“Tolibon” hukumati Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini ishga tushirdi. Kobul savdo, tranzit va transport aloqalari sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi muloqot maydonidan foydalanishni hamda bu jarayonda o‘zaro harakatlarni muvofiqlashtirishga erishishni maqsad qilgan. Bu O‘zbekiston tashabbusi bilan 2025-yilda tuzilgan Afg‘oniston bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari maxsus vakillarining Mintaqaviy aloqa guruhining joriy kun tartibi bilan hamohangdir. 2026-yil 16-fevralda Ostona (Qozog‘iston) shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu formatdagi navbatdan tashqari yig‘ilishda ishtirokchilar afg‘on masalasiga nisbatan muvofiqlashtirilgan va mustaqil yondashuv zarurligini ta’kidladilar. Aftidan, uning negizida Afg‘onistonni tahdidlar manbai o‘rniga imkoniyatlar mamlakati sifatida qabul qilish haqidagi, mintaqaning deyarli barcha davlatlari tomonidan qabul qilingan va qo‘llab-quvvatlangan narrativ yotibdi. “Tolibon” ham ayni shu yo‘ldan borishga va Markaziy Osiyodagi hamkorlari bilan o‘zaro strategik manfaat kasb etuvchi masalalar yuzasidan jamoaviy muloqot olib borishga tayyor. Kobulda olti tomonlama uchrashuvning o‘tkazilgani buning yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.
Afg‘oniston tomoni o‘z iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga e’tibor qaratib, mintaqaviy integratsiyaning pragmatik modelini yoqlamoqda. Savdo nomutanosibligini bartaraf etgan holda Markaziy Osiyo respublikalari bilan tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Zero, 2,7 milliard dollarlik joriy savdo hajmida Afg‘oniston eksportining ulushi, 2025-yilda qariyb ikki baravar o‘sganiga qaramay, hatto 10 foizga ham yetmaydi.
Tranzit hamkorligi Afg‘oniston va Markaziy Osiyo iqtisodiy integratsiyasining muhim tarkibiy qismi sanaladi. Kobul mamlakatni transkontinental logistikaning muhim tuguniga aylantirishi lozim bo‘lgan transport kommunikatsiyalari sohasidagi infratuzilma loyihalarini tezroq amalga oshirishdan juda manfaatdor. O‘zbekiston “Kobul yo‘lagi” va “Surxon–Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘ini qurish tashabbusiga boshchilik qilmoqda, Qozog‘iston “To‘rg‘undi–Hirot” temiryo‘l liniyasini qurib, uni kelajakda Afg‘onistonning g‘arbiy viloyatlari orqali Pokistongacha uzaytirish niyatida, Turkmaniston Janubiy Osiyo yo‘nalishida TAPI gaz quvurini yotqizish jarayonini faollashtirdi. Shuningdek, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikistondan elektr energiyasini eksport qilishga qaratilgan TAP va CASA-1000 loyihalari ham ustuvorligicha qolmoqda.
Bunday faollik Afg‘oniston taraqqiyotiga uzoq muddatli sarmoya kiritishga intilishni namoyon etadi, biroq ayni paytda manfaatdor tomonlardan Kobul bilan savdo-tranzit hamkorligi masalalari bo‘yicha ham, kelajakdagi infratuzilma xavfsizligini ta’minlash borasida ham muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qiladi. Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiyning maslahat muloqoti chog‘ida hamkasblari oldida ilgari surgan bir qator takliflari aynan shu jihatga daxldor edi. Rasmiy bayonotlarga qaraganda, “Tolibon” nafaqat Afg‘oniston orqali xalqaro yuk tashish va energetika yo‘laklarini shakllantirishdan, balki ularning bir-birini to‘ldiruvchi samarasiga erishishdan ham manfaatdordir. Shu nuqtayi nazardan, Afg‘oniston tomoni qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda yagona yondashuvning dolzarbligini ta’kidladi va bu, shubhasiz, Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan ijobiy kutib olinadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.