AQSh federal markazining “boshpana-shaharlar” bilan ziddiyati fonida migratsiya siyosatining qat’iylashtirilishi to‘g‘risida

Sharh

21 Aprel 2026

Ulashish

AQSh federal markazining “boshpana-shaharlar” bilan ziddiyati fonida migratsiya siyosatining qat’iylashtirilishi to‘g‘risida

Muallif: Doston Tuxliyev, JIDU talabasi, IXTI amaliyotchisi

 

2026-yil aprel oyi boshida AQShning ichki kun tartibi yana migratsiya masalasi atrofida markazlashdi. Ushbu masala D. Tramp ma’muriyati davrida odatiy davlat siyosati yo‘nalishidan ichki siyosiy safarbarlik va muxolifat kayfiyatidagi yurisdiksiyalarga (hududlarga) ma’muriy bosim o‘tkazishning asosiy vositalaridan biriga aylanib ulgurdi. Yangi munozaralar to‘lqiniga AQSh Ichki xavfsizlik vazirligining bayonoti sabab bo‘ldi. Unga ko‘ra, agar mahalliy hokimiyat organlari federal migratsiya tuzilmalari bilan to‘laqonli hamkorlik qilishni rad etishda davom etsa, “boshpana-shaharlar” deb ataluvchi hududlarda joylashgan qator aeroportlarda xalqaro yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilishi mumkin.

Gap faqatgina sohaga oid immigratsiya doirasidan chiqib ketadigan, balki savdo, turizm, investitsiya iqlimi hamda Vashington va mahalliy hokimiyatlar o‘rtasidagi munosabatlar arxitekturasining o‘ziga daxldor bo‘lgan chora haqida bormoqda.

Ta’kidlash joizki, 2026-yil mart oyida AQSh Ichki xavfsizlik vaziri etib tayinlangan Markveyn Mallin bunga qadar Oklaxoma shtatidan senator va AQSh Kongressining Vakillar palatasi a’zosi bo‘lib ishlagan. U D. Tramp ma’muriyatining qat’iy migratsiya siyosatini izchil qo‘llab-quvvatlovchilardan biri hisoblanadi hamda chegara va ichki xavfsizlik masalalarida federal nazoratni kuchaytirish tarafdori sifatida tanilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQShda “boshpana-shaharlar” (sanctuary cities) atamasi mahalliy hokimiyatlari migrantlar haqidagi ma’lumotlarni federal tuzilmalarga uzatishni u yoki bu darajada cheklaydigan, faqatgina immigratsiya xizmatlarining so‘roviga asosan, sud qarorisiz ushlab turilgan shaxslarni hibsda saqlashni rad etadigan yoki umuman olganda federal migratsiya qonunchiligini ijro etishda mahalliy politsiya ishtirokini minimallashtiradigan shahar va okruglarga nisbatan qo‘llaniladi.

Aslida, AQSh ma’muriyati “boshpana-shaharlar” bilan qarama-qarshilikni siyosiy-huquqiy tekislikdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri infratuzilmaviy bosim sohasiga o‘tkazishga tayyorligini namoyish etmoqda. Agar ilgari asosiy ta’sir dastaklari sifatida sud da’volari, grantlarni cheklash tahdidlari va ochiq siyosiy tanqidlar ishlagan bo‘lsa, hozirda xalqaro aeroportlardan majburlash vositasi sifatida foydalanish ehtimoli muhokama qilinmoqda. Bunday yurisdiksiyalar ro‘yxatiga mamlakatning Los-Anjeles, Nyu-York, Chikago va San-Fransisko kabi eng yirik urbanizatsiyalashgan markazlari kirishini hisobga olsak, ushbu qadam nafaqat xalqaro qatnovlarni murakkablashtirishi, balki an’anaviy ravishda Amerika iqtisodiyotining tayanch tugunlari rolini o‘ynaydigan shaharlarning ishbilarmonlik faolligiga ham zarba berishi mumkin.

Hozirgi eskalatsiyaning tug‘ilish huquqiga ko‘ra fuqarolik berish borasida davom etayotgan bahslar bilan parallel ravishda kechayotgani yuz berayotgan voqealarga alohida ahamiyat bag‘ishlaydi. Aprel oyi boshida AQSh Oliy sudi D. Tramp ma’muriyatining qonuniy doimiy maqomga ega bo‘lmagan ota-onalardan Amerika hududida tug‘ilgan bolalarga avtomatik ravishda fuqarolik berishni cheklashga qaratilgan urinishi bilan bog‘liq ishdagi dalillarni ko‘rib chiqdi. Tinglovlar davomidayoq ko‘plab sudyalar Oq uyning pozitsiyasiga shubha bilan qarashlarini namoyish etdilar, bu esa amaldagi ma’muriyatning qat’iy migratsiya siyosatiga nisbatan jiddiy institutsional qarshilikning kamdan-kam uchraydigan namunasi bo‘ldi. Shunday qilib, AQShdagi migratsiya kun tartibi tobora ijro etuvchi hokimiyat, sud tizimi, shtatlar va munitsipalitetlarning bir vaqtdagi to‘qnashuv maydoniga aylanib bormoqda.

