Muallif: Mubina Xo‘jayeva, JIDU magistratura talabasi, IXTI amaliyotchisi
2026-yil fevral oyining oxirida AQSh va Isroil tomonidan Eronga qarshi o‘tkazilgan harbiy operatsiya Yaqin Sharqdagi keskinlikning yangi bosqichiga sabab bo‘ldi hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (OTM) davlatlarining qatorida muayyan reaksiyalarni yuzaga keltirdi. Operatsiyaning e’lon qilingan maqsadlari Eron tomonidan yadro quroli ishlab chiqilishining oldini olish va strategik muvozanatni o‘zgartirish kuch ishlatishning bir tomonlama qo‘llanishi mumkinligi hamda uning mintaqaviy barqarorlikka ta’siri haqidagi bahslarni olib keldi. Umuman olganda, Osiyo-Tinch okeani mintaqasining ba’zi davlatlari diplomatik bayonotlar va deeskalatsiyaga chaqiriqlar bilan cheklanib qolmoqda.
Eng aniq ifodalangan pozitsiyani Xitoy namoyish etdi. 2026-yil 2-mart kuni XXR tashqi ishlar vaziri Van IEronning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan holda harbiy harakatlarni to‘xtatish zarurligini ta’kidladi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning ham mojaroning yanada tarqalish xavfi va xalqaro huquq me’yorlariga rioya qilish zarurligini ta’kidladi. Bunday munosabat Pekinning BMT Xavfsizlik Kengashi mandatisiz kuch ishlatishni nomaqul deb biluvchi an’anaviy pozitsiyasini aks ettiradi. Shu bilan birga, bu yondashuv Xitoyning pragmatik manfaatlari bilan ham bog‘liq bo‘lib, Eron yo‘nalishining mamlakat energetik xavfsizligi uchun ahamiyati katta hisoblanadi. Xitoylik tahlilchilar esa mojaroning kuchayishi AQShning strategik resurslarini boshqa mintaqalardan chalg‘itishi mumkinligini ta’kidlab, bu holat Pekin uchun xalqaro maydonda o‘z diplomatik tashabbuslarini ilgari surish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi ehtimolini qayd etadilar.
Yaponiya vazminroq pozitsiyani egalladi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi vaziyatning rivojlanishidan xavotir bildirib, energiya ta’minoti barqarorligi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni ta’kidladi. Bosh vazir Sanae Takaichi Tokioning Eron tomonidan yadro quroli ishlab chiqilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha o‘zgarmas pozitsiyasini tasdiqladi va inqirozni diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarurligini qayd etdi. Shu bilan birga, Yaponiya rahbariyati AQSh harakatlariga nisbatan ochiq tanqid bildirmadi, bu esa ittifoqchilik majburiyatlari va o‘z iqtisodiy manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga intilishni aks ettiradi. Biroq, yaponiyalik tahlilchilarning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi davom etayotgan beqarorlik Tokioning energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va mintaqadan yetkazib berishga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini tezlashtirishi mumkin.
Vaziyatga nisbatan tanqidiy bahoni Malayziya bildirdi. Parlament muhokamalari chog‘ida bosh vazir Anvar Ibrohim AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Isroil harakatlarini xalqaro tartibning buzilishi sifatida baholadi. Bu yondashuv Kuala-Lumpurning suverenitet va xalqaro huquq tamoyillariga urg‘u berishga asoslangan an’anaviy tashqi siyosiy yo‘nalishini aks ettiradi. Malayziyalik tahlilchilar mamlakat pozitsiyasi ko‘p jihatdan Falastin masalasiga nisbatan jamiyatdagi kuchli jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovi bilan bog‘liqligini qayd etadilar. Ushbu masala mamlakat ichki siyosiy muhokamalarida muhim o‘rin egallaydi, Yaqin Sharqdagi inqiroz sharoitida musulmon davlatlari bilan siyosiy birdamlikni namoyon etadi.
Indoneziya mazkur vaziyatga nisbatan faolroq diplomatik yondashuvni namoyon etdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar jarayonining muvaffaqiyatsizlikka uchragani munosabati bilan afsus bildirdi, biroq tomonlarning birortasiga bevosita javobgarlik yuklamadi. Shu bilan birga, prezident Prabowo Subianto Indoneziyaning muloqotga ko‘maklashish va ehtimoliy vositachilik rolini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Mamlakatdagi eng yirik musulmon tashkiloti Nahdlatul Ulama vakillari ham zo‘ravonlikni to‘xtatish va diplomatik sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqirdilar. Tashkilotning Indoneziya jamiyatidagi sezilarli ta’siri hamda xalqaro islomiy institutlar bilan aloqalarini hisobga olganda, u mojaro tomonlari o‘rtasida qo‘shimcha muloqot kanali sifatida ham xizmat qilishi mumkin. Nahdlatul Ulama tomonidan Eronga nisbatan ehtimoliy qo‘llab-quvvatlash asosan diniy omil bilan izohlanadi, chunki tashkilot xalqaro inqirozlar sharoitida musulmon davlatlari bilan birdamlikni namoyon etishga moyildir. Biroq indoneziyalik tahlilchilar Jakartaning bunday tashabbusi mojaroning asosiy ishtirokchilariga ta’sir ko‘rsatish uchun yetarli siyosiy va strategik vositalarga ega emasligini ta’kidlab, bu holat vositachilik rolini amalga oshirishni murakkablashtirishi mumkinligini qayd etadilar.
Umuman olganda, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlarining reaksiyalari ritorikada muayyan farqlarga ega bo‘lsa-da, ularni ehtiyotkorlik va Yaqin Sharqdagi inqiroziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilinishga cheklangan tayyorlik birlashtiradi. Bir tomondan, mintaqa davlatlari energiya bozorlari va savdo yo‘llari barqarorligini saqlab qolishdan manfaatdor. Ikkinchi tomondan, mojaroda ishtirok etish bilan bog‘liq siyosiy xavflardan qochishga intiladi. Ehtimol, yaqin kelajakda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari o‘z ishtirokini bayonotlar, vositachilik tashabbuslari va xalqaro tartibga solish mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlash bilan cheklab, asosan diplomatik javob shakllariga amal qilishda davom etadilar
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.