Odilbek Manabovning mustaqil tadqiqotchi Farrux Yunusxo‘jayev bilan hammualliflikda yaqinda e’lon qilingan maqolasida Markaziy Osiyo elektr energetikasi sohasi duch kelayotgan tizimli muammolar hamda yagona mintaqaviy elektr energiyasi bozorini shakllantirish istiqbollari ko‘rib chiqilgan. Mualliflar Markaziy Osiyoda elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish o‘rtasida mavsumiy nomutanosiblik saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratadilar: gidroenergetikaga bog‘liq bo‘lgan Qirg‘iziston va Tojikiston qish mavsumida taqchillikka duch kelsa, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston buning o‘rnini to‘ldiruvchi issiqlik elektr stansiyalari quvvatlariga ega.
Milliy energiya tizimlari jismonan o‘zaro tutashgan bo‘lishiga qaramay, transchegaraviy elektr energiyasi savdosi mintaqaviy talabning atigi 3 foizini tashkil etadi, xolos. Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilga borib elektr energiyasi iste’moli taxminan 40 foizga oshishini inobatga olgan holda, maqolada mintaqaviy muvofiqlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda elektr energiyasi savdosining yanada samarali mexanizmlarini joriy etish ahamiyati ortib borayotgani ta’kidlanadi.
Bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan “Energiya” Muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazining (MDM) mintaqaviy elektr energiyasi bozori integratsiyasiga ko‘maklashishdagi salohiyatli o‘rniga alohida e’tibor qaratilgan. Mualliflar Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan va elektr energiyasi savdosi bo‘yicha tajriba-sinov tariqasidagi mintaqaviy platformani yaratishni ko‘zda tutuvchi “Mintaqaviy elektr energiyasi bozorida o‘zaro bog‘liqlik va savdo” (REMIT) dasturini tahlil qiladilar. Ular mazkur platformaning samarali ishlashi uchun zarur bo‘lgan institutsional, me’yoriy-huquqiy va texnik shart-sharoitlarni, jumladan, shaffof bozor qoidalari, tijoriy hisob-kitob mexanizmlari, elektr energiyasini uzatishning ishonchli infratuzilmasi hamda dispetcherlik muvofiqlashtiruvini tijoriy bozor funksiyalaridan ajratish masalalarini baholaydilar.
Maqolada mintaqaviy elektr energiyasi bozori energetika xavfsizligini sezilarli darajada oshirishi, tizimli xarajatlarni kamaytirishi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari integratsiyasiga xizmat qilishi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashi mumkinligi haqida xulosa qilinadi. O‘zbekiston uchun istiqbolli mintaqaviy bozor operatorining o‘z hududida joylashtirilishi Toshkentning energetika va iqtisodiy integratsiya sohasidagi mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi sifatidagi mavqeyini mustahkamlash imkoniyatini ochadi. Shunga qaramay, mualliflar ushbu tashabbusning muvaffaqiyati barqaror davlatlararo hamkorlik, institutsional islohotlar hamda elektr energetikasi infratuzilmasiga yo‘naltirilgan muvofiqlashtirilgan investitsiyalarga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlaydilar.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.