O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi bosqich: Pokistonda oliy darajada qabul qilingan davlat tashrifi tahlili

Sharh

07 Fevral 2026

Ulashish

O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi bosqich: Pokistonda oliy darajada qabul qilingan davlat tashrifi tahlili

Muallif: Zulxumor Maxmudova, JIDU tayanch doktoranti

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida mintaqalararo integratsiya va muqobil transport-logistika yo‘nalishlarini shakllantirish ustuvor yo‘nalishga aylandi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida kuzatilgan yuqori darajadagi diplomatik protokol va siyosiy e’tibor ushbu munosabatlarning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Pokiston harbiy-havo kuchlari tomonidan davlat rahbari samolyotining eskort qilinishi hamda uni bir vaqtning o‘zida Pokiston prezidenti va bosh vaziri tomonidan kutib olinishi oddiy diplomatik rasmiyatchilik emas, balki chuqur geosiyosiy mazmunga ega ramziy ishora sifatida baholanishi lozim.

Pokiston parlament respublikasi bo‘lib, real ijro hokimiyati bosh vazir qo‘lida jamlangan, prezident esa asosan ramziy va vakillik funksiyalarini bajaradi. Shu sababli xorijiy davlat rahbarini bir vaqtning o‘zida prezident va bosh vazir tomonidan kutib olinishi protokol amaliyotida kam uchraydigan holat hisoblanadi. Bu holat bir nechta muhim siyosiy ma’nolarni anglatadi. Birinchidan, tashrifga davlat darajasida maksimal siyosiy og‘irlik berilayotganini ko‘rsatadi. Ikkinchidan, Pokiston ichki siyosiy institutlarining O‘zbekiston bilan yaqinlashuv masalasida konsensusga kelganini ifodalaydi. Uchinchidan, bu tashqi hamkorlarga O‘zbekiston bilan aloqalar vaqtinchalik hukumat tashabbusi emas, balki uzoq muddatli strategik yo‘nalish ekanini anglatadi. Shuningdek, harbiy eskort amaliyoti O‘zbekiston prezidentining Pokiston tomonidan strategik darajadagi sherik sifatida qabul qilinayotganini va xavfsizlik masalalarida alohida ishonch bildirilayotganini ko‘rsatadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Qurolli Kuchlari rahbariyati bilan, xususan, quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuvi O‘zbekiston tashqi va xavfsizlik siyosatida yangi strategik yo‘nalish shakllanayotganidan dalolat beradi. Ushbu muloqot O‘zbekistonning an’anaviy xavfsizlik hamkorlari doirasidan chiqib, harbiy-siyosiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga intilayotganini ko‘rsatadi. Uchrashuvning Pokistonning yetakchi mudofaa-sanoat majmuasi bazasida o‘tkazilishi hamkorlikning faqat siyosiy-diplomatik emas, balki harbiy-industrial komponentga ega ekanini anglatadi. Bu esa O‘zbekistonning mudofaa salohiyatini tashqi texnologiyalar, tajriba va ishlab chiqarish kooperatsiyasi orqali mustahkamlashga qaratilgan pragmatik yondashuvini aks ettiradi. Xalqaro munosabatlar nazariyasida bunday yondashuv “cheklangan muvozanatlash” (soft balancing) strategiyasi sifatida talqin qilinadi. Ya’ni, O‘zbekiston mintaqaviy xavfsizlik tizimida biror harbiy blokka qo‘shilmasdan, ammo muhim davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish orqali o‘z strategik mustaqilligini mustahkamlamoqda. Harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi ushbu yo‘nalishning epizodik emas, balki institutsional va uzoq muddatli xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi.