Boshqacha aytganda, AQShda migratsiya siyosati atrofidagi hozirgi bahslar bir vaqtning o‘zida bir-biriga bog‘liq uchta yo‘nalish bo‘yicha rivojlanmoqda. Bir tomondan, Oq uy migratsiya ustidan nazorat qilish masalalarida federal markazning vakolatlarini imkon qadar kengaytirishga va mahalliy hokimiyatlarni qat’iy ma’muriy bo‘ysunish mantig‘ida harakat qilishga majburlashga intilmoqda. Ikkinchi tomondan, sud tizimi bunday qadamlar AQSh Konstitutsiyasiga qay darajada mos kelishini va ular prezident vakolatlari doirasidan chiqib ketmayotganligini aniqlashga harakat qilmoqda. Uchinchi tomondan, federal migratsiya tuzilmalari bilan hamkorlikni cheklovchi “boshpana-shaharlar” Vashingtonning mahalliy siyosatni o‘ziga bo‘ysundirish urinishlariga qarshilik ko‘rsatmoqda. Natijada AQShdagi migratsiya masalasi faqatgina chegaralar va noqonuniy migratsiya haqidagi bahs emas, balki federal hokimiyat, sudlar va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi vakolatlar mutanosibligi to‘g‘risidagi yanada kengroq ziddiyatga aylanmoqda.

Shu fonda shuni hisobga olish kerakki, “boshpana-shaharlar” atrofidagi ziddiyat nafaqat huquqiy, balki chuqur siyosiy-mafkuraviy xususiyatga ham ega. Respublikachilar ma’muriyati uchun bunday shaharlar federal siyosatga qarshilik ko‘rsatish ramzi, boshqaruvning liberal modeli ifodasi va mahalliy elitalar Vashington suverenitet va milliy xavfsizlik sohasiga taalluqli deb biladigan masalalarda markaziy hokimiyat vakolatlarini qanday qilib cheklashga intilayotganining yorqin misolidir. Aynan shuning uchun ham migratsiya mavzusi Oq uyning ijro etuvchi hokimiyat vertikalini mustahkamlash hamda markazning hatto jiddiy siyosiy va iqtisodiy resurslarga ega bo‘lgan hududlarda ham yagona federal standartlarni o‘rnatish qobiliyatini namoyish etish bo‘yicha kengroq strategiyasiga uzviy ravishda birikib ketmoqda.

E’tiborlisi shundaki, bunday yondashuv Amerika federalizmining mohiyatini o‘zgartiradi. Agar ilgari markaz va mahalliy hokimiyatlar o‘rtasida migratsiya masalalari bo‘yicha bahslar ko‘pincha uzoq muddatli yuridik xususiyatga ega bo‘lib, vakolatlar bellashuvi doirasida kechgan bo‘lsa, hozirda ijro etuvchi hokimiyat norozi bo‘lganlarga nisbatan moddiy yo‘qotishlar yaratishga tayyorligini tobora ochiq namoyish etmoqda. Bu ma’noda migratsiya siyosati nafaqat chegaralarni nazorat qilish va chet elliklar maqomi masalasi bo‘lib qolmay, balki siyosiy raqiblarga ma’muriy bosim o‘tkazish vositasiga aylanib bormoqda. Bunday siyosiy kurs migratsiya atrofidagi kurash tobora transport va ma’muriy infratuzilmaning ayrim elementlari falaj holatga kelishi bilan birga kechishi xavfini obyektiv ravishda oshiradi.

Oq uyning qat’iyligi ko‘p jihatdan ichki siyosiy hisob-kitoblar mantig‘i bilan tushuntirilishi ham muhim ahamiyatga ega. Migratsiya mavzusi D. Trampning elektoral bazasi uchun eng kuchli safarbar qiluvchi masalalardan biri bo‘lib qolmoqda, shuning uchun har qanday qat’iylashtirish chorasi ma’muriyatning “tartibni o‘rnatish” bo‘yicha o‘z va’dalarini bajarayotganining yaqqol tasdig‘i sifatida ishlatilishi mumkin. Shu bilan birga, eng yirik shaharlar va transport tugunlariga haddan tashqari bosim o‘tkazish AQShning o‘zi uchun ham aniq xavf-xatarlarni keltirib chiqaradi, chunki bu xalqaro aloqalar, turistik oqimlar va Amerika megapolislarining ishbilarmonlik nufuziga zarba beradi. Natijada Oq uy qisqa muddatli siyosiy dividendlar oladi, biroq ayni paytda ichki institutsional beqarorlikning o‘sishi uchun zamin yaratadi.

Kengroq ma’noda, yuz berayotgan voqealar hozirgi Amerika migratsiya siyosati borib-borib bevosita noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashning o‘zi bilan cheklanib qolmayotganidan dalolat beradi. Gap migratsiya masalasi orqali mahalliy hokimiyatlar muxtoriyatini zaiflashtirish hisobiga federal markaz pozitsiyalarini kuchaytirib, AQSh siyosiy tizimining o‘zida kuchlar muvozanatini qayta shakllantirishga bo‘lgan urinish haqida bormoqda. Agar bu yo‘nalish saqlanib qolsa, Qo‘shma Shtatlar Oq uy, sudlar va mamlakatning eng yirik shaharlari o‘rtasidagi ziddiyatning yanada chuqurlashish xavfiga duch keladi, migratsiya kun tartibi esa uzil-kesil ichki siyosiy inqirozning asosiy triggerlaridan (qo‘zg‘atuvchilaridan) biriga aylanadi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.