Azamat Seitov va JIDU talabasi Fayziddin Qutbidinovning maqolasi diniy muassasalarning tashqi siyosat borasidagi jamoatchilik fikrini shakllantirishdagi roliga bag‘ishlangan. Mualliflar dinni nafaqat ma’naviy soha, balki qadriyatlar, xulq-atvor me’yorlari, jamoaviy o‘ziga xoslik va ijtimoiy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatuvchi muhim ijtimoiy institut sifatida ham talqin qiladi. Nazariy jihatdan maqola Emil Dyurkgeym va Per Burdening yondashuvlariga tayanadi. Bu yondashuvlar dinni bir vaqtning o‘zida ham ijtimoiy birdamlik mexanizmi, ham o‘zining nufuzli shaxslari, resurslari va ramziy kapitaliga ega bo‘lgan alohida ijtimoiy maydon sifatida ko‘rib chiqish imkonini beradi.
Maqolada islom dini, avvalambor, an’anaviy sunniylik va moturidiya ta’limoti doirasida jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadigan O‘zbekistonga alohida e’tibor qaratilgan. Mualliflarning ta’kidlashicha, masjidlar va diniy idoralar nafaqat diniy marosimlarni ado etish, balki ijtimoiy-kommunikativ vazifani ham bajaradi: ular umumiylik tuyg‘usini mustahkamlaydi, axloqiy tamoyillarni singdiradi va ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni tushuntirish uchun vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, davlat diniy soha bilan o‘zaro hamkorlikning barqarorlikni ta’minlash, radikallashuvga qarshi kurashish va siyosiy tizimning dunyoviy xususiyatini saqlab qolishga xizmat qiladigan modelini qo‘llab-quvvatlashga intiladi.
Maqolada, shuningdek, diniy diskursning tashqi siyosat kun tartibi bilan aloqasi ham ko‘rib chiqilgan. Mualliflar aholi orasida ishonch qozongan diniy arboblar xalqaro voqealarni, ayniqsa, musulmon dunyosidagi mojarolar bilan bog‘liq nozik mavzularni hissiy va radikal talqin qilishning oldini olishda muhim rol o‘ynashi mumkinligini qayd etadi. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi diniy muassasalar, qoida tariqasida, xalqaro kun tartibini mustaqil ravishda siyosiylashtirishdan qochib, asosiy e’tiborni davlatning rasmiy pozitsiyasini o‘zaro kelishilgan va mas’uliyat bilan qabul qilishga qaratishi ta’kidlanadi.
Umuman olganda, maqola diniy muassasalar ijtimoiy barqarorlik hamda davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotning muhim elementi bo‘la olishini ko‘rsatadi. Mualliflar dunyoviy boshqaruv tamoyili saqlanib qolgan taqdirda, diniy institut ijtimoiy jipslikni mustahkamlash, ekstremistik g‘oyalarga qarshi turish va xalqaro siyosatning asosiy voqealariga nisbatan vazmin jamoatchilik munosabatini shakllantirishga hissa qo‘sha oladi, degan xulosaga keladi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.