Pokiston tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dor bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi. Strategik hamkorlik kengashining tashkil etilishi va tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida doimiy muvofiqlashtiruvchi mexanizmlarning joriy etilishi ikki davlat aloqalarini shaxsiy diplomatiya doirasidan chiqarib, barqaror institutlar asosiga o‘tkazmoqda. Xalqaro amaliyotda bunday institutlashuv jarayoni ikki tomonlama munosabatlarning “strategik sheriklik” darajasiga o‘tganidan dalolat beradi. Bu O‘zbekiston uchun ayniqsa muhim, chunki Janubiy Osiyo yo‘nalishi mamlakat tashqi siyosatida nisbatan yangi, ammo geosiyosiy jihatdan istiqbolli hudud hisoblanadi. Mazkur institutlashuv O‘zbekistonning tashqi siyosiy manevr imkoniyatlarini kengaytiradi, mintaqalararo diplomatiyada (Markaziy va Janubiy Osiyo tutashuvi) faolroq subyektga aylanishiga xizmat qiladi hamda davlatlararo munosabatlarda barqarorlik va prognoz qilinuvchanlikni ta’minlaydi.

O‘zbekiston–Pokiston iqtisodiy munosabatlarining hozirgi bosqichi miqdoriy o‘sishdan sifat jihatidan chuqurlashuv bosqichiga o‘tish bilan tavsiflanadi. O‘zaro savdoning kengayishi va investitsiya loyihalari portfelining shakllanishi ikki davlat iqtisodiy manfaatlarining tobora yaqinlashayotganidan dalolat beradi. Geoiqtisodiy nuqtai nazardan, Pokiston O‘zbekiston uchun Hind okeani mintaqasiga chiqish eshigi hisoblanadi. Shu sababli savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish rejalari nafaqat iqtisodiy, balki strategik xarakterga ega. Imtiyozli savdo bitimi, logistika xarajatlarini kamaytirish va texnik to‘siqlarni bartaraf etish O‘zbekistonning eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi. 3,5 milliard dollarlik investitsiya portfeli esa ikki tomonlama hamkorlikning uzoq muddatli, kompleks va institutsional asosda rivojlanayotganini ko‘rsatib, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini Janubiy Osiyo sarmoyadorlari uchun oshiradi. Transport-logistika masalalari O‘zbekiston–Pokiston strategik hamkorligining markaziy elementi hisoblanadi. Transafg‘on temir yo‘li loyihasi O‘zbekiston tashqi iqtisodiy strategiyasida muhim geosiyosiy vazifani bajaradi — mamlakatni dengiz portlari bilan bog‘lash orqali uning tranzit va savdo imkoniyatlarini tubdan kengaytirish.

Xalqaro munosabatlar nuqtai nazaridan, bu loyiha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi “geosiyosiy uzilish”ni bartaraf etishga qaratilgan mintaqaviy bog‘liqlik tashabbusi sifatida baholanadi. Pokistonning ushbu jarayondagi roli O‘zbekiston uchun muqobil va nisbatan barqaror transport yo‘laklarini shakllantirish imkonini beradi. Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish tashabbuslari esa integratsiyaning faqat markaziy hukumatlar darajasida emas, balki submilliy darajada ham mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi, bu esa iqtisodiy barqarorlikni oshiradi. Gumanitar va madaniy hamkorlik esa O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining muhim, ammo yordamchi komponenti bo‘lib, u siyosiy va iqtisodiy yaqinlashuvni ijtimoiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi. Ziyorat turizmi, madaniy almashinuvlar va tarixiy merosga oid qo‘shma loyihalar ikki davlat o‘rtasida ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish vositasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.Xalqaro munosabatlar nazariyasida bu jarayon “yumshoq kuch” mexanizmi orqali strategik sheriklikni legitimlashtirish vositasi sifatida qaraladi. Tarixiy-mushtarak merosga tayanish O‘zbekiston tashqi siyosatining sivilizatsion va madaniy asoslarini kuchaytirib, munosabatlarga uzoq muddatli barqarorlik beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga tashrifi O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarini faqat ikki tomonlama hamkorlik darajasida emas, balki mintaqaviy va global siyosiy sharoit bilan bog‘liq strategik hodisa sifatida ko‘rsatdi. Dunyo bo‘ylab energiya narxlari o‘zgarishi, transkontinental savdo yo‘llari raqobati va mintaqaviy xavfsizlik muammolari ortib borayotgan bir pallada, ushbu tashrif O‘zbekistonning o‘z iqtisodiy va xavfsizlik manfaatlarini himoya qiluvchi yangi muloqot formatini shakllantirishiga imkon berdi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.