Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026 yil 15 may kuni Turkistonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) norasmiy sammitidagi ishtiroki O‘zbekistonning TDTga nisbatan siyosati evolyutsiyasida yangi bosqichni boshlab berdi hamda tashkilotning texnologik kun tartibini faol shakllantirish sari o‘tishni namoyon etdi.
2020 yildan boshlab Toshkent turkiy integratsiya makonidagi ishtirokini izchil ravishda kengaytirib bordi va unga tobora yaqqol pragmatik mazmun berdi. 2022 yilgi Samarqand sammiti O‘zbekistonning tashkilot kun tartibini shakllantiruvchi markazlardan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamladi. 2026 yilgi Turkiston sammiti esa ushbu tendensiyani sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi, chunki O‘zbekiston TDTning raqamli strategiyasi me’morlaridan biri sifatida namoyon bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev tomonidan sammitda ilgari surilgan “Raqamli turkiy koridor”, Turkiy kiberxavfsizlik alyansi, iqlim xatarlarini sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring qilish tizimi, qo‘shma venchur jamg‘armasi va boshqa tashabbuslar o‘zining turli yo‘nalishlariga qaramay yagona mantiq bilan birlashadi. O‘zbekiston turkiy integratsiyani bosqichma bosqich infratuzilmaviy jihatdan ta’minlangan, texnologik jihatdan zamonaviy va institutsional jihatdan yetuk hamkorlik tizimiga aylantirish tarafdori bo‘lib chiqmoqda. E’tiborlisi shundaki, har bir tashabbus mavjud milliy salohiyatga tayanadi, jumladan data markazlariga kiritilgan olti milliard dollar investitsiya yoki amalda faoliyat yuritayotgan “E-permit” tizimi bunga misol bo‘la oladi.
Umuman olganda, Turkistonda bo‘lib o‘tgan sammit TDT doirasida O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosiy doktrinasiga xos bo‘lgan tamoyilni izchil amalga oshirayotganini ko‘rsatdi. Mazkur tamoyil ko‘p vektorli hamkorlikni aniq mexanizmlar bilan mustahkamlash hamda uni TDT makonining barqaror mintaqaviy rivojlanishiga aylantirish qobiliyatini o‘z ichiga oladi. Shu tariqa Tashkilot tobora ko‘proq qardosh davlatlar o‘rtasidagi savdo iqtisodiy, yuqori texnologik, raqamli hamda madaniy gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi maydonga aylanib bormoqda.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.