtonomiya uchun Yevropaga nafaqat xaridlarni, balki razvedka hamkorligini ham birlashtirish, yagona “YeI Razvedka hamkorligi xizmati”ni va Buyuk Britaniya ishtirokidagi Yevropa Xavfsizlik kengashini yaratish maqsadga muvofiqdir. Muhim amaliy qadam Yevropadagi qo‘shma kuchlarning oliy qo‘mondoni lavozimiga Yevropa generalini tayinlash bo‘lishi mumkin, bu Yevropa davlatlarining o‘z xavfsizligini ta’minlashdagi o‘sgan rolini aks ettiradi.
Bunday choralar jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashiga ega: so‘rovlarga ko‘ra, yevropaliklаrning atigi 19% o‘z milliy armiyalariga to‘liq ishonadi, 60% esa umumyevropa mudofaa tuzilmalari g‘oyasini ijobiy baholaydi. Bunday o‘zgarishlarga siyosiy iroda asta-sekin shakllanmoqda: yetakchi siyosatchilar xaridlarni muvofiqlashtirish vakolatlarining bir qismini milliy ustidan turuvchi darajaga o‘tkazish imkoniyatini faol muhokama qilmoqdalar.
Strategik avtonomiyaga yo‘l Yevropa yetakchilaridan milliy manfaatlar va jamoaviy xavfsizlik maqsadlari o‘rtasida muvozanatni talab qiladi. Ko‘proq mustaqil Yevropa AQSh uchun yanada samarali va bashorat qilinadigan hamkor bo‘lishi mumkin, qo‘shni hududlarda barqarorlashtirish vazifalarini mustaqil hal qilishga qodir, shu bilan Amerika hamkorlariga global ustuvorliklar bo‘yicha resurslarni to‘plash imkonini beradi. Yevropa harbiy salohiyatini rivojlantirish transatlantik hamkorlikni zaiflashtirishdan ko‘ra, mas’uliyatni yanada muvozanatli taqsimlash orqali uni mustahkamlash usuli sifatida qaralmoqda. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida tarixiy xususiyatlar va turli strategik madaniyatlar bilan bog‘liq mamlakatlar o‘rtasidagi yondashuvlardagi farqlar mavjud, ammo yangi avlod qiruvchi samolyoti va tank platformalarini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma loyihalar hamkorlikning yangi modeli uchun asos yaratmoqda.
Shunday qilib, yanada integratsiyalashgan va samarali Yevropa mudofaa tizimi qit’aga kelajak jahon tartibining konturlarini belgilashda faolroq rol o‘ynash imkonini beradi va transatlantik hamkorlikni yanada teng asosda mustahkamlaydi. Strategik avtonomiya mavjud ittifoqlarga alternativa sifatida emas, balki o‘zgaruvchan xalqaro muhitda Yevropa xavfsizligini ta’minlashning muhim sharti sifatida qaralmoqda.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.