2025-yil Rossiya va Afg‘oniston o‘rtasidagi diplomatik aloqalarda yangi bosqichni boshlab berdi. 17-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi Tolibon harakatini rasmiy ravishda terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Shu yilning may va iyun oylarida Qozon hamda Sankt-Peterburg shaharlarida bo‘lib o‘tgan biznes forumlar yakunida Rossiya Afg‘oniston fuqarolari uchun mehnat bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytirdi. 1-iyul kuni Tolibon harakatining vakili Gul Hasan Moskvaga elchi maqomida tashrif buyurib, o‘z diplomatik faoliyatini boshladi.
Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulovning bayonotiga ko‘ra, Moskva joriy yilning kuzida “Moskva formati” doirasida yettinchi turdagi maslahatlashuvlarni o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Rossiya tomonining ta’kidlashicha, “Afg‘oniston ushbu formatda to‘laqonli ishtirokchi maqomida qatnashadi”. Elchi darajasidagi diplomatik vakilni akkreditatsiya qilish va xalqaro formatda ishtirok etishga doir bunday bayonotlar Tolibon hokimiyatini xalqaro huquq subyekti sifatida tan olish jarayonining bosqichma-bosqich boshlanishi sifatida talqin etilishi mumkin.
Rossiya va Afg‘oniston o‘rtasidagi yaqinlashuv, avvalo, iqtisodiy manfaatlar bilan bog‘liq bo‘lsa-da, xavfsizlik masalalari ham muhim o‘rin tutadi. Terrorizmga qarshi kurash doirasida Rossiya hukumati Afg‘onistonga harbiy texnika va qurol-yarog‘ yetkazib berishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Bu esa ikki tomonlama munosabatlarda yangi yo‘nalish – harbiy-texnik hamkorlikni shakllantiradi. Qurol-aslaha eksporti Rossiyaning tashqi siyosatida muhim o‘rin egallab, uni boshqa davlatlardan ajratib turuvchi strategik yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Kelgusida bu hamkorlik harbiy-sanoat komplekslari darajasida rivojlanib, ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlaydi hamda Afg‘onistonning tashqi siyosiy e’tiborini Moskvaga yo‘naltirishi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.